Jahon | 19:20 / 30.11.2025
4362
6 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada suv toshqinlari oqibatida 440 dan oshiq kishi halok bo‘ldi

Janubiy-Sharqiy Osiyoda so‘nggi yillardagi eng kuchli suv toshqinlari oqibatida Tailand va Shri-Lankada ham yuzlab kishilar vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan.

Foto: Getty Images

Indoneziyaning Sumatra orolida suv toshqini va ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni keskin oshib, 442 kishiga yetdi, deya xabar bermoqda rasmiylar. Yakshanba kuni ertalab jami qurbonlar soni 300 kishiga baholangandi.

Orolda evakuatsiya ishlari davom etmoqda, asosiy yo‘llar yopilgan, internet va elektr energiyasi faqat qisman tiklangan.

Tropik bo‘ronlarni kuchaytirgan musson shamollari Janubi-Sharqiy Osiyoda so‘nggi yillardagi eng kuchli suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Malayziya va Tailandda yuzlab odamlar halok bo‘ldi va bedarak yo‘qoldi, butun mintaqa bo‘ylab millionlab odamlar jabrlandi.

Tailandda halok bo‘lganlarning rasmiy soni hozirda 170 kishini tashkil qilmoqda, Malayziya shimolidagi Perlis shtatida ham yana ikki kishi halok bo‘lgan.

Shri-Lankada suv toshqinlari va ko‘chkilarni yuzaga keltirgan ekstremal ob-havo sharoiti tufayli 160 ga yaqin odam halok bo‘ldi.

Indoneziyada Sumatra oroliga kuchli yomg‘ir yoqqanidan keyin yuzlab odamlar hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

«Senyar» tropik sikloni Indoneziyada halokatli ko‘chkilar va suv toshqinlarini keltirib chiqardi, natijada uylar yuvilib, minglab binolar suv ostida qoldi.

«Oqim juda tez edi, bir necha soniya ichida suv ko‘chalarga yetib keldi va uylarga kirdi», - dedi BBC bilan suhbatda Indoneziyaning Achex Arini provinsiyasida yashovchi Amaliya ismli ayol.

U va buvisi ehtiyot chorasi sifatida tepalikda joylashgan qarindoshlarining uyiga ketishgan. Keyingi kuni narsalarni olib ketish uchun qaytib kelganida, uyni butunlay suv bosgani ustidan chiqqan.

Yomon ob-havo qutqaruv operatsiyalarini qiyinlashtirmoqda va o‘n minglab odamlar evakuatsiya qilingan bo‘lsa-da, yuzlab odamlar hali ham xavf ostida, deb xabar berdi Indoneziya favqulodda vaziyatlar agentligi.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud bo‘layotgan Tapanulida aholi oziq-ovqat izlab do‘konlarni talon-toroj qilgan.

Aholi qutqaruv xizmatlarining tezroq va muvofiqlashtirilgan harakatlarini ta’minlash uchun mamlakat rasmiylaridan Sumatrani milliy ofat zonasi deb e’lon qilishni talab qilmoqda.

Tailandda ham o‘n minglab odamlar xavfsiz joylarga evakuatsiya qilingan

Tailand janubidagi Songkxla provinsiyasida so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli suv toshqinlaridan biri oqibatida kamida 145 kishi halok bo‘ldi: suv sathi uch metrga ko‘tarilgan.

Hukumat shanba kuni e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, suv toshqinidan zarar ko‘rgan 10 ta provinsiyada u 3,8 milliondan ortiq odamni qamrab olgan.

Xat’yay shahrida o‘tgan hafta bir kunda 335 mm yomg‘ir yog‘di – bu so‘nggi 300 yillik ichidagi eng kuchli yomg‘irdir. Suv pasayishi bilan hukumat halok bo‘lganlar soni keskin oshganini qayd etdi.

AFP agentligi xabar berishicha, shahardagi shifoxonalardan birida xodimlar jasadlarni muzlatgichlarga ko‘chirishga majbur bo‘lgan, chunki o‘likxona to‘lib ketgan.

«Biz yetti kunni suvda o‘tkazdik va hech bir tashkilot bizga yordamga kelmadi», – deydi mahalliy aholi vakili Tanita Kxiavom BBC Tailand xizmatiga.

Hukumat o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishga, jumladan, ikki million bat (62 ming dollar)gacha kompensatsiya to‘lashga va’da berdi.

Qo‘shni Malayziyada qurbonlar soni ancha kam, ammo moddiy zarar miqdori jiddiyroq.

Perlis shtatining bir qismini suv bosgan, natijada o‘n minglab odamlar boshpanalarga yashirinishga majbur bo‘ldi.

Shri-Lanka esa «Ditva» siklonidan aziyat chekmoqda, bu tabiiy ofat oqibatida, Favqulodda vaziyatlarni boshqarish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 193 kishi halok bo‘lgan va 200 dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan. Mahalliy hukumat favqulodda holat e’lon qilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, 15 mingdan ortiq uy vayron bo‘lgan, 78 mingga yaqin odam vaqtinchalik boshpanalarga yashirinishga majbur bo‘lgan. Mamlakatning qariyb uchdan bir qismi elektr va suv ta’minotisiz qolgan.

Meteorologlarning so‘zlariga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyodagi ekstremal ob-havo sharoiti Filippin ustidan o‘tib, hozirda Vetnam tomon harakatlanayotgan «Koto» to‘foni va Malakka bo‘g‘ozida hosil bo‘lgan «Senyar» siklonining o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Vetnamda yaqinlashib kelayotgan «Koto» to‘foni oqibatida allaqachon uch kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan.

Odatda iyundan sentabrgacha davom etadigan bu mintaqadagi yillik musson mavsumi ko‘pincha kuchli yomg‘irlar bilan birga keladi.

Ayrim ekstremal ob-havo hodisalarini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lash qiyin bo‘lsa-da, olimlarning ta’kidlashicha, bu bo‘ronlarning ko‘payishi va kuchayishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida kuchli yomg‘irlar, to‘satdan suv toshqinlari va kuchli shamollarni keltirib chiqaradi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid