O‘zbekiston | 12:29 / 16.12.2025
1032
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning yangi elchisi Rim papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Vatikanning Havoriylar saroyida O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov Rim papasi Lev XIVga ishonch yorliqlarini topshirdi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi islohotlar, dinlararo totuvlik va O‘zbekiston–Vatikan hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi.

Foto: “Dunyo” AA

Vatikanning Havoriylar saroyida bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov Rim papasi Lev XIVga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Suhbat chog‘ida elchi O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti nomidan Rim Papasiga samimiy salom va eng ezgu tilaklarni yetkazdi.

Rim Papasi Lev XIV esa O‘zbekiston prezidenti va xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etdi. U diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 33 yil davomida O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasida turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik hamda o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiluvchi hamkorlik salohiyati shakllanganini ta’kidladi.

Uchrashuvda Samarqandning Sharq va G‘arb dunyosiga ta’sir ko‘rsatgan falsafiy hamda diniy tafakkurning yirik markazi sifatidagi ahamiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar O‘zbekistonning dinlararo totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillarini ilgari surish tarafdori ekani, bu boradagi xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida Rim papasi Lev XIV o‘zbek xalqining gullab-yashnashi uchun ibodat qilishini bildirib, O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi do‘stlik va konstruktiv hamkorlik yanada mustahkamlanishini tiladi.

Ma’lumot uchun: Farrux Tursunov O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi hisoblanadi. U 2024 yil 9 aprel kuni Ispaniya qiroli Filipp VIga ishonch yorliqlarini topshirgan. Shuningdek, u o‘rindoshlik asosida O‘zbekistonning Andorradagi elchisi bo‘lib, 2025 yil 11 mart kuni Andorra hamraisi — Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan.

Mavzuga oid