Jahon | 14:30 / 19.12.2025
1343
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dumasi amaldorlarga daromadi haqida hisobot bermaslikka ruxsat berdi

Bir hafta ichida RF Davlat dumasi davlat xizmatchilari har yili daromad deklaratsiyasini topshirishi va e’lon qilishi majburiyatini bekor qiladigan qonun loyihasini qabul qildi. Ilgari Putin G‘arb sanksiyalariga tushganlarga bunday imtiyoz bergan edi.

Foto: REUTERS

RF Davlat dumasi bor-yo‘g‘i bir hafta ichida korrupsiyaga qarshi qonunlarga kiritilgan tuzatishlarni qabul qildi — ularga ko‘ra, amaldorlar va deputatlar har yili daromad deklaratsiyasini topshirish majburiyatidan ozod qilinadi.

18 dekabr, payshanba kuni Davlat dumasi deputatlari uchinchi o‘qishda qabul qilgan qonun loyihasi davlat yoki munitsipal xizmatda, davlat korporatsiyalarida hamda davlat ulushi bor tashkilotlarda lavozim egallagan fuqarolarga bunday deklaratsiyalarni faqat “alohida holatlar”da taqdim etish imkonini beradi. 2009 yildan buyon ular va oila a’zolari har yili daromad va xarajatlari haqida hisobot berib kelgan edi.

Qonun loyihasi mualliflaridan biri Vasiliy Piskaryov (“Yedinaya Rossiya”) aytishicha, shu yo‘l bilan har bahorda takrorlanadigan “eskicha nazorat tizimi”dan voz kechish mumkin bo‘ladi. U bu yangilik Rossiya amaldorlari ustidan korrupsiyaga qarshi nazoratga ta’sir qilmasligini, “raqamlashtirish” va “moliyaviy ahvolni doimiy monitoring qilish” hisobiga nazorat saqlanib qolishini ta’kidladi.

Gap 2022 yilda paydo bo‘lgan va prezident administratsiyasi muvofiqlashtiradigan yopiq davlat axborot tizimi — “Poseydon” haqida ketmoqda. Unda har qanday mansabdor shaxsning moliyaviy ahvoli haqidagi ma’lumotlar, yillik deklaratsiyalardan farqli o‘laroq, jamoatchilik nazorati uchun ochiq emas.

Yangi qonun loyihasida saylovlarda ishtirok etadigan amaldorlar va mansabdorlar (masalan, Davlat dumasiga saylovda) uchun daromad deklaratsiyalarini majburiy e’lon qilish talabi o‘zgarmasdan qoldirilgan.

Agar qonun loyihasi Federatsiya kengashidan o‘tib, yil oxirigacha Vladimir Putin tomonidan imzolansa, uning qoidalari 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

2022 yil dekabrida Rossiya prezidenti farmoni bilan amaldorlarga yillik daromad deklaratsiyalarini internetda e’lon qilmaslik va jurnalistlar so‘roviga binoan taqdim etmaslikka ruxsat berilgan edi. Farmon matnida Vladimir Putin harbiylar va Ukrainadagi urush ishtirokchilarini ham bunday deklaratsiyalarni topshirish majburiyatidan ozod qilgan.

2023 yil iyulida Davlat dumasi deputatlari korrupsiyaga qarshi qonunchilikka yana tuzatish kiritgan edi. O‘shanda ular “o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlar” tufayli daromad deklaratsiyasini o‘z vaqtida topshira olmagan amaldorlarni javobgarlikdan ozod qilgan. Bunday holatlar qatorida, jumladan, xorijiy davlatlar sanksiyalari ham ko‘rsatilgan.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, amaldorlar deklaratsiyani (lekin uni ommaga oshkor qilmasdan) lavozimga tayinlanish yoki boshqa lavozimga o‘tkazilishdan oldin, shuningdek, federal kadrlar zaxirasiga kiritilishda taqdim etishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, agar hisobdor shaxslar bir yil ichida oilasining uch yillik daromadidan yuqori summaga aksiyalar, ko‘chmas mulk yoki kriptovaluta sotib olgan bo‘lsa, deklaratsiya taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Bunda qonun loyihasi amaldorlar turmush o‘rtog‘i va farzandlarining daromadlari haqida ma’lum qilishni davom etishini ham belgilaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid