Jahon | 09:50
1034
3 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy me’morlik afsonasi Frenk Geri 96 yoshida vafot etdi

Zamonaviy davrning eng mashhur arxitektori Frenk Geri 96 yoshida, nafas yo‘llarining qisqa muddatli kasalligidan so‘ng, Santa-Monikadagi uyida vafot etdi. Bu haqda juma kuni, 5 dekabr kuni, uning Gehry Partners LLP kompaniyasidagi ma’muriyat rahbari Megan Lloyd xabar berdi.

Foto: AP

Kelajakda mashhur me’morga aylangan Frenk Geri 1929 yil 28 fevralda Toronto shahrida Frenk Ouen Goldberg nomi bilan tug‘ilgan. 1940-yillar oxirida u oilasi bilan AQShga ko‘chib o‘tadi va antisemitizmdan qochish uchun o‘z ismini o‘zgartiradi.

Geri o‘z faoliyatini Los-Anjyelesda boshlagan, 1960-yillar boshidan esa Parijda ishlagan va 1962 yilda u yerda o‘zining shaxsiy me’morlik byurosini ochgan. 1970–80-yillarda uning jasur, tajribaga boy loyihalari — ko‘pincha g‘ijimlangan qog‘ozni eslatadigan metall fasadli binolari uni dekonstruktivizm arxitekturasida yetakchi shaxsga aylantirdi. U arxitektura sohasidagi deyarli barcha yirik mukofotlarni qo‘lga kiritgan.

Geri Janubiy Kaliforniya universitetida arxitektura professori bo‘lib ishlagan, shuningdek Yyel va Kolumbiya universitetlarida ham dars bergan. Geri ikki marta uylangan va to‘rt farzandi bor edi. U keksa yoshigacha faol ishlashda davom etdi.

1989 yilda nufuzli Pritsker arxitektura mukofotini qo‘lga kiritganidan so‘ng, u 1997 yilda Ispaniyaning Bilbao shahrida barpo etilgan Guggenxaym muzeyi orqali jahon miqyosida katta shuhrat qozondi. Bu inshootning yorqin va odatdan tashqari shakllarini yaratishda ilg‘or kompyuter dasturlari qo‘llangan.

Los-Anjyelesdagi Uolt Disney konsert zali 274 million dollarga tushgan bo‘lib, New York Times gazetasi uni 2003 yilda “eng ulug‘vor bino” deb atagan.

Yevropada Gerining eng mashhur binolari qatoriga Parijdagi Fondation Louis Vuitton, Pragadagi “Raqsga tushayotgan uy” va Berlindagi DZ Bank binosi kiradi. Germaniyada u, shuningdek, Vayl-am-Rayndagi Vitra dizayn muzeyini, Dyusseldorfdagi Yangi bojxona maydonini (Neuer Zollhof) va Hannoverdagi “Geri minorasi”ni loyihalagan.

AQShda esa Geri, boshqa inshootlar qatorida, Nyu-Yorkdagi Beekman Tower osmono‘par binosini va Kaliforniyadagi Menlo-Parkda Facebook kompaniyasining kampusini qurgan.

Mavzuga oid