Jahon | 20:56 / 04.12.2025
1275
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya noqonuniy migrantlarning ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi uchun 90 kunlik dastur e’lon qildi

Dastur noqonuniy maqomga ega bo‘lgan chet elliklarga jarimalarsiz va qayta kirishni taqiqlamasdan ixtiyoriy ravishda ketish imkonini beradi.

Foto: Flickr

Janubiy Koreya noqonuniy maqomga ega bo‘lgan chet elliklar uchun jarimalarsiz va qayta kirishni taqiqlamasdan ixtiyoriy ravishda ketishning 90 kunlik maxsus dasturini ishga tushirdi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi xabar berdi.

«G‘ayriqonuniy ravishda bo‘lib turgan chet el fuqarolari uchun ixtiyoriy ravishda chiqib ketishning maxsus tartibi» 2025 yil 1 dekabrdan 2026 yil 28 fevralgacha amal qiladi. Belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda ariza topshirgan va dastur boshlanishida noqonuniy bo‘lish maqomiga ega holda mamlakatni tark etgan xorijliklar rejimdan foydalanishi mumkin.

Dastur chegarani noqonuniy kesib o‘tgan, qalbaki yoki o‘zgartirilgan pasportlardan foydalangan, jinoiy huquqbuzarlik sodir etgan yoki chiqish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajarmagani uchun majburiy deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan chet elliklarga taalluqli emas. Dastur 1 dekabrdan keyin, ya’ni uning amal qilish davrida noqonuniy maqomga o‘tganlarga ham tatbiq etilmaydi.

Dasturdan foydalanishni xohlovchilar yashash manzili bo‘yicha immigratsiya bo‘limiga jo‘nab ketishdan 3-15 kun oldin ariza bilan shaxsan murojaat qilishi kerak. Bunda amaldagi pasport va shaxsiy ma’lumotlar, yashash manzili, jo‘nab ketish rejalashtirilayotgan sana, aeroport va reys raqami ko‘rsatilgan aviachipta taqdim etiladi.

Adliya vazirligi noqonuniy shaxslarni aniqlash bo‘yicha reydlar maxsus dasturning butun amal qilish muddati davomida davom etishi haqida ogohlantirdi. Bunday tekshiruvlar natijasida qo‘lga olingan chet elliklarga nisbatan ixtiyoriy chiqishning imtiyozli rejimidan foydalanish imkoniyatisiz deportatsiya qilish va keyinchalik mamlakatga kirishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan majburiy xarakterdagi choralarning to‘liq to‘plamini qo‘llash nazarda tutilmoqda.

So‘nggi yillarda Janubiy Koreya Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi orasida chet elga ishlash uchun borishni istaydigan muhim yo‘nalishga aylandi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari yetakchilik qilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda 98 457 nafar o‘zbekistonlik bor edi.

Noyabr oyi oxirida foiz nisbati quyidagicha bo‘ldi: Janubiy Koreyadagi xorijliklar umumiy sonining 34,4 foizini xitoyliklar, 12,5 foizini Vetnam fuqarolari, 6,9 foizini AQSh, 6,0 foizini Tailand, 3,6 foizini O‘zbekiston, 3,2 foizini Nepal fuqarolari tashkil qildi.

O‘qish, ish yoki sayyoh sifatida Koreyada bo‘lib turgan xorijliklarning umumiy soni oktyabr oyida 2,8 million kishidan oshdi.

Mavzuga oid