Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO bosh kotibi Ryutte Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
Mark Ryutte Rossiya tomonidan tahdid borligidan ogohlantirdi va alyans a’zolari mudofaa xarajatlarini oshirish haqidagi qarorga amal qilishi, shuningdek, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi kerakligini aytdi.
G‘arbning ko‘plab mamlakatlarida 25 dekabrda nishonlanadigan Rojdestvo arafasida Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi Mark Ryutte Kiyev ittifoqchilarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni susaytirmaslikka chaqirdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin rahbarligidagi Rossiya NATOga a’zo davlatlardan biriga hujum qilib qolishining oldini olish uchun Ukraina kuchli holatda qolishiga erishish zarur, deya ta’kidladi Niderlandiyaning sobiq bosh vaziri dpa agentligiga bergan intervyusida. Intervyu seshanba kuni, 23 dekabrda, e’lon qilindi.
Shu bilan birga, NATO a’zolari joriy yil iyun oyida Haagada bo‘lib o‘tgan sammitda qabul qilingan qarorga amal qilishi, 2035 yilga qadar mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha yetkazishi kerak, dedi u. “Agar biz shu ikki ishni qilsak, o‘zimizni himoya qilish uchun yetarlicha kuchli bo‘lamiz va Putin hech qachon bunday qilishga (NATO tarkibidagi biror davlatga hujum qilishga — Tahr.) urinmaydi”, — dedi Mark Ryutte.
Mudofaa xarajatlarini oshirish haqida gapirganida, u alohida ravishda Germaniyani ta’kidladi. “Germaniya hozir qilayotgan ishlar haqiqatan ham ta’sirli, — dedi u. — Germaniyasiz hech narsa chiqmaydi. U boshqalarga o‘zining yetakchi rolini ko‘rsatishi kerak — va u buni qilyapti”. Ryutte Berlin mudofaa xarajatlarini YaIMning 3,5 foiziga 2035 yilgacha emas, balki 2029 yilga qadar yetkazishni maqsad qilganini eslatdi. 2024 yilda Germaniyaning mudofaa xarajatlari YaIMning 2 foizini tashkil etgan.
Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi fikricha, qurol-yarog‘ni ko‘paytirish juda tez sur’atlarda kechishi kerak. “Maxfiy xizmatlarning turli baholashlariga ko‘ra, vaziyat 2027, 2029 yoki 2031 yildan boshlab xavfli tus olishi mumkin”, — deya ogohlantirdi u. Rossiya tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdid haqida gapirar ekan, Ryutte hozirgi kunda RF o‘z budjetiga kiritilgan mablag‘larning taxminan 40 foizini harbiy ehtiyojlarga sarflayotganini eslatdi.
“Bundan tashqari, Ukrainadagi urushdan ko‘rinib turibdiki, Putin 1,1 mln odamni qurbon qilishga tayyor”, — dedi NATO bosh kotibi, Rossiya tomonidan halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni bo‘yicha baholarni nazarda tutgan holda.
Jurnalistlarning AQShning Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlari kelayotgan yilda muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkinmi, degan savoliga NATO bosh kotibi bashorat qilishni istamasligini bildirdi. “Faqat shuni ayta olamanki, amerikaliklar, yevropaliklar va, albatta, ukrainlar bu borada nihoyatda jiddiy mehnat qilyapti”, — dedi dpa suhbatdoshi.
Shu bilan birga, Mark Ryutte urush tugagandan so‘ng mustahkam xavfsizlik kafolatlari berilishi kerakligini qo‘shimcha qildi: “Putin shuni bilsinki: agar u yana bir bor bunday qilishga (Ukrainaga hujum qilishga — tahr.) urinsa, javob vayronkor bo‘ladi”.
NATO bosh kotibining aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp rahbarligida AQSh qo‘llab-quvvatloviga yevropalik ittifoqchilar endi tayana olmasligi mumkin, degan xavotiri yo‘q. “Men AQSh haqida umuman xavotir olmayman, chunki AQSh o‘zining NATOga sadoqatini his qiladi”, — dedi u.
“Milliy xavfsizlik strategiyasida aniq ko‘rsatilgan: xavfsiz Yevropa, shuningdek, NATO mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik AQSh uchun ustuvor yo‘nalishdir, — deya davom etdi Ryutte. — Bundan tashqari, AQShning NATO doirasida o‘zining juda aniq manfaatlari bor”. Shu munosabat bilan u AQSh uchun muhim masalalardan biri Arktika ekanini eslatdi: “uni esa faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan himoya qilish mumkin”.
Mavzuga oid
16:47 / 10.06.2026
Ukraina «Flamingo» raketalari bilan Cheboksarga zarba berdi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:25 / 09.06.2026
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45 / 09.06.2026