Jahon | 15:05 / 24.12.2025
2650
4 daqiqa o‘qiladi

Vadeful: Ukraina bilan urush tugagach, RF NATOga hujum qilishi mumkin

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadefulning aytishicha, Rossiya Ukraina bilan tinchlik shartnomasi tuzilgandan keyin NATOga a’zo davlatlardan biriga hujum qilishi mumkin. “Yevropaning xavfsizligi faqat Rossiyadan himoyalangan xavfsizlik sifatidagina mumkin”, - deb ta’kidladi u. Vadeful fikricha, shu sababli Germaniyada mudofaa sa’y-harakatlarini qisqartirish uchun hech qanday asos yo‘q.

Foto: Kira Hofmann/AA/IMAGO

Rossiya Ukraina bilan tinchlik shartnomasi tuzilganidan keyin NATOga a’zo davlatlardan biriga hujum qilishi mumkin. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful 23 dekabr, seshanba kuni dpa agentligiga bergan intervyusida aytdi. “Yevropaning xavfsizligi faqat Rossiyadan himoyalangan xavfsizlik sifatidagina mumkin”, — dedi Vadeful. Shuning uchun Germaniya Ukrainaga ko‘mak berishni davom ettirishdan manfaatdor, deb hisoblaydi u.

Vadeful Kreml Ukrainadagi sulh (to‘xtash)dan foydalanib, NATO hududiga hujum qilishi mumkin bo‘lgan ssenariy ehtimolini baholashdan bosh tortdi. “Men faqat shunday voqea uchun tayyor turishni maslahat bera olaman”, — deb qo‘shimcha qildi u. Uning ta’kidlashicha, Germaniyada mudofaa sa’y-harakatlarini qisqartirishga sabab yo‘q: Kreml bilan munosabatda Yevropa kuchli pozitsiyadan harakat qilishi kerak. Agar Rossiya armiyasi Ukrainada barqaror harbiy muvaffaqiyatga erishsa, “bu NATO uchun jiddiy tahdid bo‘ladi”, — deb ogohlantirdi vazir.

Ana shuning o‘zi Ukrainaga ko‘mak berish Yevropa qit’asining xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq vazifa bo‘lib qolayotganini anglatadi. “Ukrainada tinchlik bilan bog‘liq vaziyat qanchalik barqaror bo‘lsa va Ukraina o‘z manfaatlarini qanchalik tezroq himoya qila olsa, bu butun Yevropa uchun shunchalik yaxshi bo‘ladi”, — dedi Vadeful.

Avvalroq shunga o‘xshash bahoni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham bildirgan edi. Uning fikricha, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda ko‘rgan yo‘qotishlaridan keyin jang qobiliyatini tiklab olgandan so‘ng, 2029 yildayoq NATOga a’zo davlatlardan biriga hujum qilishi mumkin.

Bu fikrni Bundesverning operativ qo‘mondonligi rahbari bo‘lgan nemis general-leytenanti Aleksander Zollfrank ham qo‘llab-quvvatlaydi. “Rossiya hatto ertaning o‘zida ham NATO hududiga kichik miqyosda zarba berishi mumkin”, — dedi Zollfrank. Agar Moskva qurollanishni davom ettirsa, 2029 yilga borib Kreml keng ko‘lamli hujumga ham qaror qilishi mumkin, deb hisoblaydi general.

2025 yil dekabr o‘rtalarida Reuters agentligi AQSh razvedka xizmatlari fikricha, Rossiya nafaqat butun Ukrainani egallash maqsadidan voz kechmagan, balki Boltiq davlatlarini ham okkupatsiya qilish variantini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi. Reuters manbalariga ko‘ra, AQSh razvedkasi xulosalari ko‘p jihatdan Yevropa maxsus xizmatlari baholari bilan mos keladi.

AQSh milliy razvedkasi direktori Tulsi Gabbard Reuters nashri ma’lumotini “yolg‘on va targ‘ibot” deb atadi, nashr manbalarini esa “urushni qo‘zg‘atuvchilar” deb baholadi. RF prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev esa Rossiyaning NATO davlatlariga ehtimoliy hujumi haqidagi xabarlarni “prezident Trampning tinchlik rejasini izdan chiqarishga qaratilgan, oldindan tashkil etilgan mediakampaniya” deb atadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid