Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G20 JARda: sammit Tramp, Si va Putinsiz start olmoqda
Yoxannesburgda tarixda ilk bor Afrikada o‘tayotgan G20 sammiti boshlanmoqda, unda dunyodagi eng yirik uch davlat – AQSh, Xitoy va Rossiya rahbarlari ishtirok etmaydi. Germaniya kansleri Fridrix Mers global siyosatda ko‘p tomonlama hamkorlikni himoya qilishga tayyorlanayotgan bir paytda, sammitda Afrika rivoji, global tengsizlik va yangi kuch nisbatlari kabi masalalar asosiy kun tartibini belgilashi kutilmoqda.
Foto: REUTERS
Yoxannesburg shahrida 21–22 noyabr kunlari “katta yigirmalik” – G20 sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu tuzilmaga yetakchi sanoat davlatlari ham, rivojlanayotgan mamlakatlar ham, shuningdek ikki mintaqaviy tashkilot – YeI va Afrika Ittifoqi kiradi. Tahlilchilar ta’kidlashicha, mamlakatlar taraqqiyoti darajalari va siyosiy tuzumlarining ana shunday uyg‘unlashuvi G20’ni a’zolari ko‘zida juda qadrli qiladi, chunki ular hissasiga jahon YaIMning 80 foizidan ko‘prog‘i to‘g‘ri keladi. Ammo bu gal JARdagi sammitda uchta eng muhim davlat – AQSh, Rossiya va Xitoy rahbarlari qatnashmaydi. Bu G20 tarixida birinchi marta kuzatilyapti.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping o‘zining kelmaslik sababini tushuntirmadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Yoxannesburgga bormaydi — Xalqaro jinoiy sud (XJS) unga nisbatan hibsga olish orderi berganidan beri Putin Rim statutini (XJSni tuzgan xalqaro shartnoma) ratifikatsiya qilgan davlatlarda chet elga borganda qo‘lga olinish xavfini inobatga olishga majbur.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa, uning davrida AQSh va JAR munosabatlari sezilarli darajada yomonlashganiga qaramay, Moskva va Pekindan farqli o‘laroq, Janubiy Afrikadagi sammitga hatto biror delegatsiya ham jo‘natmayapti. Tramp bu qarorini izohlab, JARda oq fermerlar go‘yoki ta’qib qilinayotgani, mamlakat hukumati esa buning oldini olish uchun hech qanday chora ko‘rmayotganini aytgan. Oq uyda Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa bilan muzokaralar vaqtida Tramp hatto mamlakatdagi “oq tanli aholi genotsidi” haqida gapirgan, JAR hukumati bu ayblovlarni qat’iyan rad etgan.
G20 sammitida AQSh, Xitoy va Rossiya rahbarlarining yo‘qligi nima anglatadi? «Ular turli sabablarga ko‘ra bu voqelikka endilikda unchalik ahamiyat bermayotganini ko‘rsatadi, – dedi DW’ga yozma intervyusida Galle universiteti xalqaro munosabatlar professori Yoxannes Varvik. – Bu “katta yigirmalik” doirasida uzoq vaqt himoya qilib kelingan multilateralizm (ko‘p tomonlama hamkorlik) tamoyili uchun yomon signal».
Biroq GFR kansleri Fridrix Mers uchun barcha bu holatlar uyda qolish uchun sabab emas, aksincha, sammitga borish uchun qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qilmoqda. «U ko‘p tomonlama hamkorlikni muhim deb hisoblaydi va ana shu yo‘lni tanlagan. Men diqqatni doimo yo‘qlarga emas, borlarga qaratishni tavsiya qilgan bo‘lardim. G20 Germaniya hukumati uchun muhim format bo‘lgan va shundayligicha qolmoqda», – dedi rasmiy vakili Sebastian Xille.
Germaniya rasmiylari G20 uchun murakkab bo‘lgan xalqaro vaziyat haqida gapirar ekan, Berlin himoya qilayotgan hozirgi jahon tartibi savol ostiga qo‘yilayotganini qayd etmoqda. Bu tartib ayniqsa Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng jiddiy sinovga duch keldi. Shu bilan birga, “katta yigirmalik”ning o‘z ichida ham Rossiya tajovuzini qoralamagan va Moskvaga qarshi sanksiyalarda ishtirok etishdan bosh tortgan, hatto, masalan, Hindiston kabi, Rossiya neftini jahon bozoriga yetkazishda vositachi sifatida foyda ko‘rayotgan davlatlar bor.
G20 tashkil etilganidan buyon dunyodagi geosiyosiy o‘zgarishlar qatoriga Xitoyning iqtisodiy va harbiy salohiyatining ulkan o‘sishi ham kiradi. Xitoy o‘zining ortib borayotgan ta’sirini juda izchil qo‘llayapti — bu Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlashda ham, nodir yer metallari eksportini cheklashda ham yaqqol ko‘rinadi.
«Hozir biz dunyoda siyosiy vazn va kuch nisbatlarining jadal qayta taqsimlanish jarayonini boshdan kechirmoqdamiz, – deya tushuntirdi professor Yoxannes Varvik. – Ichkaridan bo‘linib ketgan siyosiy g‘arb endi ko‘p masalalarda ustun kuch emas, global janub mamlakatlari esa o‘zini ishonch bilan tutmoqda. Bu tuzilmaviy o‘zgarishlarga qaramay, G20 baribir davlatlar muloqotga qiziqishini va birgalikda nimalarga erishish mumkinligini sinab ko‘rishni istashini ko‘rsatib berdi. Asosan, hozircha hammasi shu bilan tugayapti», – deya qo‘shimcha qildi u.
Kelgusi sammit G20 tarixida ilk bor Afrikada o‘tkaziladi va mezbonlar bu holatdan maksimal darajada foyda olish niyatida. «Biz 2025 yilda G20’ga raislik qilar ekanmiz, kun tartibimiz markaziga Afrikaning rivojlanishini qo‘yamiz», – degan edi avvalroq Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa.
JAR, jumladan, rivojlanayotgan davlatlarni “yashil energetika”ga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘al mamlakatlar qarz yukini yengillashtirish tarafdori. Ekspertlar ta’kidlashicha, aynan shu kun tartibi – shuningdek go‘yoki mavjud bo‘lgan oq tanli janubiy afrikaliklar ta’qibi haqidagi iddaolar – Donald Trampning Yoxannesburgga bormaslik qarorining asosiy sabablaridan hisoblanadi.
Germaniya esa umuman boshqacha pozitsiyani egallagan. «Men, ayniqsa Afrika davlatlari bilan yanada chuqurroq muloqot olib borish imkoniyatidan foydalanaman», – dedi kansler Mers JARga uchib ketishidan oldin. U sammitga kelmaydiganlar soniga e’tibor bermagan. Sammit yakunlangach, Mers Angolaga YeI – Afrika Ittifoqi sammitiga yo‘l oladi. Germaniya hukumati bu uchrashuvni ikki qit’a o‘rtasidagi hamkorlikning muhim belgisi sifatida ko‘radi.
JARning G20’ga raisligi doirasidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri – global tengsizlikni kamaytirish. Sammitga mezbon mamlakat 2015 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ma’qullangan barqaror rivojlanish maqsadlariga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti, deb hisoblaydi.
Sammit arafasida 500 dan ortiq iqtisodchi va ekspertlar dunyoda boylikning tengsizlik bilan taqsimlanishiga qarshi kurashish komissiyasini tuzishga chaqirdi. Ular G20 davlatlari rahbarlariga yo‘llagan ochiq maktubda «moddiy ne’matlarning haddan tashqari katta qismining bir qo‘lda jamlanishi siyosiy va ijtimoiy hayotda nodemokratik darajadagi hokimiyat to‘planishiga aylanib, jamiyatga bo‘lgan ishonchni yemirishi va siyosatni qutblashtirishi»ga oid xavotirini bildirdi.
Iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Jozef Stiglits boshchilik qilayotgan ekspertlar guruhi hozircha AQSh qo‘llab-quvvatlashiga umid qilolmayapti, ammo Germaniya kansleri Mersdan yordam kutmoqda. Chunki iyun oyida Berlin dunyoda ochlikni 2030 yilga qadar tugatish, tengsizlikni kamaytirish hamda barqaror rivojlanishga erishish uchun sheriklikni mustahkamlashni maqsad qilgan «Global tengsizlikka qarshi alyans»ning ta’sischilaridan biri bo‘lgan.
G20 a’zo davlatlari o‘rtasidagi chuqur ixtiloflar tufayli Yoxannesburg sammiti yakunlariga ko‘ra umumiy qo‘shma hujjat imzolanmasligi, faqat mezbon mamlakat – JAR nomidan deklaratsiya qabul qilinishi allaqachon ma’lum bo‘lib ulgurdi.
Bu sharoitda “katta yigirmalik”ning kelajagi qanday ko‘rinyapti? «Ehtimol, BRICS+ kabi formatlar yanada katta rol o‘ynay boshlaydi. U yerda Xitoy va Rossiya g‘arbning odobga chaqiruvchi ma’ruza va nutqlarini eshitishga majbur emas. Shuningdek, o‘zgaruvchan “ko‘ngillilar koalitsiyalari” yanada ko‘payadi», – deya taxmin qildi professor Varvik.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p tomonlama hamkorlik va qoidalarga asoslangan tartib o‘rniga (Germaniya ham xuddi shunday yondashuvni himoya qiladi) «faqat pragmatik va doim o‘zgarib turuvchi minilateralizm» (ya’ni doimiy institutlarni talab etmaydigan, oz sonli davlatlar ishtirokidagi hamkorlik formati) tobora kuchayib bormoqda. «Hozirgi tendensiya shundan iboratki, biz jahon siyosatida “o‘rmon qonuni”ga qaytishni kuzatyapmiz», – deya xulosa qildi Varvik.
Shunday tendensiya Germaniya hukumati yondashuvlariga zid bo‘lsa-da, professor Varvik quyidagicha xulosa qiladi: «Germaniya kabi davlatlar uchun ko‘p tomonlama hamkorlik formatlariga tayanishdan boshqa yaxshi muqobil variant yo‘q».