Jahon | 22:21 / 09.12.2025
10673
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy moliya kompaniyasining sobiq rahbari poraxo‘rlik uchun qatl etildi

Bay Tyanxuey taxminan 157 million AQSh dollari miqdorida pora olgani aniqlandi.

Foto: People's Daily

9 dekabr kuni Xitoyda poraxo‘rlikda ayblanib sudlangan China Huarong International Holdings Limited kompaniyasining sobiq bosh direktori Bay Tyanxuey qatl etildi. Bu haqda davlat «Sinxua» agentligi xabar berdi. Hukm Oliy xalq sudi (OXS) tomonidan ma’qullanganidan so‘ng, qatl amalga oshirildi.

Tyanjin shahri oraliq sudining 2024 yil may oyida chiqargan hukmiga ko‘ra, Bay umrbod siyosiy huquqlardan mahrum qilish, barcha shaxsiy mol-mulkini musodara qilish va barcha noqonuniy daromadlarni davlat g‘aznasiga qaytarish sharti bilan o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.

Bay hukm ustidan shikoyat qildi, ammo 2025 yil fevral oyida uning apellyatsiyasi Tyanjin Oliy xalq sudi tomonidan rad etildi.

OXS ishni ko‘rib chiqib, Bay 2014 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda o‘zining turli lavozimlaridan loyihalarni sotib olish va korporativ moliyalashtirish kabi masalalarda boshqalarga yordam berish uchun foydalanib, jami 1,108 milliard yuan (taxminan 157 million AQSh dollari) miqdorida pora olganini aniqladi.

Odatda Xitoyda poraxo‘rlik jinoyatini sodir qilgan amaldorlar darhol qatl etilmaydi, balki 2 yil sinov muddati bilan qamoqxonaga joylashtiriladi. Agar shu vaqt ichida qoidabuzarlik sodir etmasa, jazo avtomatik ravishda umrbod qamoqqa almashtiriladi.

Biroq, OXS Bay tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni o‘ta og‘ir deb topdi, chunki poralarning umumiy miqdori juda katta va holatlar ayniqsa og‘ir edi. Sud hukmiga ko‘ra, bu jinoyatlar o‘ta salbiy ijtimoiy oqibatlarga olib kelgan va davlat bilan xalq manfaatlariga katta zarar yetkazgan.

Ta’kidlanishicha, qatl oldidan Bayga yaqin qarindoshlari bilan uchrashishga ruxsat berilgan.

Xitoy o‘lim jazosi keng qo‘llaniladigan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Korrupsiyadan tashqari, oliy jazo qotillik, giyohvand moddalar savdosi va boshqa bir qator og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llaniladi. Shu bilan birga, qatllar statistikasi davlat siri hisoblanadi.

Mavzuga oid