Jamiyat | 20:03 / 20.11.2025
14623
7 daqiqa o‘qiladi

Quruvchi qamoqda, uy taqiqda. 147 oila to‘rt yildan beri sarson

Mirzo Ulug‘bek tumanida “System Metall Stroy”ning “Prestige” loyihasi muammolar botqog‘iga botib qolgan. Quruvchi tashkilot bankrotlik yoqasida, uning egalari esa qamoqda, qurilishi chala qolgan uyning o‘zi kredit uchun garovda – muammolar shu qadar ko‘p va chalkashib ketganki, jabrlanuvchilar qayerdan najot izlashni ham bilmay sarson.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bundan 7-8 yil avval “snos” masalalari avj olib, odamlar buzilgan uylari uchun pul ololmay sarson qilingan bo‘lsa, bugun yangi uylarga pul to‘lab qo‘yib, na uyni va na pulini qaytarib ololmay yurgan odamlarning oh-vohlari tarmoqlarni tutmoqda.

Ana shunday muammolardan yana biri Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘y ko‘rsatmoqda. “System Metall Stroy” MChJning “Prestige” loyihasiga to‘lov qilgan fuqarolarning sabr kosasi to‘lgan, chunki qurilish chala qolgan, quruvchilar esa qamoqda.

Shu uyga to‘lov qilgan fuqaro Go‘zal Ernazarova qurilish bitmagan df quruvchilarga nisbatan jinoiy ish ochilgan bir pallada, uy garovga qo‘yilib katta miqdorda kredit olinganini aytdi:

2021 yilda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Quva-9 ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy uchun oxirgi pulimizni to‘laganmiz. Biz oddiy xalqmiz. Lekin mana yaqinda 2026 yil keladi, hali-hanuz uyimiz yo‘q.

Hozirgi kunda bizning ishimiz sudda ham, Bosh prokuraturada ham, Ichki ishlar vazirligida ham yo‘q. Qayta-qayta savollar bilan chiqyapmiz ishimizni so‘rab. (2025 yil) 18 avgust kuni ayblov xulosasi e’lon qilingan, tergov tugatilgan, vazirlikka borib imzolaganmiz. Lekin o‘shandan beri haligacha ish sudga chiqqani yo‘q. Quruvchilar 2024 yil 15 avgustda Infinbank Uchtepa filialidan 2,5 mlrd so‘m kredit olishgan. U kreditlarni bizning uyimizni bitirish uchun ishlatishmagan. Taqiqda turgan uyni garov sifatida olgan holda chiqarilgan kredit va buni bergan mutasaddilarning harakatlarida hech qanday jinoyat alomatlari yo‘q emish. 91 mlrdlik uyni 2,5 mlrd evaziga garovga qo‘yib, hech kimning roziligisiz kredit olishgan”.

Murojaatchilarga ko‘ra, ular tergov jarayonlarida ham bu kredit sabab qo‘yilgan taqiq haqida biror marta ogohlantirilmagan.

Ayni vaziyatda sanatsiya qo‘llangan. Sanatsiya – bu kompaniyaning faoliyatini tiklab, ishni oxiriga yetkazishga qaratilgan huquqiy jarayon. U orqali sud tomonidan tayinlangan muvaqqat boshqaruvchi qurilish jarayonini nazorat qiladi. Ya’ni mijozlar manfaati uchun loyihaning yakunlanishiga imkon berilgan. Ular o‘z hisoblaridan qurilishni bitkazish niyatida. Lekin bunga uyga qo‘yilgan taqiq to‘sqinlik qilyapti.

Uyimiz 70-80 foiz bitgan. Shuni bitirish uchun oz vaqt va oz mablag‘ qolgan, bitirish uchun mablag‘imiz ham bor. Oilalar qo‘shib-chatib pul to‘layman deb turibmiz hammamiz. Bunga qarshilik bo‘layotganiga hayronmiz. Mana shuncha oila ko‘chada”, – deydi jabrlanuvchilardan biri Zulfiya Mutalova.

Uyimizga IIV tomonidan taqiq qo‘yilgan. Biz jinoyatchi emasmiz, o‘g‘rilik qilmadik. O‘z uyimizni talab qilyapmiz xolos. Bu uyda 147 ta xonadon, 147 nafar inson degani emas – 147 ta oila, bu 1000 dan ortiq inson degani. Taqiqni bankirlar qo‘yishgan, uyni auksionga qo‘yishni xohlashyapti: sotiladi, ular o‘zlarining qanchadir foizlarini olishadi. Biz esa uysiz qolamiz. 4 yildan beri shu sarsongarchilikka chidab kelyapmiz”, – deydi Taisya Fatiyanova.

Maymun biznesi”

Jabrlanuvchilar orasida ayrim imkoniyati yo‘q oilalar hali deraza-romsiz, suvsiz, birlamchi ehtiyojlar uchun ham sharoit yo‘q joyda yashashga majbur bo‘lishyapti. Chunki yashab turgan uylarini sotib, pulini yangi uy uchun to‘lashgan. Sanatsiya jarayonida qishning sovuq kunlari boshlanmasdan turib uylarni bitirib kirishlari uchun qilingan murojaatlari javobsiz qolmoqda.

O‘zim 5-6 mln oylik olaman, 2-3 mln ijaraga ketib qolyapti. Zo‘rg‘a yetkazyapman, hozir ko‘chib kelmayotganimning sababi – qish. Kichkina qizim bor, shamollab qolmasligi uchun ko‘chib kelmayapman. Agar qishdan keyin ham shunaqa bo‘lsa, oilam bilan shu ahvoldagi uyga ko‘chib kelishga majbur bo‘laman. Shu videoga ham qiynalib ketganimdan, majburligimdan chiqdim. Muhtaram prezidentdan yoki Abdulla Aripovdan yordam so‘rab qolamiz”, deydi Umidjon Mullajonov.

Shuningdek, bu yerda bir xonadonni bir nechta mijozga sotish holatlari ham bo‘lgani aytilyapti.

Kompaniya ustidan tergov

Kun.uz'ning aniqlik kiritishicha, “System Metall Stroy” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Tahririyatda mavjud ayblov xulosasida aytilishicha, kompaniya mansabdorlari 2021–2024 yillarda firibgarlik yo‘li bilan 134 nafar mijoz bilan tuzilgan 161 ta shartnoma orqali jami 91,29 mlrd so‘m o‘zgalar mablag‘larini qo‘lga kiritgan.

Bir yildan ortiq davom etayotgan tergov, uylarga qo‘yilgan taqiq, adolatli ekani shubha ostidagi garov masalasi va ikki karra sotilgan xonadonlar – barchasi mijozlarning haqli e’tirozini keltirib chiqargan.

Dom” qurilishi uchun hujjatlar bo‘lmaganmi?

Kun.uz mazkur turar joy majmuasi qurilishiga oid hujjatlar bilan qiziqib, Qurilish inspeksiyasi bilan bog‘landi.

Inspeksiya taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra ushbu qurilish obekti bo‘yicha tegishli hujjatlar mavjud bo‘lgan. Xususan, “SILVERSTONE PROJECT” MChJ buyurtmachi sifatida 2022 yil 17 fevralda 46879755-sonli ariza bilan 7 qavatli, 7 blokdan iborat turar joy binosi qurilishini ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Tubsiz chuqurlik

Quruvchi tashkilot bankrotlik yoqasida, uning egalari esa qamoqda, qurilishi chala qolgan uyning o‘zi kredit uchun garovda – muammolar shu qadar ko‘p va chalkashib ketganki, jabrlanuvchilar ayni dam qayerdan najot izlashni ham bilmay sarson.

Ularning yagona talabi, umid bilan ko‘z tikkanlari – uy-joylariga tezroq erishish.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz

Mavzuga oid