Jahon | 16:35 / 19.12.2025
2916
2 daqiqa o‘qiladi

Mayamidagi muzokaralarga ham Ukraina, ham Rossiya delegatsiyalari keladi

Mayamiga Ukraina delegatsiyasi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov boshchiligida kelishi kutilmoqda. Ilgari Mayamiga Rossiya delegatsiyasi ham kelishi haqida xabar berilgan edi, biroq AQSh ishtirokida uch tomonlama uchrashuv rejalashtirilmagan.

Foto: Getty images

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov boshchiligidagi ukrain delegatsiyasi urushni to‘xtatish rejasini muhokama qilish uchun AQShga yo‘l oladi, deb xabar qildi Axios nashri 18 dekabr, payshanba kuni manbalarga tayanib.

Manbalarga ko‘ra, haftaning oxirida Ukraina vakillari Mayamida AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Amerika prezidentining kuyovi Jared Kushner bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Prezident Zelenskiy 18 dekabr kuni Kiyevda Ukraina delegatsiyasi AQSh tomoni bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha yangi muzokaralar uchun AQShga jo‘nab ketganini tasdiqladi. U delegatsiya tarkibi haqida hech narsa demadi, ammo ehtimol muzokaralarda yevropalik siyosatchilar ham ishtirok etishi mumkinligini qayd etdi.

Avvalroq Politico nashri 20–21 dekabr, dam olish kunlari Mayamida Rossiya delegatsiyasi ham kutilayotgani haqida yozgan edi. U delegatsiyaga Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev boshchilik qiladi. U ham Uitkoff va Kushner bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Axios manbalari hozircha AQSh, Ukraina va Rossiya vakillari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi ko‘zda tutilmaganini ta’kidlaydi.

Uitkoff va Kushner 14–15 dekabr kunlari Berlinda Ukraina va bir qator Yevropa mamlakatlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Axios qayd etishicha, bu uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha AQSh tomoni urush tugasa, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berishga va’da qilgan. Biroq Kiyev tomonidan ehtimoliy hududiy yon bosish masalasi hal etilmagan holicha qolgan.

Dekabr oyi boshida Stiv Uitkoff va Jared Kushner Moskvaga borib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazgan. Tomonlar bu muzokaralar tafsilotlarini oshkor etmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid