O‘zbekiston | 12:51
1461
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev dehqon va fermerlarga davlat mukofotlarini topshirdi

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev muassasa va korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, klasterlar, ilmiy tashkilotlar hamda hokimliklar vakillaridan iborat bir guruh soha fidoyilarini yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tantanali marosimda davlat rahbari noz-ne’mat yetishtirib, el dasturxoniga qut-baraka olib kirayotgan dehqon, fermer, bog‘bon, chorvador, suvchi, agronom va mexanizatorlarga bo‘lgan chuqur hurmat-ehtiromini izhor etdi.

«Albatta, bunday ulkan natijalar ortida dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligi turibdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ularning zahmati, mard va olijanob fazilatlari har qancha e’tirof va e’tiborga munosib. Shuning uchun ham bugun Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida sizlar bilan ko‘rishib, suhbatlashib, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlashga qaror qildim», – dedi prezident.

Mukofotlanganlar orasida paxtadan gektaridan 80–90 sentner, g‘alladan 115 sentnergacha hosil olgan, dalalarida suv tejovchi texnologiyalar va nasoslariga quyosh panellarini keng joriy etgan fermer va klasterlar, meva-sabzavot, chorva, parranda, baliqchilik va asalarichilikda intensiv usullarni qo‘llab, oziq-ovqat xavfsizligi va eksportga katta hissa qo‘shayotgan dehqon va tadbirkorlar bor.

Shuningdek, suv tanqis sharoitda kanallarni betonlash, suv hisobini yo‘lga qo‘yib, adolatli taqsimlayotgan irrigatsiya va melioratsiya xodimlari, qishloq va suv xo‘jaligiga ilm-fanning yangi yutuqlarini olib kirayotgan, urug‘chilik, naslchilik va agrotexnologiya bo‘yicha innovatsiyalar yaratayotgan olimlar ham davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Paxta, g‘alla va bog‘dorchilikda keskin o‘zgarishga erishgan Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek Quva, Baliqchi, Do‘stlik, Quyi Chirchiq va Nukus tumanlari hokimlari ham mukofot sohibi bo‘ldi.

Marosim yakunlarida davlat rahbari yuksak unvon, orden va medallarni o‘z egalariga shaxsan topshirdi.

Mavzuga oid