Yoxannesburg şahrida 21–22 noyabr kunlari “katta yigirmalik” – G20 sammiti bölib ötadi. Bu tuzilmaga yetakçi sanoat davlatlari ham, rivojlanayotgan mamlakatlar ham, şuningdek ikki mintaqaviy taşkilot – YeI va Afrika Ittifoqi kiradi. Tahlilçilar ta’kidlaşiça, mamlakatlar taraqqiyoti darajalari va siyosiy tuzumlarining ana şunday uyğunlaşuvi G20’ni a’zolari közida juda qadrli qiladi, çunki ular hissasiga jahon YaIMning 80 foizidan köproği töğri keladi. Ammo bu gal JARdagi sammitda uçta eng muhim davlat – AQŞ, Rossiya va Xitoy rahbarlari qatnaşmaydi. Bu G20 tarixida birinçi marta kuzatilyapti.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping özining kelmaslik sababini tuşuntirmadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Yoxannesburgga bormaydi — Xalqaro jinoiy sud (XJS) unga nisbatan hibsga oliş orderi berganidan beri Putin Rim statutini (XJSni tuzgan xalqaro şartnoma) ratifikatsiya qilgan davlatlarda çet elga borganda qölga oliniş xavfini inobatga olişga majbur.
AQŞ prezidenti Donald Tramp esa, uning davrida AQŞ va JAR munosabatlari sezilarli darajada yomonlaşganiga qaramay, Moskva va Pekindan farqli ölaroq, Janubiy Afrikadagi sammitga hatto biror delegatsiya ham jönatmayapti. Tramp bu qarorini izohlab, JARda oq fermerlar göyoki ta’qib qilinayotgani, mamlakat hukumati esa buning oldini oliş uçun heç qanday çora körmayotganini aytgan. Oq uyda Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa bilan muzokaralar vaqtida Tramp hatto mamlakatdagi “oq tanli aholi genotsidi” haqida gapirgan, JAR hukumati bu ayblovlarni qat’iyan rad etgan.
G20 sammitida AQŞ, Xitoy va Rossiya rahbarlarining yöqligi nima anglatadi? «Ular turli sabablarga köra bu voqelikka endilikda unçalik ahamiyat bermayotganini körsatadi, – dedi DW’ga yozma intervyusida Galle universiteti xalqaro munosabatlar professori Yoxannes Varvik. – Bu “katta yigirmalik” doirasida uzoq vaqt himoya qilib kelingan multilateralizm (köp tomonlama hamkorlik) tamoyili uçun yomon signal».
Biroq GFR kansleri Fridrix Mers uçun barça bu holatlar uyda qoliş uçun sabab emas, aksinça, sammitga boriş uçun qöşimça omil bölib xizmat qilmoqda. «U köp tomonlama hamkorlikni muhim deb hisoblaydi va ana şu yölni tanlagan. Men diqqatni doimo yöqlarga emas, borlarga qaratişni tavsiya qilgan bölardim. G20 Germaniya hukumati uçun muhim format bölgan va şundayligiça qolmoqda», – dedi rasmiy vakili Sebastian Xille.
Germaniya rasmiylari G20 uçun murakkab bölgan xalqaro vaziyat haqida gapirar ekan, Berlin himoya qilayotgan hozirgi jahon tartibi savol ostiga qöyilayotganini qayd etmoqda. Bu tartib ayniqsa Rossiyaning Ukrainaga hujumidan söng jiddiy sinovga duç keldi. Şu bilan birga, “katta yigirmalik”ning öz içida ham Rossiya tajovuzini qoralamagan va Moskvaga qarşi sanksiyalarda iştirok etişdan boş tortgan, hatto, masalan, Hindiston kabi, Rossiya neftini jahon bozoriga yetkazişda vositaçi sifatida foyda körayotgan davlatlar bor.

















