Jahon | 17:58 / 16.12.2025
7091
3 daqiqa o‘qiladi

«Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘lini moliyalashtirish miqdori taqsimlandi

Uch davlat vakillari umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholangan loyihani moliyalashtirish miqdori bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: 24.kg

«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihasini moliyalashtirishga mo‘ljallangan kredit bitimi imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasiga tayanib 24.kg xabar berdi.

Kelishuv «Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi» MChJ (qo‘shma loyiha kompaniyasi) va Xitoy davlat taraqqiyot banki va «Eksimbank»ni o‘z ichiga olgan Xitoy banklari sindikati o‘rtasida tuzilgan.

Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Taxminan 2,3 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ning yarmi Xitoy tomonidan uch davlat tomonidan tashkil etilgan qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi.

Qolgan 2,3 milliard dollar uch davlat tomonidan kompaniya ustav kapitaliga quyidagi foiz nisbatida kiritiladi: Xitoy - 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston - har biri 24,5 foizdan.

Hujjatni imzolash marosimida so‘zga chiqqan Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Baxit Torobayev investitsiya bitimining asosiy qoidalaridan biriga ko‘ra, loyihani to‘liq moliyaviy ta’minlash 2025 yil 20 dekabrgacha yakunlanishi kerakligini ta’kidladi.

«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi» MChJ bosh direktori Chjou Sin qo‘shma loyiha kompaniyasi nafaqat jalb qilingan mablag‘lardan samarali foydalanishga, balki kelishuv bo‘yicha barcha majburiyatlarning ishonchli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga ham e’tibor qaratishini ta’kidladi.

«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi mintaqadagi texnik va muhandislik jihatdan eng murakkab loyihalardan biridir. Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu - jami yo‘lning qariyb 40 foizi tunnel va ko‘priklar orqali o‘tadi, degani. Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi.

Mavzuga oid