Jahon | 07:20 / 26.11.2025
5464
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyo qahva xaritasi: kishi boshiga iste’mol bo‘yicha yetakchi mamlakatlar

Jahon qahva bozori o‘sishda davom etmoqda, biroq ushbu ichimlikni iste’mol qilish modellari dunyoning turli burchaklarida keskin farq qiladi. Shimoliy Yevropa mamlakatlari, uzoq yillik qahva an’analari va aholining yuqori daromadlari hisobidan, kishi boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol bo‘yicha mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda.

Foto: Pexels

Cafely kompaniyasi ma’lumotlariga asoslangan yangi infografika 2025 yilda kishi boshiga kunlik qahva iste’moli hajmi bo‘yicha 65 ta mamlakatni reytingga qo‘ygan holda, dunyo bo‘ylab ichimlik iste’mol qilish odatlaridagi farqlarni yaqqol namoyon etadi.

Shimoliy Yevropa hali ham global qahvasevarlik markazi bo‘lib qolmoqda. Lyuksemburg kishi boshiga kuniga 5,31 finjon ko‘rsatkich bilan jahon reytingida birinchi o‘rinni egallab, ancha yirik iqtisodiyotlarni ham ortda qoldirmoqda.

Lyuksemburgdagi bu ko‘rsatkichning sababi sifatida «kross-border»lar — mamlakatda ishlab, ammo uning hududidan tashqarida yashayotgan odamlar sonining ko‘pligi ko‘rsatiladi. Barcha ishlovchilarning deyarli yarmi (47 foiz) chet elda istiqomat qiladi va ularning kunlik qahva iste’moli Buyuk Hersoglik statistikasida hisobga olinadi.

Foto: Visual Capitalist

Ulardan sal orqada qahva madaniyati kuchliligi bilan allaqachon mashhur bo‘lgan Finlandiya va Shvetsiya turadi. Reytingdagi birinchi o‘ntalik mamlakatlarning barchasi Yevropa davlatlari bo‘lib, bu ham tarixan shakllangan ta’m-iste’mol afzalliklarini, ham xarid quvvati yuqoriligini aks ettiradi.

Absolyut hajm jihatidan katta iste’molga ega bo‘lsa-da, AQSh, Yaponiya va Braziliya kabi yirik mamlakatlar kishi boshiga hisobiga ko‘ra ancha past o‘rinlarni egallaydi.

AQShda kishi boshiga kuniga o‘rtacha 1,22 finjon qahva to‘g‘ri kelib, mamlakatni 24-o‘ringa qo‘yadi. Rivojlangan qahvaxona tarmoqlari va qahva madaniyatiga ega Yaponiyada esa o‘rtacha bir finjondan sal kam iste’mol qilinadi. Dunyodagi eng yirik qahva ishlab chiqaruvchi mamlakat — Braziliya reytingning o‘rta qismida, 18-o‘rinda joylashgan bo‘lib, kuniga kishi boshiga 1,58 finjon qahva iste’mol qilinadi. Rossiya esa kuniga kishi boshiga 0,5 finjon qahva ko‘rsatkichi bilan reytingda 46-pog‘onadan o‘rin olgan.

Reytingning quyi qismida kundalik odatlarda choy yoki boshqa ichimliklar ustuvor bo‘lgan mamlakatlar joylashgan. Hindistonda eng past iste’mol darajasi qayd etilgan — kuniga atigi 0,02 finjon, bu taxminan har yetti haftada bir finjon qahvaga teng. Afrika va Janubiy Osiyoning bir qator mamlakatlari ham odatda kuniga 0,3 finjondan kam qahva ichib, past iste’mol ko‘rsatkichlarini namoyon etmoqda.

Mavzuga oid