Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uy saytida OAV uchun “sharmandalar zali” ochildi
AQSh ma’muriyati harakatlarini, ta’kidlanishicha, boshqacha talqin qilayotgan OAV uchun "Sharmandalar zali" bo‘limi Oq uyning rasmiy saytida paydo bo‘ldi. "Haftaning mediajinoyatchilari" ro‘yxatiga, jumladan, CBS News va The Boston Globe gazetasi kiritildi.
Foto: AP
Oq uy o‘z saytida "Mediajinoyatchilar" (Media Offenders) nomli sahifani ishga tushirdi. U yerda, rasmiylarga ko‘ra, AQSh hokimiyati faoliyatini boshqacha talqin qilayotgan ingliz tilidagi OAV va ularning maqolalariga havolalar joylashtirilgan. Wayback Machine onlayn-arxivi ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha shanba kuni, 29 noyabrda paydo bo‘lgan.
"Media" bo‘limida joylashtirilgan ushbu sahifa bir necha qismdan iborat. Yuqori qismida "Yolg‘on ma’lumot beradi. G‘arazli. Fosh etilgan" degan sarlavha qo‘yilib, uning ostida "haftaning mediajinoyatchilari" sanab o‘tiladi — The Boston Globe gazetasi, CBS News teleradiokorporatsiyasining yangiliklar bo‘limi, shuningdek, britaniya The Independent gazetasining Amerika muharririyati.
Oq uyning ta’kidlashicha, ushbu nashrlar "prezident Trampning so‘zlarini o‘zgacha talqin qilib, uning qo‘zg‘olonga da’vat qilgan Kongress a’zolarini javobgarlikka tortish haqidagi chaqiriqlarini go‘yoki ularni 'qatl etish'ga chaqiriqdek tasvirlagan".
Keyingi bo‘lim "Qoidabuzar sharmandalar zali" deb nomlangan bo‘lib, unda Oq uy ma’muriyati "OAVning yolg‘on xabarlari ro‘yxatini" e’lon qilgan. Jadval ko‘rinishida keltirilgan bu ro‘yxatda bir qator ingliz tilidagi OAV, AQSh hokimiyati noroziligiga sabab bo‘lgan maqolalar va ular mualliflari sanab o‘tiladi.
Masalan, CBS News'ga qo‘yilgan ayblovlardan birida nashr o‘z maqolasi sarlavhasida 27 marta qo‘lga olingan Kubadan kelgan "noqonuniy muhojir"ni "Kolorado qariyasi" deb atagani tanqid qilinadi. Politico gazetasini esa Oq uy "g‘arazlik" va "kontekstni yo‘qotish"da ayblagan. Sababi — maqoladagi manba Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasi ustida ishlayotgan prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoffni nomaqbul deb atagani.
Keyingi bo‘lim — "Yetakchilar jadvali" yoki "Pastga qarab poyga" — "jinoyatlar" soniga ko‘ra yetakchi 7 ta OAVni ko‘rsatuvchi animatsiyadan iborat. Ro‘yxatning birinchi o‘rinida The Washington Post gazetasi turibdi, undan keyin MSNBC telekanali, CBS News, CNN telekanali, shuningdek, The New York Times, Politico va The Wall Street Journal gazetalari keladi.
Yakuniy bo‘lim — "takroriy jinoyatchilar" diagrammasi. U "Yetakchilar jadvali"ning kengaytirilgan ko‘rinishi bo‘lib, unga yana boshqa OAV (masalan, Axios yangilik portali, Associated Press agentligi va Bi-bi-si korporatsiyasi) ham kiritilgan, shuningdek, har bir nashr uchun "qoidalar buzilishi" soni va xususiyati haqidagi ma’lumotlar ham berilgan. Masalan, siyosat va pop-madaniyat haqidagi The Daily Beast yangilik portalining faqat bitta "buzilishi" qayd etilgan, ammo unga darhol uch ayblov qo‘yilgan — "g‘arazlilik, so‘l kayfiyatdagi aqli rasolik va yolg‘onchilik".
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38