Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyadagi o‘zbek kelinlar: ular qanday huquqlarga ega?
Turkiyada ayollar huquqlari qanday ta’minlanadi?
Turkiyada ayollarning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi huquqlari 1934 yil 5 dekabrda Mustafo Kamol Otaturk tashabbusi bilan to‘liq e’tirof etilgan. Shu sanada ayollarga saylash va saylanish huquqi berilib, mamlakatda teng huquqli jamiyat shakllanishiga yo‘l ochilgan. Oradan bir yil o‘tmasdan turk ayollari parlamentga o‘z nomzodlari bilan kirib kelgan.
Turkiyadagi yangi voqelik — o‘zbek kelinlar soni oshib bormoqda
So‘nggi yillarda turk fuqarolari bilan turmush qurgan xorijlik ayollar orasida o‘zbekistonliklar birinchi o‘rinni egallamoqda. 2023 yil statistikasiga ko‘ra, Turkiyaga kelin bo‘lgan har 10 nafar xorijlik ayoldan biri — o‘zbek.
Biroq shu bilan birga, ularning katta qismi Turkiya qonunchiligidagi ayollarga tegishli huquqlardan xabardor emas. Bu esa ayni paytda huquqiy muammolar, oilaviy kelishmovchiliklar va turmushda bosim holatlarida o‘zbek ayollarini himoyasiz qoldirishi mumkin.
Turkiyadagi huquqiy tizim O‘zbekistonnikidan farq qiladi. Shu bois migrant ayollar uchun nikoh, mulk, mehnat va bolalar huquqi bo‘yicha qonun normalarini bilish juda muhim.
Nikoh va oila huquqlari
Turkiyada nikoh — faqat diniy marosim emas, balki huquqiy bitim sanaladi. Qonunga ko‘ra, er-xotinlar teng huquqlarga ega.
Turkiya Konstitutsiyasining 41-moddasi: “Oila jamiyatning asosidir va er-xotin tengligi asosida quriladi.”
Turk fuqarosi bilan turmush qurgan ayol erkin yurish, ijtimoiy hayotda qatnashish, tadbirlarga borish, o‘qish yoki ishlash huquqiga ega. Er uni uyda qolishga majbur qilish yoki ijtimoiy aloqalarni cheklash huquqiga ega emas. Ayol kasb tanlash, karera qilish, ta’lim olish yoki biznes ochish uchun eridan ruxsat so‘rashga majbur emas. Homiladorlik sababli ishdan bo‘shatish yoki kamsitish taqiqlangan. Er-xotinning nikohdan oldingi mulki shaxsiy hisoblanadi. Nikoh davrida olingan mulk esa, agar nikoh shartnomasi bo‘lmasa, umumiy mulk sifatida qaraladi. Homiladorlik ta’tili, tug‘uruqdan keyingi ta’til va bola parvarishi uchun ruxsat qonun bilan kafolatlanadi. Homilador ayolni ishdan bo‘shatish taqiqlangan.
Ajrim holatida ayolning huquqlari qanday ta’minlanadi?
Agar nikoh bekor qilinsa, quyidagi huquqlar qonun bilan himoya qilinadi: agar ayol ishlamasa, bolalarni tarbiyalayotgan bo‘lsa yoki mehnat qobiliyati cheklangan bo‘lsa, nafaqa talab qilish huquqiga ega. Ajrimda sud bolaning manfaatlarini asosiy o‘ringa qo‘yadi. Agar oilada zo‘ravonlik bo‘lgan bo‘lsa, sud ko‘p hollarda onani ustun qo‘yadi. Mulkni taqsimlashda nikoh davrida topilgan mulk (agar shartnoma bo‘lmasa) ikki taraf o‘rtasida bo‘linadi. Nikohdan oldingi mulk esa egasida qoladi. Agar oilada zo‘ravonlik holati kuzatilgan bo‘lsa ayol erkakni uydan chiqarishni talab qilish, erga yaqinlashmaslik buyrug‘ini oldirish yoki shoshilinch ajrashishni talab qilish huquqiga ega.
Chet ellik kelinlar uchun huquqiy ahamiyatli jihatlar
- Turkiya fuqarosi bilan rasmiy nikoh qurgandan keyin, chet ellik ayol ham Turkiya qonunlarida belgilangan barcha huquqlarga ega bo‘ladi.
- Nikoh asosida beriladigan yashash ruxsatnomasi odatda 1–3 yilga beriladi. Uchinchi yildan keyin fuqarolikka ariza berish mumkin.
- Agar nikoh ajrashish bilan tugasa va boshqa asoslar bo‘lmasa, yashash ruxsatnomasi bekor qilinishi mumkin.
- Faqat shar’iy nikoh tuzilgan hollarda esa ayolga qonuniy himoya va rasmiy huquqlar berilmaydi.
Mavzuga oid
16:15 / 01.02.2026
Turkiyada avtobus ag‘darilishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi
09:03 / 31.01.2026
Turkiyada deportatsiya bekor qilinmadi - rasmiy izoh
14:41 / 30.01.2026
Turkiyaga ishga chiqish osonlashadi: malaka baholash va sertifikatlash boshlanadi
23:10 / 29.01.2026