Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston OTB bilan kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini ishlab chiqmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda 15 mlrd dollarlik loyihalar portfeli doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shu jumladan infratuzilma, “yashil” energetika, ta’lim va xususiy sektorni qamrab olgan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 noyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat avvalida OTB rahbari strategik sheriklikning 30 yilligi, shuningdek, 2025–2026 yillarda bank Boshqaruvchilar kengashiga raislik O‘zbekistonga o‘tgani munosabati bilan davlat rahbarini tabrikladi.

Uchrashuvda mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida OTB bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lib, qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshib ketgan. Shu bilan birga, “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda, suveren bo‘lmagan moliyalashtirish mexanizmlari faol joriy etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashuv chog‘ida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini ishlab chiqish va imzolash tashabbusini ilgari surdi. Ushbu dasturda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish taklif etildi:
- infratuzilmani rivojlantirish;
- texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash;
- xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish;
- kambag‘allikni qisqartirish;
- ipoteka bozorini rivojlantirish;
- xususiy sektor faoliyatini keng qo‘llab-quvvatlash.
Uchrashuvda, shuningdek, OTB Boshqaruvchilar kengashining 2026 yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston tomoni bu tadbirni bank bilan kengaytirilgan strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim maydon sifatida qarayotgani ta’kidlandi.

OTB prezidenti Masato Kando mamlakatdagi keng ko‘lamli yangilanishlarni yuqori baholadi va Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshirishga bank tomonidan har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Mavzuga oid
15:41
BAA kompaniyalari O‘zbekistonda yangi quyosh, shamol va GES loyihalarini amalga oshiradi
13:20
O‘zbekiston 2035 yilga qadar zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirish majburiyatini oldi
13:20
2030 yilgacha 17 ming MVtdan ortiq «yashil» energiya quvvatlari ishga tushiriladi
13:18