O‘zbekiston | 18:00 / 09.12.2025
1310
2 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtda «Vatandoshlar» mintaqaviy forumi o‘tkazildi

Toshkent shahrida MDH va Markaziy Osiyoda yashayotgan 70 dan ortiq yurtdoshlar ishtirokida mintaqaviy forum bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek tili, ta’lim, madaniyat va diasporalar faoliyati muhokama qilindi. Tadbir global o‘zbek diasporasini birlashtirish hamda 2026 yilgi Butunjahon vatandoshlar qurultoyiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ldi.

Tadbirda Rossiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlarda yashayotgan 70 nafardan ortiq vatandoshlar ishtirok etdi. Forum xorijdagi yurtdoshlar bilan muntazam muloqot o‘rnatish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi platforma sifatida e’tirof etildi.

Mazkur mintaqaviy uchrashuv Yevropa mamlakatlari, AQSh va boshqa davlatlarda yil davomida o‘tkazilgan forumlarning mantiqiy davomi bo‘lib, global o‘zbek diasporasining jipsligi va faolligini yana bir bor namoyon etdi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, forum vatandoshlar bilan tizimli hamkorlikni mustahkamlash, ularni Vatan bilan bog‘lovchi ko‘prikni kuchaytirishga qaratilgan muhim maydon hisoblanadi.

Tadbir davomida o‘zbek tili, ta’lim, madaniyat va diasporalar faoliyatini rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xorijdagi o‘zbek maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, milliy-madaniy markazlar rahbarlari hamda turli yo‘nalishlarda ishlayotgan yurtdoshlarning fikr-mulohaza va tashabbuslari tinglandi.

Mutasaddilarning qayd etishicha, bunday uchrashuvlar 2026 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Butunjahon vatandoshlar qurultoyiga tayyorgarlik jarayonining muhim bosqichini tashkil etadi. Forumlar orqali yangi g‘oyalar, amaliy tashabbuslar va xalqaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari shakllanmoqda.

“Vatandoshlar” jamoat fondi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur muloqotlar nafaqat yangi loyihalarning yuzaga kelishiga, balki Vatan ravnaqi yo‘lida birlashgan kuchli va faol global o‘zbek hamjamiyatining shakllanishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

 
 
Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid