Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Strasburgda fermerlar YeIning Merkosur bilan kelishuviga qarshi chiqdi
Yevroparlament binosi oldida Fransiya, Germaniya, Belgiya va Italiyadan kelgan fermerlar norozilik aksiyasi o‘tkazmoqda. Ular YeI bilan Janubiy Amerikaning Merkosur blogi davlatlari o‘rtasidagi savdo kelishuvini imzolashdan voz kechishni talab qilmoqda.
Foto: Nicolas Tucat/AFP/Getty Images
Seshanba, 20 yanvar kuni ertalab Fransiyaning Strasburg shahrida fermerlar Janubiy Amerikaning Merkosur (Mercosur) blogi mamlakatlari bilan erkin savdo kelishuvi tuzilishiga qarshi norozilik aksiyalarini boshladi. AFP agentligi qayd etishicha, agrariylar chorshanba kuni ushbu hujjatni ma’qullash bo‘yicha belgilangan ovoz berish oldidan Yevroparlament deputatlariga bosim o‘tkazmoqchi.
Fransiya fermerlar kasaba uyushmasi FNSEA Strasburgda turli YeI mamlakatlaridan taxminan 4000 nafar fermer va 700 tagacha traktor to‘planishini kutgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, aksiyada faqat fransiyalik fermerlar emas, balki Germaniya, Belgiya va Italiyadan kelganlar ham ishtirok etmoqda. Noroziliklar sababli politsiya Strasburgdagi Yevroparlament binosini to‘siqlar bilan o‘rab qo‘ygan. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchilar suv sepuvchi mashinalarni ham shay holatda ushlab turibdi.
9 yanvar kuni, 25 yillik muzokaralardan so‘ng, Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI davlatlari vakillari uchrashuvi qatnashchilarining ko‘pchiligi YeI bilan Merkosur birlashmasi o‘rtasida erkin savdo kelishuvini qo‘llab-quvvatladi. Merkosur tarkibiga Braziliya, Argentina, Urugvay va Paragvay kiradi. Hujjatni imzolash marosimi 17 yanvar kuni Paragvay poytaxti Asunson shahrida bo‘lib o‘tdi. YeI nomidan imzolashda Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ishtirok etdi.
Bu — YeI tarixidagi eng yirik savdo kelishuvi. Bryusselda umid qilishicha, u YeIdan Janubiy Amerikaga tovarlar eksportini yiliga 39 foizga (taxminan 49 mlrd yevro) oshiradi va shu tariqa butun Yevropa bo‘ylab 440 mingdan ortiq ish o‘rnini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Yevropa kompaniyalari eksport bojlaridan yiliga taxminan 4 mlrd yevro tejashi mumkin. YeI uchun eng katta imkoniyatlar, asosan, avtomobilsozlik, mashinasozlik va farmatsevtika sohalarida paydo bo‘lishi aytilmoqda. Merkosur mamlakatlarining asosiy eksport tovarlari esa — tabiiy xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari.
Kelishuv kuchga kirishi uchun uni hali Yevroparlament ham ma’qullashi kerak. Xabar qilinishicha, YeP deputatlarining bir guruhi kelishuvning kuchga kirishini to‘xtatib turish uchun YeI sudiga murojaat yo‘llashni rejalashtirmoqda.
Yevropada ishlab chiqarish standartlariga har doim ham mos kelavermaydigan va arzon bo‘lishi mumkin bo‘lgan tovarlar bilan raqobatdan xavotirlanib, YeIdagi qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari kelishuvni imzolash haqidagi qarorni keskin tanqid qilmoqda. 9 yanvar kuni shunga o‘xshash noroziliklar Polsha, Fransiya va Belgiyada ham o‘tgan.
Ertasi kuni Irlandiyada ham fermerlarning o‘xshash aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Norozilar traktorlarida Atlon shahriga yig‘ilgan, traktorlarga esa quyidagi yozuvlar tushirilgan shitlar qotirilgan: “Mercosur’ga yo‘q”, “Irlandiya fermerlarini qo‘llab-quvvatlang” va “Nemis avtomobillari uchun oilaviy fermer xo‘jaliklarini qurbon qilmang”.
Mavzuga oid
13:48 / 20.01.2026
Chexiya bosh vaziri: YeI Putin bilan muzokara olib borishi kerak edi
13:00 / 20.01.2026
Yevroittifoqning Grenlandiya bo‘yicha favqulodda sammiti 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi
08:30 / 19.01.2026
Yevroittifoq Grenlandiya sabab AQShga qarshi javob bojlari tayyorlamoqda
03:55 / 18.01.2026