Jahon | 23:31 / 28.11.2025
12823
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimiga o‘tishi kerak – Mironov

Rossiyalik deputat migrantlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi.

Foto: gov.ru

Rossiyaning «Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» partiyasi raisi Sergey Mironov Rossiyadagi migratsiya bilan bog‘liq vaziyat qat’iy choralar ko‘rishni talab qilishini aytdi.

Uning bayonoti «Rossiya 24» telekanali efirida yangradi, unda siyosatchi partiya patent tizimidan vaxta usuli foydasiga voz kechishni, migrant jinoyat sodir etgan taqdirda butun qarindosh urug‘ini deportatsiya qilishni, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini o‘rnatishni taklif qilayotganini ta’kidladi.

«Biz Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimiga o‘tishimiz kerak. Bizda shunaqa joylar borki, vatandoshlarimiz u yerdan ketishga majbur bo‘lmoqda, chunki, xalq tili bilan aytganda «kelgindilar egallab olgan», o‘z urf odatlari va qonunlari bilan yashamoqda. Ular hamma narsaga tupurib qo‘ygan», dedi Mironov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, holat bir necha qat’iy choralar ko‘rilishini talab qiladi.

«Birinchidan, ishchilar yetib keladi, ularga aholi punktida emas, obekt qurilayotgan yerda yashash joylari barpo etiladi. Ular «keldi – ishladi - pul topdi – ketdi» tamoyili bo‘yicha yashashi kerak. Ikkinchidan, agar migrantlardan kimdir jinoyat sodir qilsa, uni qonun bo‘yicha jazolash kerak, oilasini, qarindosh-urug‘ini esa zudlik bilan Rossiyadan deportatsiya qilish kerak. Va nihoyat, Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimiga o‘tishimiz kerak, menimcha, qachonlardir bunga yetib kelamiz», dedi Mironov.

U migrantlarga qarshi qat’iy choralar haqida birinchi marta bayonot berayotgani yo‘q. Avvalroq, Mironov hozirgi miqyosda va hozirgi mezonlar bo‘yicha migrantlarning ommaviy oqimini nazarda tutib, «bunday migratsiya bizga kerak emas» degan edi. Uning ta’kidlashicha, «millionlab migrantlarning» faqat kichik bir qismi ishchi, qolganlari «shaxsiy, oilaviy sabablarga ko‘ra» keladi, bu esa ijtimoiy sohaga yuk bo‘ladi.

Mavzuga oid