Jahon | 14:58 / 02.12.2025
873
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Litvaga qarshi gibrid hujumlar sabab Belarusga yangi sanksiyalar tayyorlamoqda

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Litvaga nisbatan davom etayotgan gibrid hujumlar tufayli Belarusga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanayotganini ma’lum qildi. U Belarus hududidan kelayotgan havo sharlarining Litva havo hududiga kirib borishini qabul qilib bo‘lmas holat deb atadi.

Foto: Uncredited/AP

Yevroittifoq Litvaga nisbatan amalga oshirilayotgan gibrid hujumlarga javob sifatida Belarusga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etadi. Bu haqda Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi.

«Belarus bilan chegaradagi vaziyat keskinlashmoqda, chunki kontrabanda yuklangan havo sharlari Litva havo hududiga tobora ko‘proq kirib kelmoqda», — deb yozdi u dushanba kuni, 1 dekabrda, Litva prezidenti Gitanas Nauseda bilan muzokaralardan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘ida.

U mamlakat hokimiyati va uning rahbari Aleksandr Lukashenkoning harakatlarini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmas» deb atadi va Litvaga «hamdardlik» bildirdi. Litva Belarusdan sigareta yuklangan havo sharlari kirib kelishi davom etayotgan bir paytda, chegarani bir necha marta yopgan edi.

Xuddi shu kuni YeIning diplomatik xizmati Bryusselda Belarus vakilini chaqirtirdi. Litva Tashqi ishlar vazirligi vakili Minsk gibrid hujumlarni to‘xtatishi kerakligini bildirdi. O‘tgan dam olish kүnlari Vilnyus aeroporti Belarusdan uchib kelgan meteozondlar sabab yana ishini vaqtincha to‘xtatgan edi.

O‘z navbatida, Belarus Litva Respublikasining vaqtinchalik ishlari vakili Erikas Vilkanetsasni dron qulashi bilan bog‘liq holat yuzasidan TIVga chaqirtirdi. Minskdagi Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, 30 noyabr kuni Litva hududidan uchib kirgan uchuvchisiz uchish apparati Belarus davlat chegarasini buzgani munosabati bilan diplomatga protest bildirilgan.

Belarus tomonining bayonotiga ko‘ra, dronning videoyozuvlari va navigatsiya ma’lumotlari o‘rganilgandan so‘ng, uning Belarus hududidan uchib o‘tgach, yana Litvaga qaytishi kerak bo‘lgani aniqlangan. Vazirlik Vilnyusni provokatsiyada va xalqaro huquqni buzishda aybladi.

Litva Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri mamlakat havo hududiga Belarusdan kelgan havo sharlari — kontrabandachilar sigaretalarni chegara orqali o‘tkazish uchun foydalanadigan «meteozondlar» yuzlab marta kirib kelgan. Kuzdan boshlab meteozondlar bevosita Vilnyus va Kaunas xalqaro aeroportlari yaqinigacha yetib kela boshlagan va shu sababli bu yerda parvozlarga bir necha bor cheklovlar kiritilgan.

Ushbu hujumlar fonida Litva oktyabr oyi oxirida Belarus bilan chegarani vaqtincha yopdi. Shundan so‘ng Belarus tomoni Yevropa tomon ketayotgan, Litva davlat raqamiga ega yuk mashinalarining chiqib ketishini to‘xtatdi. Noyabr oyida chegara yana ochildi.

Mavzuga oid