Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pokrovsk nazorati kimda? | “Geosiyosat”
Rossiya armiyasi Pokrovskda ustunlikka erishyapti, ukrainlar esa shaharning muayyan qismlarida mudofaani davom ettiryapti. Ammo shahar uchun jang burilish nuqtasiga yetgani aniq bo‘lib ulgurgan. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar urushning eng qaynoq frontidagi vaziyatni muhokama qilishdi.
— Jiddiy to‘qnashuvlar davom etayotgan Pokrovskda vaziyat qanday?
Anvar Yo‘ldoshev: Shu oy boshidan Pokrovskdagi Ukraina qurolli kuchlari shaharni deyarli tark etdi va asosan Dimitrovani himoya chizig‘i sifatida tanladi. Hozir Pokrovskning katta qismi Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tgan. Bu holatni nafaqat mahalliy aholining o‘zi, balki Ukraina harbiy rahbariyatining bir qismi ham tan olyapti. O‘tgan haftada aytganimdek, Pokrovsk amalda yo‘qotilgan – hozir shaharda tozalash operatsiyasi olib borilmoqda. Pokrovskning ayrim hududlarida oz sonli 37- va 25-diviziyaning parchalanib qolgan qismlari qolgan. Asosiy kuchlar esa Dimitrovaga chekingan.
Shaharning o‘zida katta harbiy guruhlar qolmagan — faqat alohida jangchilar yashirin holatda bo‘lishi mumkin, ularning bir qismi esa hozir taslim bo‘lyapti. Asirga tushayotgan askarlarning o‘zlari ham shuni tasdiqlayapti: ularning ta’minoti uzilgan, oziq-ovqat ham, qurol-yarog‘ ham, yordam ham yetib bormayapti. Ular rahbariyat tomonidan tashlab ketilganini aytmoqda. Xulosa qilib aytganda, Pokrovsk amalda Rossiya nazorati ostiga o‘tgan, janglar esa faqat kichik nuqtalarda davom etmoqda.
Shuhrat Rasul: Pokrovsk atrofida juda g‘alati vaziyat yuzaga kelgan. Eng qizig‘i shundaki, Rossiya ommaviy axborot vositalari hali rasmiy ravishda “Pokrovsk qo‘lga olindi” deb e’lon qilgani yo‘q. Rossiya axborot manbalarini muntazam kuzatib boraman: internet nashrlaridan tortib, telekanallargacha. Hatto Solovyov va Skabeyeva kabi propagandachilar ham hozircha Pokrovsk to‘liq egallangani haqida gapirmayapti. Shuningdek, Ukraina ham rasmiy ravishda “Pokrovsk yo‘qotildi” deb aytmagan. Rasman, janglar hali ham davom etmoqda.
Biz avval ham aytganimizdek, ayni yo‘nalishda Rossiya askarlari soni taxminan o‘n baravar ko‘p. Zelenskiy bir necha kun oldin shunday bayonot berdi: “Pokrovskni himoya qilish yoki uni tark etish masalasini harbiy rahbariyatning o‘zi hal qiladi”. Shunga qaramay, general Sirskiy Pokrovskni topshirish haqida ochiq gapirmayapti. Ehtimol ular dekabr boshiga mo‘ljallangan uchinchi mudofaa chizig‘ini mustahkamlashni kutyapti va shundan so‘ng rejalashtirilgan holda chekinish ehtimoli bor.
Ammo shuni ham unutmaslik kerak: agar Rossiya Pokrovskni to‘liq egallagan taqdirda ham, bu 2022 yil oktyabrdan 2025 yil avgustigacha bosib olingan hudud foizini sezilarli darajada o‘zgartirmaydi. Pokrovsk – bitta tuman markazi xolos. Bu muvaffaqiyat Rossiya natijasini 1 foizdan 2 foizga oshirib qo‘ymaydi (DeepState monitoring guruhi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil 12 noyabrdan 2025 yil avgustgacha Rossiya qo‘shinlari yana ~5 842 km² hududni egallagan, bu Ukrainaning umumiy hududining taxminan 0,97 foiziga teng.)
Rossiya armiyasining maqsadi – butun Donbassni, jumladan viloyat markazlarigacha egallash. Rossiya propagandistlari “Z-blogerlar” ochiqchasiga shuni aytmoqda: “Donbassni olish uchun kamida yana uch yil va 1,5 million qurbon kerak bo‘ladi”. Ularning fikricha, bu urush davomida hal qiluvchi yutuqlarga erishish uchun qanchalik katta resurslar talab etilishi oydinlashib bormoqda.
Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025