Tramp ma’muriyati vakillari mamlakatda pullarni chop etishga mas’ul idoraga prezident portreti tushirilgan 250 dollarlik banknota dizaynini ishlab chiqishni talab qilib bosim o‘tkazyapti. Bu haqda idoraning hozirgi va sobiq to‘rt nafar xodimi ma’lum qildi, deya yozadi The Washington Post.

Agar bu amalga oshsa, AQSh tarixida so‘nggi 150 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor tirik insonning surati milliy valutada paydo bo‘ladi.

WP manbalariga ko‘ra, o‘tgan yildan boshlab G‘aznachilik departamentining ikki amaldori: g‘aznachi Brendon Bich va uning maslahatchisi Mayk Braun Gravirovka va bosma ishlar byurosi xodimlarini yangi kupyura prototiplarini tayyorlashga bir necha bor undagan. Bu esa xavotir uyg‘otadi, chunki amaldagi federal qonunchilik bo‘yicha banknotlarda faqat vafot etgan shaxslarning surati bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yilning avgust va sentabr oylarida Brendon Bich byuro xodimlariga banknotaning bir nechta maket dizaynlarini yuborgan. Ulardan birida prezident Donald Trumpning yuzi 250 dollarlik kupyuraning markazida, prezident va G‘aznachilik kotibi Skott Bessent imzolari orasida tasvirlanadi.

Loyiha muallifi, britaniyalik rassom Ian Aleksander ushbu maket mavjudligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan dizaynga Amerika bayrog‘i ranglari va maxsus logotip qo‘shish masalasi ham muhokama qilingan.

“U meni o‘zining eng sevimli britaniyalik rassomi deb ataydi”, — degan Aleksandr. U avval professional suzuvchi va DJ bo‘lganini, keyinchalik esa qirolicha Yelizaveta II va boshqa mashhur shaxslarning portretlarini chizganini aytgan.

AQSh valutasida 1866 yildan beri hech bir tirik shaxs tasviri tushirilmagan. O‘sha paytda 5 sentlik banknotaga G‘aznachilikdagi o‘rta bo‘g‘in amaldorining rasmi chiqib ketgach, bu amaliyot qonun bilan taqiqlanadi.

O‘tgan yili Kongresga Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik banknotani chiqarishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi kiritilgan. Bu mustaqillikning 250 yilligini nishonlash maqsadi bilan izohlangan. Biroq, loyiha hanuz harakatsiz holatda qolyapti.

G‘aznachilik departamenti vakili bayonotida chop etish idorasi “taklif etilgan qonunchilikka javoban tegishli rejalashtirish va huquqiy tekshiruvlarni amalga oshirayotgani” aytilgan. 

“Agar bu qonun tasdiqlanib kuchga kirsa, byuro mamlakatimizning 250 yilligi munosabati bilan 250 dollarlik maxsus esdalik banknotani chiqarishga tayyorgarlik ko‘radi”, — deyiladi bayonotda.