Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi urushlar va O‘zbekiston: “Geosiyosat”da talabalar bilan suhbat
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida dolzarb mavzular yuzasidan odatda tajribali siyosiy tahlilchilar fikr almashadi. Biroq dasturning navbatdagi soniga noodatiy yondashildi: unda xalqaro siyosatda kechayotgan jarayonlar haqida oliygoh talabalari o‘z qarashlarini bildirdi.
Ishtirokchilar – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari Sabina Latipova va G‘ayrat Maxmarayimov hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari Ulug‘bek Turg‘unov va Azamat Rahimov bo‘lishdi.
Ular Eronning Yaqin Sharqdagi ta’siri, Rossiya–Ukraina urushi va Afg‘onistondagi “Tolibon” hokimiyati haqida so‘z yuritishdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalar ishtiroki yuzasidan Kun.uz taklifini rad etdi.
— Yaqin Sharqda Eron proksi guruhlari muvaffaqiyatsizlikka uchradimi?
G‘ayrat Maxmarayimov: Eronning proksi guruhlari 1979 yilgi inqilobdan keyin shakllana boshlagan va inqilobni mintaqada yoyish, Eron manfaatlarini himoya qilish maqsadi bilan bog‘liq. Bu guruhlar bevosita Eron tomonidan qurollantirilgan, moliyalashtirilgan va tayyorlangan. Masalan, “Hizbulloh”, “Kataib Hizbulloh”, shuningdek, Afg‘onistondagi “Fotimiyon” kabi tuzilmalar shular jumlasidan. Bunday guruhlar nafaqat Yaqin Sharq, balki Afg‘oniston, Pokiston, shuningdek, hatto Saudiya Arabistoni ichkarisida ham yoyilgan.
Proksi guruhlar orqali yuritiladigan urushlar Eron uchun bir nechta ustunliklarni beradi. Birinchidan, bu Eron aholisining va armiyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘qotilishi oldini oladi. Ikkinchidan, hujumlarni bilvosita amalga oshirish orqali Eron o‘zini diplomatik jihatdan oqlash imkoniga ega bo‘ladi, ya’ni voqealarga bevosita aloqador emasdek ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda Eron proksi guruhlari sezilarli darajada kuchsizlangani kuzatilmoqda. 2024 yildan boshlab Tehronda bu guruhlarga nisbatan ishonchsizlik ortdi. Aynan o‘sha yili Eron proksi kuchlar ishtirokisiz birinchi bor Isroilga havo hujumlari uyushtirdi. Bu esa Eronning endilikda proksi tuzilmalarga to‘liq suyana olmasligining yaqqol belgisi hisoblanadi. Shu yili Xominaiy bergan intervyusida “bizda proksi guruhlar yo‘q” degan mazmundagi bayonoti ham bu tuzilmalar avvalgidek qudratli emasligini ko‘rsatadi.
Azamat Rahimov: Qisman ha, Eronning strategiyasi ma’lum darajada muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Rasmiy bayonotlarda Eron proksi guruhlari mavjud emasligi ta’kidlanadi, ammo amaliyotda bu borada hech qanday sir yo‘q – Eronning mintaqadagi proksi tarmoqlari keng tarqalgan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va uning harbiy bo‘linmasi bo‘lgan Quds kuchlari bu guruhlarni muntazam ravishda moliyalashtirib, qo‘llab-quvvatlab kelishi ham ma’lum.
Muvaffaqiyatsizlikka – 2023 yil 7 oktyabr voqealaridan, xususan, G‘azodagi keskinlikdan keyin yaqqol ko‘rina boshladi. Isroilning G‘azodagi HAMASga va Livandagi “Hizbulloh”ga bergan kuchli zarbalari proksi tuzilmalar faoliyatiga sezilarli zarar yetkazdi. Shunga qaramay, “Hizbulloh” yoki Yamandagi husiylar hanuz strategik obektlarini saqlab qolgan, jiddiy harbiy salohiyatga ega va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan kuchlar sifatida baholanmoqda. Ular zarurat tug‘ilganda Eron manfaatlariga xizmat qilishi aniq.
Eronning Yaqin Sharqda proksi guruhlarni saqlab qolishga intilishi uning mintaqaviy ambitsiyalari bilan bog‘liq. Bu ambitsiyalar o‘zgarmas ekan, Tehron chekinmaydi, proksi kuchlaridan foydalanish ehtiyoji saqlanib qoladi.
Sabina Latipova: Eron rasmiylari “Yaqin Sharqda proksi kuchlarimiz yo‘q” degan mazmunda bayonotlar berib keladi. Bunday pozitsiya strategik jihatdan qulay: turli guruhlar Erondan mustaqil qaror qabul qilayotgani haqidagi da’vo Tehronga mas’uliyatni ularga yuklash imkonini beradi. Shunga qaramay, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, Eron hozir ham proksi tuzilmalardan foydalanishni davom ettirmoqda. Ha, bu guruhlarning ayrimlari zaiflashgan, lekin ularning Eron tashqi siyosatidagi o‘rni hanuz sezilarli. Eron rahbariyati bayonotlarida ham aynan shu strategiyani ko‘rish mumkin. Masalan, oyatulloh Ali Xominaiy bir necha bor husiylarning mustaqil harakat qilishi haqida gapirgan. Bu bayonotlar Eronning bevosita javobgarlikdan qochishga urinayotganini anglatadi.
Ulug‘bek Turg‘unov: “Shia yoyi” atamasini ilk marta 2005 yilda Iordaniya qiroli tilga olgan. Ushbu konsepsiya Suriya, Iordaniya va Yamangacha bo‘lgan hududlarda shia qabilalari va guruhlarini birlashtirish, shuningdek, inqilobiy g‘oyalarni tarqatish maqsadini ko‘zlagan. Bu yondashuv nafaqat proksi kuchlarni, balki ayrim davlatlardagi shia hukumatlariga aloqador politsiya tuzilmalarini ham qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan.
So‘nggi yillarda bir qator omillar ushbu proksi guruhlarining zaiflashuviga olib keldi. Xususan, Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush, Suriyada Bashar Asad rejimining o‘zgarishi mintaqadagi kuchlar muvozanatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, 2017 yildan buyon Iroq va Suriya orqali Livanga cho‘zilgan ta’minot yo‘lining yopilishi “Hizbulloh”ning imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi. Natijada proksi tuzilmalarning ma’lum darajada zaiflashgani kuzatilmoqda.
G‘azo sektoridagi urush mobaynida Isroilning mintaqadagi harbiy va siyosiy faolligi yanada oshdi. Biroq HAMAS faqat harbiy tashkilot emas, u mafkuraviy harakat sifatida ham mavjud. Uning yetakchilari yo‘q qilingan taqdirda ham, g‘oya saqlanib qolishini ekspertlar ta’kidlab keladi. Xuddi shunday, shia proksi kuchlari ham Eron tomonidan mafkuraviy asosda shakllantirilgan. Hozirda bu guruhlarning ayrimlari zaiflashgan, yetakchilari esa Isroil tomonidan yo‘q qilinayotgan bo‘lsa-da, mafkura o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Zarurat tug‘ilganda, Eron ushbu proksi kuchlarni yana tiklashga qodir.
Suhbatni batafsil Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
19:38 / 04.12.2025
Andijon tibbiyot instituti talabalariga ijara kompensatsiyasi nega bekor qilindi?
15:43 / 03.12.2025
Oliy ta’lim tizimi faoliyatini tartibga soluvchi yangi nizom qabul qilinadi
14:25 / 03.12.2025
🔴 LIVE: Trampning elchisi yana Moskvada, Putindan qator bayonotlar | "Geosiyosat"
13:59 / 02.12.2025