Avto | 17:00 / 10.12.2025
4930
12 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilik guvohnomasini qanday olish mumkin?

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olish uchun besh oy vaqt va 8–10 million so‘m mablag‘ talab qilinadi. Keling, tibbiy komissiya talabi, avtomaktabga kirish qoidalari va imtihon shaklini ko‘rib chiqamiz.

O‘zbekistonda qanday qoidalar amal qiladi

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-qarori bilan belgilangan.

Hujjatda quyidagilar belgilangan:

  • bo‘lajak haydovchilarga qo‘yiladigan talablar
  • avtomaktabda o‘qish tartibi
  • Yagona imtimhon markazidagi imtihonlar ro‘yxati.

Barcha bosqichlar majburiy va belgilangan ketma-ketlikda amalga oshiriladi.

Ushbu norma har bir toifa uchun minimal yosh, guvohnomalarning amal qilish muddati hamda qayta imtihon topshirish qoidalarini belgilaydi.

Guvohnomani necha yoshdan boshlab olish mumkin

V toifadagi haydovchilik guvohnomasini 18 yoshdan boshlab olish mumkin. Transport turlari uchun yoshga doir talablar turlicha bo‘lgani uchun quyida eng ko‘p uchraydigan toifalar uchun minimal yosh ko‘rsatkichlari keltirilgan.

O‘qish qanday bo‘ladi va avtomaktab tanlashda nimaga e’tibor berish kerak

2026 yil 1 fevraldan A va B toifalarga nomzodlar nazariyani o‘zlari o‘rganishi mumkin. Lekin amaliyot albatta yo‘riqchi bilan o‘tkaziladi.

Avtomaktab tanlashda YHXX litsenziyasini tekshirish muhim. Lisenziya raqami odatda saytda yoki ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatiladi. Lisenziyaga ega avtomaktab o‘qishni tamomlaganingiz haqidagi ma’lumotlarni imtihon markaziga yuboradi. Imtihon uchun zarur hujjatlarni esa o‘zingiz topshirasiz.

Nimalarga e’tibor berish kerak:

  • amaliyot soatlari miqdori
  • avtodrom mavjudligi
  • o‘quvchilarning fikrlari
Avtomaktab litsenziyasi namunasi

O‘qish qancha vaqt davom etadi

Dasturlar o‘rtacha 100 soatdan 260–270 soatgachani tashkil etadi. Bunga nazariy mashg‘ulotlar va 40–50 soat amaliy mashg‘ulotlar kiradi. Soatlarning aniq miqdorini avtomaktabning o‘zi belgilaydi.

O‘qish muddati ham farq qiladi: tanlangan dasturga qarab minimal 2,5–3 oy, maksimal 4–5 oy. Bu vaqt davomida nazariya, amaliyot va imtihonga tayyorgarlikdan o‘tiladi.

Avtomaktabda o‘qish necha pul

Avtomaktablarda to‘liq kurslar, yo‘riqchi bilan qo‘shimcha darslar, ayollar guruhlari va jadallashtirilgan tayyorgarlik variantlari mavjud. Quyida dasturlarning asosiy turlari va ularning narxlari keltirilgan.

Avtomaktabda to‘liq o‘qish kursi necha pul

Toshkentda to‘liq kurs 6–7 mln so‘mni tashkil etadi. Odatda ro‘yxatdan o‘tishda oldindan 3–4 mln olinadi, qolgan qismi o‘qish davomida to‘lanadi:

  • Davlat avtomaktablari - 6,5 mln so‘m (to‘liq o‘quv kursi)
  • Markaziy tumanlardagi yirik avtomaktablar - 7 mln so‘m (amaliyotli standart dastur)
  • Yashash mavzelaridagi avtomaktablar - 6 mln so‘m (jadval va yo‘riqchiga bog‘liq)
  • O‘z avtodromiga ega o‘quv markazlari - 7 mln so‘m (amaliyot o‘tash va avtodromda shug‘ullanish qulay)

Imtihon oldidan ko‘pchilikka qo‘shimcha amaliyot mashg‘ulotlari kerak bo‘ladi. Bunday mashg‘ulotlar yo‘riqchi bilan o‘tkaziladi va alohida pul to‘lanadi.

Yo‘riqchi bilan qo‘shimcha amaliyot necha pul

Toshkentda amaliyotning bir soati standart mashinalarda 100 000 so‘mdan boshlanadi va yangi modellarda 200–250 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Viloyatlarda tariflar pastroq, ammo ularga ham mashina turi va yo‘riqchi tajribasi ta’sir qiladi.

Ekspress-kurslar necha pul

Avtomaktablarda asosiy o‘qishni tugatganlar uchun ekspress-kurslar taklif qilinadi. Ekspress-kurslar narxi va mazmuni avtomaktab va o‘qitish shakliga qarab farq qiladi.

