Sog‘lom hayot | 11:27 / 09.12.2025
860
2 daqiqa o‘qiladi

Majburiy narkologik davolash 18 oydan oshmasligi qonunan belgilab qo‘yildi

Adliya vazirligi tomonidan “Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, sud qarori asosida majburiy davolanayotgan narkologik bemorlarni davolash muddati 18 oydan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi qonunan belgilandi.

Foto: Getty Images

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur nizom 2025 yil 6 dekabr kuni 3720-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hujjat narkologik kasallikka chalingan shaxslarni sud qarori asosida majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini qanday tartibda tashkil etish lozimligini belgilaydi.

Nizomga muvofiq, bemorlar muassasaga qabul qilingan kundan e’tiboran 5 kunlik muddat ichida ularni majburiy davolashning aniq davomiyligi belgilanadi. Davolash muddati:

narkologiya muassasasi rahbari;
2 nafar narkolog shifokordan iborat tibbiy komissiya tomonidan belgilab qo‘yiladi.

Eng muhimi, narkologik bemorlarni majburiy tarzda davolash muddati 18 oydan oshmasligi qonunan cheklab qo‘yilgan.

Bemorlar narkologiya muassasasidan quyidagi holatlarda chiqariladi:

majburiy davolash muddati tugagach va bemorning sog‘lig‘ining klinik holati hisobga olingan holda;
majburiy davolashni o‘tkazishga to‘sqinlik qiladigan qo‘shimcha og‘ir kasalliklar aniqlanganda.

Mazkur nizom majburiy davolash jarayonini bir xil tartib asosida yo‘lga qo‘yish, bemorlar huquqlarini huquqiy va tibbiy kafolatlar bilan muhofaza qilish hamda narkologiya muassasalari faoliyatini aniq qoidalar asosida tartibga solishga qaratilgan.

Mavzuga oid