Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
DXSh qonunchiligida tender va to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar tartibi o‘zgaradi
“Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasida DXSh loyihalarini amalga oshirishda tender hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar mexanizmlarini aniqlashtirish va qayta tartibga solish taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasida DXSh mexanizmlari qachon majburiy qo‘llanilishi belgilanmoqda. Xususan, ijtimoiy ne’mat xususiyatiga ega tovar, ish yoki xizmatlar bo‘yicha xususiy sektorni jalb qilish, davlat budjeti oldida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki shartli (fiskal) majburiyatlar yuzaga kelishi va davlat hamda xususiy sherik o‘rtasida xatarlarni taqsimlash tamoyili qo‘llanilishi kabi talablar mavjud bo‘lsa, loyiha mazkur Qonun asosida amalga oshirilishi shart etib belgilanyapti.
Loyihada xususiy tashabbuskor swiss challenge mexanizmi orqali DXSh loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish va potensial davlat sheriga taqdim etish huquqiga ega bo‘lishi ko‘rsatilgan. Potensial davlat sherigi esa konsepsiyani olgandan so‘ng 30 kalendar kun ichida uni ma’qullash, rad etish yoki maromiga yetkazish uchun qaytarish bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Agar konsepsiya tasdiqlansa, potensial davlat sherigi loyihani amalga oshirishdan manfaatdor talabgorlarni aniqlash uchun qiziqish bildirish so‘rovini e’lon qilishi nazarda tutilgan. E’londa loyiha nomi va qisqacha mazmuni, joylashuvi, amalga oshirish davri, rejalashtirilayotgan kapital xarajatlar, xususiy sherik tushum manbalari va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash turlari kabi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Loyihaga ko‘ra, agar belgilangan malaka talablariga javob beradigan talabgorlardan birortasi loyihaga qiziqish bildirsa, xususiy sherikni aniqlash tender asosida amalga oshiriladi.
Agar esa qiziqish bildirish so‘rovi e’lon qilinganidan keyin 30 kalendar kun ichida hech qanday talabgor chiqmasa, potensial davlat sherigi xususiy tashabbuskor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga o‘tishi mumkinligi belgilangan. Shu holatda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim loyihasining qiymatidan qat’i nazar, vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda, tender o‘tkazmasdan bitim tuzish mexanizmi taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, qiymati 1 mln AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan loyihalarda qiziqish bildirish so‘rovi muddatini vakolatli organ bilan kelishgan holda 90 kungacha uzaytirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasida bir bosqichli tender o‘tkazish bo‘yicha qoidalar ham batafsil yoritilgan. Jumladan:
- tender hujjatlarini talabgorlarga belgilangan muddatda taqdim etish;
- tender takliflarini berish uchun kamida 45 kun muddat belgilash;
- xususiy tashabbuskor tenderda ishtirok etmasligi;
- talabgor taklifi xususiy tashabbuskor taklifidan yaxshiroq deb topilsa, ushbu shartlar asosida bitimni xususiy tashabbuskorga taklif etish (swiss challenge);
- xususiy tashabbuskor rad etsa, bitim eng yaxshi taklif bergan talabgor bilan tuzilishi kabi tartiblar kiritilmoqda.
Loyihada tender natijasida bitim xususiy tashabbuskor bilan tuzilmagan taqdirda, xususiy tashabbuskorning loyihani tayyorlashga ketgan haqiqiy xarajatlari belgilangan tartibda qoplanishi, ammo bu miqdor loyiha umumiy qiymatining 3 foizidan oshmasligi ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasi qabul qilinsa, DXSh loyihalarida tender va to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar tartibi, shuningdek swiss challenge mexanizmi amaliy jihatdan yanada aniq va bir xil qoidalar asosida qo‘llanishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
08:49 / 04.06.2026
Toshkentda 40 ta zamonaviy AYoQSh qurish rejalashtirilmoqda
19:17 / 16.04.2026
21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
21:12 / 15.03.2026
Jizzaxda tenderda g‘olib chiqishga yordam berish evaziga pul talab qilganlar ushlandi
08:35 / 09.02.2026