Ayollar avtomaktablarida o‘qish necha pul

Ayollar uchun avtomaktablarda o‘qish narxi odatiy avtomaktablardagidek: to‘liq kurs o‘rtacha 6–7 mln so‘mni tashkil etadi. Dastur YHXX talablariga to‘liq mos keladi, farq faqat shaklda: guruhlar ayollardan iborat bo‘ladi, darslarni esa ayol yo‘riqchilar olib boradi.

Avtomaktabda o‘qish uchun qanday hujjatlar kerak

Avtomaktabga kirish uchun quyidagi hujjatlar so‘raladi:

  • pasport yokiID karta
  • 083/y shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma
  • 4 dona 3x4 shaklidagi fotosurat

Ayrim avtomaktablar 083/y ma’lumotnomasini hamkor tibbiyot markazlari orqali o‘zlari shakllantiradi.

Tibbiy komissiyadan qanday o‘tish va 083/y shaklidagi tibbiy ma’lumotnomani olish mumkin

083/y ma’lumotnomasisiz o‘qishga ham, imtihonga ham qo‘yishmaydi.

Ma’lumotnomani my.gov.uz portali orqali onlayn rasmiylashtirish mumkin. «Tibbiy ma’lumotnoma olish (083/y shakli)» xizmatini tanlab, shaxsiy ma’lumotlarni kiritasiz. So‘ngra ma’lumotnoma berish huquqiga ega davlat yoki xususiy klinikada tibbiy tekshiruvdan o‘tasiz.

Hamma tibbiyot markazlari ham tizimga ulanmagan va bu ma’lumotnomani berish huquqiga ega emas, shu bois ularning 083/y rasmiylashtirish huquqi bor-yo‘qligini aniqlab olish lozim.

my.gov.uz orqali 083/y ma’lumotnomasini olish

Tibbiy tekshiruv oftalmolog, terapevt, otorinolaringolog va zarur hollarda nevrolog ko‘rigini o‘z ichiga oladi. Batafsil bu yerda - gov.uz

Tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun zarur hujjatlar:

  • pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat;
  • ikki dona 3,5 x 4,5 sm hajmidagi rangli fotosurat;
  • psixonevrologiya dispanseri ma’lumotnomasi;
  • narkologiya dispanseri ma’lumotnomasi;
  • to‘lov kvitansiyasi (tibbiy ko‘rik narxi tibbiy muassasa tomonidan belgilanadi).

Barcha mutaxassislar ko‘rigidan o‘tilgach, tibbiyot markazi ma’lumotlarni elektron tizimga kiritadi va ma’lumotnoma my.gov.uz dagi shaxsiy kabinetda ko‘rinadi.

083/y shaklidagi ma’lumotnoma

Tibbiy ma’lumotnoma shakllantirilib, o‘qish tamomlangach, imtihon topshirish uchun Yagona imtihon markazida ro‘yxatdan o‘tiladi.

Imtihon qanday o‘tadi

Imtihonlar Yagona imtihon markazida o‘tkaziladi. Nomzod onlayn ro‘yxatdan o‘tadi, qulay sanani tanlaydi va pasport bilan keladi.

Amaliy imtihondan o‘tish narxi uning sanasiga bog‘liq:

  • 1 mln so‘m – agar nazariy va amaliy imtihonlar bir kunda topshirilsa;
  • 1,2 mln so‘m – agar amaliy imtihon boshqa kuni topshirilsa.

Nazariy imtihon kuni 1 mln so‘m to‘lab, amaliy imtihondan keyinroq o‘tish mumkin, narx o‘zgarishsiz qoladi.

Yagona imtihon markazida ro‘yxatdan o‘tish

Avval nazariy imtihon - 20ta savoldan iborat kompyuter testi o‘tkaziladi. Savollarga javob berish uchun 25 daqiqa vaqt beriladi, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish uchun 20ta savoldan 18tasiga to‘g‘ri javob berish kerak. Savollarga misollar:

Agar qo‘shimcha belgilar bo‘lmasa, aholi punktida qanday maksimal tezlikda harakatlanish mumkin?

  • A) 50 km/s
  • B) 60 km/s
  • C) 70 km/s

To‘g‘ri javob: B

Haydovchi qanday hollarda piyodaga yo‘l berishi shart?

  • A) Piyoda o‘tish chizig‘i oldida turgan bo‘lsa
  • B) Piyoda zebra chizig‘i bo‘ylab yo‘lni kesib o‘tayotganda
  • C) Faqat svetofor ishlayotgan bo‘lsa

To‘g‘ri javob: B

Nazariy imtihondan keyin shu kunning o‘zida amaliy imtihon belgilanadi.

Amaliy imtihon markaz avtodromida o‘tkaziladi. U quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • «ilonizi»;
  • estakada;
  • parallel parkovka;
  • cheklangan makonda qayrilish;
  • belgilangan chiziqda to‘xtash.
imtihon markazi avtodromi

Imtihon boshlanishidan oldin xodim mashqlar ketma-ketligi va har bir elementga bo‘lgan talablarni tushuntiradi. Avtomaktabda o‘rgatgan bo‘lishsa ham, qo‘shimcha savollar berishingiz mumkin. Imtihon oluvchilar imtihondan oldin zarur tushunchalarni beradilar.

Rohat” avtodromi xaritasi

Baholash tizimi 100 balli shkalaga asoslanadi. Nomzod imtihonni 100 balldan boshlaydi va har bir qoidabuzarlik uchun undan jarima ballari olib tashlanadi. Ballar miqdori xato turiga bog‘liq. Masalan, piyodalar o‘tish joyiga juda yaqin to‘xtaganlik uchun taxminan 5 ball olib tashlanishi mumkin.

Tizim xatolarni qayd etadi va ularni ballarga aylantiradi. Agar xatolar summasi 99 balldan yuqori bo‘lsa, imtihon avtomatik ravishda topshirilmagan deb hisoblanadi.

Imtihon avtomobillarida qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda qayd etadigan datchiklar o‘rnatilgan. Ular inson omilini istisno qiladi: tizim trayektoriya, masofa va chiziqni kuzatadi hamda umumiy natijani shakllantiradi. Shu sababli amaliy imtihonda bahslashish imkoni yo‘q, qarorni yo‘riqchi emas, texnika qabul qiladi.

Imtihonni qanday qayta topshirish mumkin

Bosqichlardan biridan o‘ta olmagan taqdirda, yetti kundan keyin qayta topshirish mumkin. Navbatdagi har bir qayta urinish 1,2 mln so‘m turadi.

Batafsil bu yerda - gov.uz

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun qanday hujjatlar kerak

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun Yagona imtihon markaziga kelish yoki my.gov.uz orqali hujjat rasmiylashtirish kerak bo‘ladi.

Buning uchun quyidagi hujjatlar kerak:

  • pasport yoki ID karta
  • amaldagi 083/y shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma
  • Sertifikat

Amaliy imtihon muvaffaqiyatli topshirilishi bilan imtihondan o‘tganlik to‘g‘risidagi Sertifikat beriladi. U Davlat xizmatlari markazida haydovchilik guvohnomasiga almashtiriladi.

imtihondan keyin beriladigan sertifikat namunasi

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun qancha vaqt ketadi

Guvohnomani markazning bandligiga qarab 3-10 kun ichida olish mumkin. Amaliyotga ko‘ra, sertifikat guvohnoma olguncha vaqtinchalik ravishda avtomobil boshqarish huquqini beradi.

Nazariy va amaliy natijalar Imtihon markazida avtomatik ravishda ko‘rinadi, shuning uchun qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi.

Agar rasmiylashtirish my.gov.uz portali orqali amalga oshirilsa, pasport ma’lumotlari avtomatik ravishda kiritiladi, ma’lumotnoma esa tibbiy ko‘rikdan keyin ko‘rinadi. Yig‘im to‘lovi to‘langach, bir-uch kun ichida guvohnoma tayyor bo‘ladi. Yig‘im miqdori BHMning 0.7 baravariga teng: hozirda bu 288 400 so‘mni tashkil etadi.

Haydovchilik guvohnomasini olish necha pulga tushadi

Jami, qayta imtihon topshirishsiz:

8 388 400 – 9 638 400 so‘m

Haydovchilik guvohnomasi qancha muddat amal qiladi

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasi 10 yil davomida amal qiladi. Muddat tugagandan so‘ng hujjatni my.gov.uz portali orqali yoki YHXX bo‘limida yangilash kerak. Buning uchun ariza topshirish, agar tibbiy ma’lumotnoma muddati tugagan bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va yangi guvohnoma tayyorlash uchun to‘lovni amalga oshirish kifoya.

haydovchilik guvohnomasi

Haydovchilik guvohnomasining muddati o‘tgan bo‘lsa nima qilish kerak

Haydovchilik guvohnomasining muddati tugagan taqdirda, uni almashtirish tartibi qancha vaqt o‘tgani va avtomobil boshqarilganiga bog‘liq.

  • Muddat tugaganiga bir yildan kam bo‘lgan bo‘lsa: guvohnoma almashtirib beriladi, imtihon topshirilmaydi.
  • Muddat tugaganiga bir yildan oshgan va avtomobil boshqarmagan bo‘lsa: nazariy va amaliy imtihon topshirish talab qilinishi mumkin.
  • Muddati tugagan guvohnoma bilan mashina boshqarish: jarima solinadi.
  • Muddati tugagan guvohnomani olib kelish talab qilinadi.
  • Tibbiy ma’lumotnoma amal qilish muddati tugagan bo‘lsa, yangisi kerak bo‘ladi.
  • Guvohnoma Davlat xizmatlari markazida almashtirib beriladi.
  • Yangi guvohnoma muddati berilgan kunidan boshlab amal qiladi, eskisi tugagan kundan emas.
Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid