Jahon | 11:20 / 30.11.2025
6938
6 daqiqa o‘qiladi

“KXShT murakkab geosiyosiy inqirozda” - Rabbimov

KXShT sammiti uchun Bishkekka kelgan Putin Qirg‘izistondagi rus harbiy bazalari mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynayotganini aytgan. Xo‘sh, Markaziy Osiyoda shunday harbiy kontingentga ehtiyoj bormi? Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida ekspertlar ushbu mavzu xususida so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiyaning Qirg‘izistondagi harbiy bazalari mintaqada qanday funksiyalarni bajaryapti?

Kamoliddin Rabbimov: Bugun “Kollektiv xavfsizlik tashkiloti” (KXShT) chuqur siyosiy va geosiyosiy inqirozga yuz tutgan. Buning asosiy sababi — Ukraina urushi. Urush boshlanganidan keyin Vladimir Putin, tashkilotning qolgan a’zolariga bosim o‘tkaza boshladi. Ularning oldiga: “Men Ukraina bilan urushayotganda, G‘arb Ukrainani qo‘llayapti. Sizlar esa ittifoqdosh sifatida men tomonda turib, urushda ishtirok etishingiz kerak”, degan talabni qo‘ydi. Bu hatto OAVga ham chiqdi. Ammo a’zo davlatlar Rossiya talabini qo‘llab-quvvatlashga shoshilmadi. Qozog‘iston esa aniq pozitsiya bildirdi: u faqat BMT Xavfsizlik Kengashi doirasida xalqaro mandat bo‘lgandagina urushga qo‘shilishi mumkinligini aytdi. Bu aslida, Putin talabining ochiqchasiga rad etilishi edi. Bugunga kelib KXShT inqirozining asosiy sababchilari sifatida ikki davlat ko‘rinmoqda: Armaniston va Qirg‘iziston. Bu safar sammit Qirg‘izistonda bo‘lyapti va mezbon sifatida Qirg‘iziston unda qatnashmasligi mumkin emas edi. Biroq shuni eslatish kerakki, Qirg‘iziston oxirgi ikki yil davomida tashkilotning harbiy mashg‘ulotlarida ishtirok etishni rad etgan. Armaniston esa bundan ham keskinroq yo‘l tutdi, Yerevan KXShTdagi faoliyatini rasman muzlatdi. Bu to‘liq chiqish emas, chunki chiqish jarayoni murakkab va vaqt talab qiladi. Armaniston bu pozitsiyani Rossiya bilan ochiq to‘qnashmaslik uchun tanlagan. Bugungi geosiyosiy vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, KXShT a’zolari tashqi xavfdan ko‘ra, ko‘proq Rossiyaning siyosiy bosimidan cho‘chimoqda. Shuning uchun tashkilot ichida ishonch, umumiy maqsad va harbiy hamkorlik tamoyillari izdan chiqqan. Putin o‘z nutqlarida odatdagidek: “Biz harbiy salohiyatni mustahkamlashimiz, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, degan bayonotlarni aytsa ham, bu so‘zlar real vaziyatni o‘zgartira olmaydi. Xulosa shuki KXShT bugun o‘z tarixidagi eng keskin burilish nuqtasiga yetdi, ammo bu burilish Rossiyaga foyda keltiradigan tomonga emas.

Oybek Sirojov: Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining navbatdagi yig‘ilishi Bishkekda bo‘lib o‘tdi. Unda besh davlat rahbari ishtirok etdi. KXShT — asosan Rossiya yetakchiligida tuzilgan va o‘z vaqtida Shanxay hamkorlik tashkilotiga muqobil tuzilma sifatida ko‘rilgan edi. Uning vazifasi mintaqada strategik muvozanatni yaratish bo‘lgan. Shuni ta’kidlash lozimki, har qanday xalqaro tashkilotning samaradorligi unga yangi davlatlarning qo‘shilish istagi bilan o‘lchanadi. Agar tashkilot o‘ziga yangi a’zolarni jalb qila olmayotgan bo‘lsa, yoki aksincha, undan chiqish jarayoni boshlansa, demak tashkilotning jozibadorligi pasaygan. KXShTga nisbatan so‘nggi yillarda aynan shunday tendensiya kuzatilmoqda: ayrim davlatlar faoliyatini muzlatmoqda, ayrimlari chiqib ketgan, jumladan O‘zbekiston ham bir vaqtlar bu yo‘lni tanlagan. Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan KXShT sammitining siyosiy foniga to‘xtalsak: so‘nggi oylarda Markaziy Osiyoda diplomatik faollik kuchaydi. AQSh bilan uchrashuvlar, undan keyin Xitoy tashqi ishlar vazirining safari shuni ko‘rsatadiki, region geosiyosiy maydonda yana markazga aylanmoqda. Shu sharoitda Rossiya uchun KXShT yig‘ilishi mintaqadagi o‘z ta’sirini mustahkamlashning eng qulay vositalaridan biri bo‘ldi. Chunki uchrashuvda tashkilotga a’zo bo‘lmagan O‘zbekiston, Turkmaniston kabi davlat rahbarlaridan tashqari, qolgan Markaziy Osiyo rahbarlari Bishkekda bir stol atrofida jamlandi. Rasmiy ma’lumotlarda aniq qaror yoki yangi tashabbuslar haqida ochiq gapirilmagan, chunki tashkilotning harbiy xususiyati bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo siyosiy kuzatuvchilar fikricha, Rossiya bugun Markaziy Osiyoda asosiy e’tiborni aynan Qirg‘izistonga qaratmoqda. Sababi mintaqada Rossiyaning ikki yirik harbiy bazasi mavjud, biri Qirg‘izistonda, ikkinchisi Tojikistonda joylashgan 201-harbiy baza. Bundan tashqari, 2027 yilda Qirg‘izistonda prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Rossiya ushbu siyosiy jarayonni o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatishga urinayotganiga oid belgilar bor. Masalan, Qirg‘iziston xorijdagi saylov uchastkalarining 100 tadan 40 tasi Rossiya hududida joylashgan. Bu — Qirg‘iziston aholisi ichida Rossiyada yashovchilar ulushi juda katta ekanining isboti. Xulosa qilib aytganda, Bishkekdagi uchrashuv Rossiyaning mintaqadagi siyosiy ta’sirini saqlab qolish yo‘lidagi navbatdagi qadami bo‘ldi. Ammo tashkilotning bugungi holati shuni ko‘rsatadiki, KXShT endi kuchayib borayotgan emas, balki o‘z jozibasini yo‘qotib borayotgan tuzilma sifatida baholanmoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid