Jahon | 14:34 / 02.12.2025
1270
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy va Makron Ukraina ittifoqchilari bilan tinchlik rejasini muhokama qildi

Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralardan bir kun o‘tgach, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev va Moskva o‘rtasidagi ehtimoliy tinchlik kelishuvini Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muhokama qildi. Ular, jumladan, Germaniya kansleriga ham qo‘ng‘iroq qildi.

Foto: Christophe Ena/AFP/Getty Images

Fransiya va Ukraina prezidentlari Emmanuel Makron va Volodimir Zelenskiy Kiyev va Moskva o‘rtasidagi ehtimoliy tinchlik kelishuvi shartlarini muhokama qildi. Dushanba kuni, 1 dekabrda, Yelisey saroyida bo‘lib o‘tgan bir necha soatlik uchrashuv davomida ular, shuningdek, bir kun oldin Floridada o‘tgan Ukraina va AQSh delegatsiyalari muzokaralari natijalariga alohida e’tibor qaratdi.

Ukraina prezidenti Zelenskiy uchrashuv yakunidan so‘ng bildirishicha, asosiy mavzu — AQShning Ukrainada urushni to‘xtatish rejasi va Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘lgan.

«Tinchlik chinakam mustahkam bo‘lishi kerak. Urush imkoni boricha tezroq tugashi lozim. Hozir juda ko‘p narsa har bir yetakchining ishtirok darajasiga bog‘liq», — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Yelisey saroyi xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Makron va Zelenskiy Ukrainadagi tinchlikni ta’minlash masalalarini bir qator Yevropa davlatlari rahbarlari bilan ham muhokama qildi. Ular, jumladan, Germaniya kansleri Fridrix Mersga, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerga, shuningdek, NATO bosh kotibi Mark Ryuttega alohida telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirgan.

Zelenskiy ma’lum qilishicha, muzokaralarga, shuningdek, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (SNBO) kotibi Rustem Umerov hamda Floridadagi muzokaralarda ishtirok etgan AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff ham qo‘shilgan.

O‘z navbatida Umerov X ijtimoiy tarmog‘ida AQShda bo‘lib o‘tgan, ehtimoliy tinchlik kelishuvi haqidagi muzokaralarda «sezilarli olg‘a siljish»ga erishilganini yozdi va amerikalik sheriklarga «konstruktiv va sheriklikka asoslangan yondashuv» uchun minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, «ayrim masalalarni yanada takomillashtirish talab etiladi», deb qo‘shimcha qildi u.

Umerovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi Floridadagi muzokaralar natijalari bo‘yicha hisobot tayyorlamoqda va uni Zelenskiyga Yevropa hududida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv vaqtida taqdim etadi. Uning aytishicha, o‘zi ham muzokaralar guruhi bilan birga Yevropa tomon yo‘lga chiqqan.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro muzokaralar boshlanishidan oldin qilgan bayonotida Ukrainada tinchlikni siyosiy yo‘l bilan hal etish jarayoni yevropaliklar ishtirokisiz kechishi mumkin emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Yevropa AQSh rejasi bo‘yicha muhokamalar davomida Kiyev manfaatlari yo‘lida bir qator imtiyozlarga erishganini qayd etdi. Bu haqda Barro France Culture radiostansiyasi efirida gapirdi.

Avvalroq Floridada bo‘lib o‘tgan Ukraina va AQSh delegatsiyalari muzokaralari «samarali va muvaffaqiyatli» bo‘lgan, deb baho berdi Ukraina delegatsiyasi rahbari, SNBO kotibi Rustem Umerov.

«Bizning maqsadimiz — farovon, kuchli Ukraina», — dedi u. «Biz Ukraina uchun muhim bo‘lgan barcha masalalarni muhokama qildik. AQSh esa juda katta qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatdi».

AQSh davlat kotibi Marko Rubio muzokaralarni «juda samarali» deb atadi, biroq Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga chek qo‘yish uchun yana ancha ishlar qilish kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nizoni hal etishda Rossiya ham «tenglamaga kiruvchi omil» sifatida ishtirok etishiga to‘g‘ri keladi.

Rubioning aytishicha, uchrashuvda faqat urushni to‘xtatish shartlari emas, balki uzoq muddatli xavfsizlik masalalari ham muhokama qilingan.

O‘z navbatida AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuvga erishish bo‘yicha «yaxshi imkoniyatlar» mavjudligini bildirdi.

Parijdan so‘ng Zelenskiy 2 dekabr kuni Irlandiya bosh vaziri Mixol Martin va uning o‘rinbosari Saymon Xarris bilan uchrashish uchun Dublinga borishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid