Jahon | 11:19 / 13.12.2025
3505
8 daqiqa o‘qiladi

Bolgariya yevroga o‘tish arafasida: ommaviy norozilik va hukumat iste’fosi

Bolgariyada yevroga o‘tishga sanoqli kunlar qolgan paytda soliqlarni oshirish va korrupsiyaga qarshi ko‘p ming kishilik namoyishlar avj oldi. Natijada parlament bosh vazir Rosen Jyelyazkov hukumati iste’fosini qabul qildi, mamlakatda esa navbatdan tashqari saylovlar ehtimoli kuchaydi.

Foto: Spasiyana Sergieva / Reuters / Scanpix / LETA

Bolgariya xalq yig‘ilishi (parlament) bosh vazir Rosen Jyelyazkov rahbarligidagi hukumatning iste’fosini ma’qulladi. Bir kun oldin u o‘zi lavozimini tark etishini e’lon qilgan edi. Bu mamlakatda bir necha hafta davom etgan ko‘p ming kishilik norozilik namoyishlaridan keyin sodir bo‘ldi: namoyishlar korrupsiyaga qarshi hamda 2026 yil budjeti loyihasiga qarshi qaratilgan edi. Loyiha davlat sektorida ishlovchilarni moliyalashtirish uchun xususiy biznesga soliqlarni oshirishni nazarda tutgan.

Hukumatning iste’fosi uchun ovoz berishda qatnashgan xalq yig‘ilishining 227 nafar deputatining barchasi iste’foni qo‘llab-quvvatladi. Bu qaror Bolgariya yevrohududga qo‘shilishiga 20 kun qolganida qabul qilindi. 1 yanvardan bu Yevroittifoq a’zosi bo‘lgan davlat milliy valuta — bolgar levi o‘rniga yevroda hisob-kitob qilishga o‘tishi kerak.

Foto: Nikolay Doychinov / AFP / Scanpix / LETA

Bolgariya bosh vaziri Rosen Jyelyazkov hukumat iste’fosini 11 dekabr kuni e’lon qildi. U millatga murojaatida shunday dedi: “Yoshlar, keksalar, turli etnik guruhlar vakillari [bizni] iste’foga chiqishga chaqirdi. Biz bu fuqarolik pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz”.

Jyelyazkov bu bayonotni parlamentda hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumi bo‘yicha ovoz berish arafasida tarqatdi. Votum muxolifat partiyalari deputatlari tashabbusi edi. Avvalroq, Jyelyazkov bosh vazir bo‘lganiga bir yil ham to‘lmay turib (u 2025 yil yanvardan bu lavozimda edi), uning hukumati besh marta ishonchsizlik votumini boshdan kechirgan. Kutilishicha, hukmron koalitsiya “Huquqlar va erkinliklar harakati — Yangi boshlanish” bloki ko‘magida oltinchi votumdan ham chiqib ketishi mumkin edi. Ammo, BalkanInsight yozishicha, iste’fo qarori kutilmagan bo‘ldi: keyingi keskinlik va mojarolar xavfiga qaramay, koalitsiyaga aslida jiddiy xavf yo‘q edi.

Hukumat iste’fosi mamlakat tarixidagi eng yirik norozilik to‘lqinlaridan biri ortidan keldi. Namoyishlar 26 noyabr kuni boshlangan. Unga turtki bo‘lgan narsa — hukumatning 2026 yil uchun budjet loyihasi. Unda boshqa narsalar qatori xususiy biznes uchun soliqlarni oshirish taklif qilingan, maqsad — davlat sektorida ish haqini ko‘tarishni moliyalashtirish.

Foto: Valentina Petrova / AP / Scanpix / LETA

Loyiha tanqidchilariga ko‘ra, hukmron koalitsiya shunday yo‘l bilan budjet tashkilotlarida ishlovchilarning sadoqatini qo‘lga kiritishga, davlat muassasalari ustidan nazoratni kuchaytirishga va xususiy biznes ta’sirini cheklashga uringan.

Deutsche Welle qayd etishicha, bolgariyaliklarni yana ikkita video g‘azablantirgan: unda hukmron koalitsiya deputatlari mamlakat uchun muhim qonun loyihalari bo‘yicha qarorlarni qanday qabul qilayotgani aks etgan. Bu videolar tezda “virus” bo‘lib tarqab, davlatdagi korrupsiyaning ramziga aylangan.

Birinchi rolikda muxolifat yo‘q paytda hukmron koalitsiya vakillari 26 soniya ichida AQSh sanksiyalari ostida qolgan “Lukoyl”ning mahalliy aktivlarini sotib olish haqidagi qonunni qabul qilayotgani ko‘rsatiladi.

Ikkinchi rolikda bahsli 2026 yil budjeti loyihasi bo‘yicha ovoz berish aks etgan: u tushlik tanaffusi vaqtida o‘tkazilgan — deputatlar binodan chiqqanda namoyishchilarga duch kelmasligi uchun.

Foto: Nikolay Doychinov / AFP / Scanpix / LETA

Noroziliklarga Yevropani qo‘llab-quvvatlovchi muxolifat partiyalari — “O‘zgarishlarni davom ettiramiz” va “Demokratik Bolgariya” boshchilik qilgan. OAV ayniqsa “Z avlod” vakillari namoyishlarda ommaviy qatnashganini ta’kidlagan. Aksiyalardan videolar va siyosiy memlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi, ko‘plab plakatlarda hokimiyatga murojaat bor edi: “Siz noto‘g‘ri avlodni g‘azablantirdingiz”, deb yozadi Deutsche Welle.

18 yoshli bolgar o‘quvchisi va faol Martin Atanassov DWga shunday degan: “Budjet namoyishlarga sabab bo‘ldi, ammo muammoning ildizi chuqurroq. Biz Bolgariyada qolish, bu yerda biznes boshlash yoki oila qurish uchun kelajakni ko‘rmayapmiz”.

Hukumat bahsli budjet loyihasini oxir-oqibat qaytarib oldi va uni qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi. Lekin namoyishlar davom etdi — endi asosiy talablar hukumat iste’fosi va korrupsiyaga qarshi kurashga aylandi.

10 dekabr kuni — hukumat iste’fosi arafasida — Sofiya markazidagi Mustaqillik maydonida turli baholarga ko‘ra 100–150 ming kishi to‘plangan. Namoyishchilar parlament binosiga “Iste’fo”, “Mafiya chiqib ketsin” va “Adolatli saylovlar uchun” degan shiorlarni osib qo‘ygan. Aksiyalar Bolgariyaning boshqa shaharlarida ham, hatto mamlakat tashqarisida ham o‘tgan.

Namoyishchilar talabini Bolgariya prezidenti Rumen Radev ham qo‘llab-quvvatlab, hukumatni iste’foga chiqishga chaqirgan.

Namoyishlar asosan tinch o‘tgan. BalkanInsight yozishicha, noyabr oxirida politsiya bilan namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan, ammo jiddiy keskinlashuv kuzatilmagan. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani haqida ham xabarlar chiqqan. Euronews bolgar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Sofiyadagi aksiyalar paytida 57 kishi ushlangan, taxminga ko‘ra, ular provokatorlar bo‘lgan.

Foto: Borislav Troshev / EPA / Scanpix / LETA

Namoyishchilarning alohida g‘azabini siyosatchi va biznesmen Delyan Peyevski, shuningdek sobiq bosh vazir Boyko Borisov keltirib chiqargan.

Peyevski — “Huquqlar va erkinliklar harakati” partiyasi yetakchisi. Bu partiya rasman hukmron koalitsiyaga kirmasa-da, uni muntazam qo‘llab-quvvatlaydi. Peyevski ehtimoliy korrupsiya uchun AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida, shuningdek u avval Bolgariyadagi eng ommabop kundalik gazetalarga egalik qilgan. 2018 yilda “Chegara bilmas muxbirlar” Peyevskini “korrupsiya va OAV, siyosatchilar va oligarxlar o‘rtasidagi til biriktirish”ning timsoli, deb atagan. Raqiblari uni davlat siyosatini oligarxiya manfaatlari uchun shakllantirishda ayblaydi.

Borisov uch marta bosh vazir bo‘lgan (2009–2013, 2014–2017, 2017–2021). Uning hukumatlari ikki marta — 2013 va 2021 yillarda korrupsiya va energiya narxlarining yuqoriligiga qarshi milliy namoyishlar fonida iste’foga chiqqan. Borisov hozirgi hukmron koalitsiyadagi GeRB (“Bolgariyaning Yevropa taraqqiyoti uchun fuqarolar”) partiyasining asoschisi va raisi. Borisov boshchiligidagi so‘nggi hukumat parchalanganidan beri mamlakatda yetti marta saylovlar o‘tkazilgan.

Jyelyazkov hukumati iste’fosidan keyin Bolgariya prezidenti parlamentdagi eng katta partiya — GeRBga yangi vazirlar mahkamasini tuzish uchun mandat berishi kerak. Ammo Borisov mandatdan voz kechishini ishora qilgan. Agar boshqa partiyalar ham mandatni qabul qilmasa, Radev vaqtincha ma’muriyat tayinlab, muddatidan oldin saylov e’lon qiladi. Reuters qayd etishicha, bunday ssenariyda Bolgariya partiyalar ishlaydigan koalitsiya tuzishga ulgurmasa, yana takroriy saylovlar aylanmasiga kirib qolishi mumkin.

Ichki siyosatdagi muammolarga qaramay, Bolgariyaning yevrohududga qo‘shilishi xavf ostida emas. Xususan, Yevrokomissiya mamlakat buning uchun zarur talablarni allaqachon bajarganini tasdiqlagan va uni yevrohududga qabul qilish haqidagi qaror o‘z kuchida qolishini bildirgan.

Mavzuga oid