Sport | 17:18 / 29.11.2025
3450
2 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» Superligada ikkinchi, «Nasaf» uchinchi o‘rinni egalladi

Futbol bo‘yicha Superliga sovrindorlari ma’lum bo‘ldi. Avvalroq chempionlikni qo‘lga kiritgan «Neftchi» ortidan «Paxtakor» va «Nasaf» ham shohsupaga ko‘tariladigan bo‘ldi. Samarqandning «Dinamo» klubi to‘rtinchi o‘rinda qoldi.

Foto: Instagram / fcnasaf

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining barcha sovrindorlari aniqlandi.

29 noyabr kuni 30-tur doirasida peshqadam klublarning o‘yinlari o‘tkazildi.

«Paxtakor» safarda «Navbahor» bilan o‘ynadi va yarim soat davomida bir futbolchi kam bo‘lib harakat qilganiga qaramay, 1:1 hisobida durangga erishdi. Bu toshkentliklarga 60 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. «Paxtakor» 7-marta kumush medalga ega chiqdi.

«Nasaf» o‘z maydonida «Dinamo» bilan o‘ynadi. Bu o‘yinda hisob ochilmadi. Natijada «Nasaf» 59 ochko bilan chempionat jadvalida uchinchi bo‘ldi. Qarshi klubi o‘z tarixida 12-marta bronza medaliga ega chiqdi. «Dinamo» 58 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda qoldi.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘onaning «Neftchi» klubi chempionlikni muddatidan oldin, avvalgi turda qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi Superligadan muddatidan oldin tushib ketgan edi.

30-tur o‘yinlari ertaga davom ettiriladi va Superligada qolish uchun kurashuvchi «Buxoro» va «Xorazm» klublarining pley-offdagi raqiblari aniqlanadi. «Xavfli» zonada «Surxon», «Andijon», «Qo‘qon-1912» va «Mash’al» klublari bormoqda. Reglamentga ko‘ra, 12-15 o‘rinlarni egallagan klublar pley-off bahslarida ishtirok etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid