Jahon | 09:52
955
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina pozitsiyasi ancha kuchaydi

Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Rossiya-Ukraina urushiga barham berish masalasini muhokama qildi.

Foto: AP

22 may kuni videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tinchlik yo‘lida diplomatik harakatlarni jonlantirish va Yevropa ishtirokini kuchaytirish masalalari asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

Volodimir Zelenskiy muzokaralardan keyin Yevropa ittifoqchilari Ukraina pozitsiyasi harbiy va siyosiy jihatdan ancha kuchayganini tan olayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu bosim Rossiyani amaliy diplomatiyaga undashi mumkin.

Britaniya bosh vaziri matbuot xizmati Yevropa davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni yaqin oylarda yanada kuchaytirishga kelishib olganini bildirdi. Tomonlar Rossiya agressiyasiga qarshi turish Yevropa va jahon xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.

Shu bilan birga, Zelenskiy Rossiyaning Ukraina, Belarus va Yevropaning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha rejalari haqida ham ma’lumot berganini aytdi. Bu borada maxsus xizmatlar o‘rtasida axborot almashinuvi davom ettirilishi rejalashtirilmoqda.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa esa Ukraina–AQSh–Rossiya formatidagi muzokaralar o‘z imkoniyatlarini deyarli tugatganini bildirdi. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi vakillarini tinchlik muzokaralariga jalb qilish jarayonga yangi turtki berishi mumkin.

Sibixa, shuningdek, Vladimir Putin, Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp ishtirokida davlat rahbarlari darajasida uchrashuv o‘tkazish g‘oyasini ham ilgari surdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid