Jahon | 07:57
612
2 daqiqa o‘qiladi

MO davlatlari tuproqni himoya qilish uchun keng ko‘lamli iqlim loyihasini tayyorlamoqda

Asosiy maqsad - Orol dengizi quriyotgan va iqlim o‘zgarishi tezlashib borayotgan bir paytda tuproq unumdorligini saqlab qolish.

Foto: Sun’iy intellekt yaratgan surat

Markaziy Osiyo mamlakatlarida yangi iqlim loyihasi kelgusi yildan boshlanishi mumkin, deb xabar berdi Kazinform agentligi. Asosiy maqsad — iqlim o‘zgarishi tezlashib borayotgan bir paytda tuproq unumdorligini saqlab qolish.

Mintaqada yerlarning degradatsiyasi, cho‘llanish va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kuzatilmoqda. Germaniyalik ekolog Daniel Gereke so‘zlariga ko‘ra, bu qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi uchun tahdidlarni oshiradi.

Ta’kidlanishicha, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan tuzilayotgan ushbu loyiha barcha omillarni hisobga oladi, ilmiy ma’lumotlar va tahlillarga tayanadi hamda sun’iy intellektdan prognozlash vositasi sifatida foydalanadi.

Tashabbus eng yaxshi global amaliyotlarni birlashtirishi va Markaziy Osiyoda yerlardan barqaror foydalanishni targ‘ib qilishga qaratilgan. Loyihani moliyalashtirish uchun ariza allaqachon BMT Yashil iqlim jamg‘armasiga topshirilgan.

«Biz uzoqqa borishimiz shart emas, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston allaqachon tuproq degradatsiyasi va sho‘rlanishga duch kelmoqda. Bunga Orol dengizi atrofidagi vaziyat yorqin misol bo‘la oladi, bu esa suv va yer resurslarini samaraliroq boshqarish, shuningdek, strategik rejalashtirish zarurligini ta’kidlaydi. Maqsad — Markaziy Osiyoda haqiqiy yechimlar qog‘ozda qolib ketmasligi, balki amalda qo‘llanilishini ta’minlash. Agar Yashil iqlim jamg‘armasida ariza ma’qullansa, loyiha kelgusi yilda boshlanishi mumkin», dedi «Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda yerlarni kompleks boshqarish» mintaqaviy dasturi rahbari Daniel Gereke.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid