Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Elektron retsept ro‘yxatini Ekspertlar kengashi bosqichma-bosqich shakllantiradi
Adliya vazirligida “Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini belgilaydigan nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, retsept asosida beriladigan ayrim dori vositalari endilikda elektron shaklda tayinlanadi va tasdiqlanadi.
“Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami: 3725-son, 2025 yil 15 dekabr).
Nizomga muvofiq, bemorga tayinlangan dori vositalari haqidagi ma’lumot elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi. Retsept esa elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlanadi.
Elektron retseptga o‘tkaziladigan dori vositalarining guruhlarini shakllantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan Ekspertlar kengashi tashkil etiladi. Mazkur kengash elektron retsept tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkaziladigan dori vositalari ro‘yxatini shakllantirib boradi.
Qayd etilishicha, retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlashning 1-bosqichida quyidagi guruhlar qamrab olinadi:
antibiotiklar va tizimli ta’sir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari;
tizimli ta’sir etuvchi gormonal dori vositalari.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tashkil qilingan 1003 qisqa raqamli Call-markaz orqali yotoq rejimida bo‘lgan va surunkali kasallikka chalingan bemorlar uchun qator imkoniyatlar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Jumladan, ular o‘zlari biriktirilgan oilaviy shifokorga murojaat qilishi, shuningdek davolash kursini davom ettirish uchun oilaviy shifokor yoki tor soha mutaxassisiga masofadan murojaat qilish orqali elektron retsept olishi mumkin bo‘ladi.