Jahon | 15:42 / 03.12.2025
2576
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Rossiya foydasiga josuslik qilgan britaniyalik fosh etildi

Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Britaniya maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda Rossiya topshirig‘i bilan siyosatchi Andrey Parubiy va Irina Farionni o‘ldirish rejasi ijrochilariga qurol yetkazishi mumkin bo‘lgan harbiy instruktorni fosh etdi.

Foto: Thomas Peter/REUTERS

Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Britaniya maxsus xizmatlari bilan birgalikda 2024–2025 yillarda Ukraina qurolli kuchlari harbiylarini o‘qitgan va Rossiya foydasiga josuslik qilish bilan shug‘ullangan Britaniya fuqarosini aniqladi. Hozir u qo‘lga olingan va hibsda saqlanmoqda. Bu haqda seshanba kuni, 2 dekabrda, SBUdagi manbalarga tayanib «RBK-Ukraina» xabar berdi.

Nashr yozishicha, Devid Katmor 2024 yilda Ukrainaga qurolli kuchlar harbiylarini tayyorlash uchun instruktor sifatida kelgan. Undan avval u Buyuk Britaniya armiyasi safida xizmat qilgan va Yaqin Sharqdagi operatsiyalarda ishtirok etgan.

Manbalarga ko‘ra, Katmor Ukrainada, ehtimol, razvedka-diversiya faoliyati bilan shug‘ullangan. Tergovning taxmin qilishicha, Rossiya maxsus xizmatlari unga mamlakat hududida «maqsadli qotilliklar»ni amalga oshirish uchun qurol va o‘q-dorilar yetkazib bergan. SBU Katmor Ukrainada jamoat arbobi Demyan Ganul, shuningdek siyosatchilar Irina Farion va Andrey Parubiyni o‘ldirish rejasi ijrochilariga qurol topshirgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati va rus tiliga qarshi chiqqan Irina Farionga suiqasd 2025 yil 19 iyul kuni Lvivda, uning Masarik ko‘chasidagi uyi yonida sodir etilgan. U og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan, operatsiyadan so‘ng esa chuqur miya komasi holatida bo‘lgan. «Shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, Irina Farionni saqlab qolishning iloji bo‘lmadi», — degan edi o‘sha paytda Lviv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy.

Shu yilning 30 avgust kuni Kozitskiy Oliy Radaning sobiq spikeri Andrey Parubiy o‘ldirilgani haqida ham xabar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid