Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Baykal atrofida “sanitar” maqsadda o‘rmonlarni kesishga ruxsat berdi
Ekologlar va olimlar ogohlantirishicha, yalpi kesish imkoniyati ko‘lni muhofaza qilishni zaiflashtiradi va uning sohillarini qurilishga ochib beradi, bu esa oxir-oqibat Baykalning noyob ekotizimini vayron qiladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Baykal ko‘li atrofidagi tabiatni muhofaza qilish hududida nobud bo‘lgan o‘rmonlarni yalpi kesishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Bir necha kun oldin Davlat dumasi va Federatsiya kengashi tomonidan qabul qilingan hujjat seshanba, 16 dekabr kuni rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.
Yangi qonun, agar avval tanlab kesish (selektiv) o‘tkazilib, o‘rmon qoplami tiklanishiga olib kelmagan bo‘lsa, o‘rmonlarni “sanitar” maqsadda yalpi kesishga yo‘l qo‘yadi. Bunda yalpi kesish amalga oshiriladigan hududlarni maxsus komissiya ruxsatidan keyin hukumat belgilaydi. Komissiya tarkibiga Davlat dumasi deputatlari, senatorlar, prezident ma’muriyati va hukumat vakillari, FSB hamda Baykal hududidagi ikki mintaqa — Irkutsk viloyati va Buryatiyaning oliy mansabdor shaxslari kiradi.
Bundan tashqari, yangi me’yor Baykal atrofidagi hududlar maqomini “tabiatni muhofaza qilish o‘rmonlari”dan “qurilishga yaroqli yerlar”ga o‘zgartirishga ham yo‘l qo‘yadi. Bu esa yo‘llar va boshqa obektlar qurilishi uchun yo‘l ochadi.
Baykal tabiiy hududining markaziy ekologik zonasida yalpi kesish haqidagi qonunni qabul qilishga ikki yil avval ham urinish bo‘lgandi. 2023 yil iyul oyida Davlat dumasi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagan, biroq shundan keyin keng ko‘lamli tanqid to‘lqini kuzatilgan.
Ekologlar va olimlar Baykalga katta zarar yetishi va amaldagi qonunlar buzilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Ular yalpi kesish imkoniyati ko‘lni muhofaza qilishni zaiflashtiradi va uning sohillarida qurilish avj olishiga olib keladi, bu esa, oxir-oqibat, Baykalning noyob ekotizimini yo‘q qiladi, deb hisoblaydi.
Loyiha tanqidchilari ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilik ham Baykal atrofida nobud bo‘lgan o‘rmonni kesishni taqiqlamas edi — taqiq faqat yog‘ochni olib chiqib ketishga qo‘yilgan. “Bunday cheklov o‘rmon sanoati kompaniyalarida qadimiy o‘rmonlarni yog‘ochini sotish uchun kesishga qiziqish bo‘lmasligi uchun o‘ylab topilgan edi. Endi esa Davlat dumasi ularga bunday imkoniyatni bermoqchi”, — deyiladi dekabr boshida e’lon qilingan, Putinga yo‘llangan murojaat mualliflari bayonotida.
Baykal ko‘li YuNeSKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Rossiyada joylashgan 29 obektdan biri, shuningdek tabiiy mezonlar asosida ro‘yxatga kiritilgan 11 obektdan biri hisoblanadi. Bu ro‘yxatga, masalan, Komi o‘rmonlari va Kamchatka vulqonlari ham kiradi.
Mavzuga oid
18:53
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
09:15 / 09.06.2026
Putin va Netanyahuga order bergan prokuror vaqtincha ishdan olindi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
22:09 / 08.06.2026