Jahon | 19:55
473
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Temu’ni 200 mln yevro jarimaga tortdi

Bunga onlayn platformadan sotib qolingan quvvatlash qurilmalarining aksariyati elektr xavfsizligi talablariga javob bermasligi sabab bo‘lgan. Shuningdek, bolalar o‘yinchoqlarining katta qismida kimyoviy moddalar miqdori me’yordan yuqori hamda ularda bo‘g‘ilish xavfini tug‘diruvchi mayda qismlar aniqlangan.

Foto: EPA

Yevropa Ittifoqi Temu onlayn-marketpleysini 200 mln yevro jarimaga tortdi. Bunga savdo platformasida noqonuniy mahsulotlar, jumladan, bolalar uchun xavfli o‘yinchoqlar va nosoz quvvatlash qurilmalari sotilgani sabab bo‘ldi, deya yozadi BBC.

Yevrokomissiyaning qayd etishicha, Xitoy kompaniyasi mahsulotlarning tizimli xavflari hamda ularning “iste’molchilarga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararini “sinchkovlik bilan o‘rganmagan, tahlil qilmagan va baholamagan”. O‘z navbatida Temu rasmiylari qarordan norozi ekanligi  va jarimani nomutanosib deb hisoblashini bildirishgan.

Tekshiruv mustaqil sinov tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan sirli xarid tamoyili asosida bo‘lgan. Aniqlanishicha, Temu’dan sotib olingan quvvatlash qurilmalarining aksariyati elektr xavfsizligi talablariga javob bermaydi. Shuningdek, bolalar o‘yinchoqlarining katta qismida kimyoviy moddalar miqdori me’yordan yuqori hamda ularda bo‘g‘ilish xavfini tug‘diruvchi mayda qismlar bo‘lgan.

Temu matbuot xizmatining bayonotiga ko‘ra, kompaniya aniq va izchil qoidalar mavjudligini hurmat qiladi. Ammo, qaror 2024 yilga tegishli bo‘lib, tizimning hozirgi holatini aks ettirmaydi.

 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid