Jahon | 11:12 / 25.12.2025
4339
6 daqiqa o‘qiladi

Axborot maydoni va frontdagi reallik – tahlilchilar nazarida

Rossiya-Ukraina urushi davom etarkan, so‘nggi haftalarda rasmiy bayonotlar bilan frontdagi real holat o‘rtasidagi tafovut yaqqol ko‘zga tashlandi. Kupyansk, Pokrovsk va janubiy yo‘nalishlardagi janglar tashabbus kim tomonida ekanini savol ostiga qo‘ymoqda. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar ushbu mavzuga turlicha pozitsiyadan nazar solishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Frontdagi mavjud vaziyat va so‘nggi o‘zgarishlar qanday?

Shuhrat Rasul: Prezident Vladimir Putin taxminan 1,5 oy avval Seversk va Kupyanskni to‘liq egalladik, ular Rossiya nazoratida deb bayonot bergan edi. Biroq vaqt o‘tib, bu gaplarning asossizligi ochiq-oydin namoyon bo‘ldi.

Kupyansk masalasiga kelsak, aynan shu shahar bo‘yicha Putinga “Kupyansk to‘liq egallandi” deb hisobot bergan 6-armiya qo‘mondoni keyinchalik o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu voqea jahon OAVlarida keng yoritildi va ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Gap shundaki, mazkur harbiy shaxsga biroz vaqt oldin Rossiya qahramoni unvoni berilgan edi. Shunday sharoitda uning o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlar jiddiy shubhalarga sabab bo‘lmoqda. Bu holatning o‘ziyoq Kupyansk bo‘yicha Rossiya tomonidan ilgari surilgan bayonotlar qanchalik ishonchsiz bo‘lganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tish kerak, Moskva Kupyansk “egallangani” haqida bir necha marotaba bayonot bergan, biroq ularning barchasi haqiqatga to‘g‘ri kelmadi. Bugungi kunda Kupyansk deyarli to‘liq Ukraina nazorati ostida. Shaharga kirib qolgan Rossiya bo‘linmalari bosqichma-bosqich yo‘q qilinmoqda.

Shunga o‘xshash vaziyat Pokrovsk yo‘nalishida ham kuzatilmoqda. Pokrovsk shahrini shimol va janubga bo‘luvchi temiryo‘l mavjud. Shimoliy qismi Ukraina nazoratida, janubiy qismi esa Rossiya qo‘lida. Ularning o‘rtasida taxminan 5 kilometrga cho‘zilgan “kulrang zona” mavjud bo‘lib, bu hudud hozircha hech bir davlat tomonidan to‘liq nazorat qilinmayapti.

Shu ikki asosiy yo‘nalish misolida aytish mumkinki, Rossiya so‘nggi qariyb ikki oy davomida faol axborot-psixologik operatsiyalar olib bordi va real vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatishga harakat qildi. Bugun esa jahon OAVlari bu bayonotlarning asossizligini e’tirof etmoqda.

Shu bilan birga, obektivlik uchun aytish kerak: Rossiyaning ayrim taktik muvaffaqiyatlari ham mavjud. Masalan, Dnipropetrovsk yo‘nalishida joylashgan Gulyaypole shahrining ayrim qismlari Rossiya tomonidan egallangani haqida xabarlar bor. Ukraina tomoni bu hududning taxminan 5 foizi qo‘ldan ketganini aytmoqda, Rossiya esa shahar yarmini nazorat qilayotganini iddao qilmoqda. Avvalgi tajribani hisobga olsak, bu borada Ukraina bergan baholar haqiqatga yaqinroq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Seversk shahar tipidagi posyolka bo‘yicha ham qarama-qarshi bayonotlar mavjud. Rossiya bu hudud egallanganini aytmoqda, Ukraina esa u yer “kulrang zona” ekanini ta’kidlamoqda. Kiyevga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari bu hududga kira olmagan, Ukraina bo‘linmalari esa u yerdan chiqib turgan bo‘lsa-da, havo nazorati orqali Rossiya kuchlarining joylashishiga yo‘l qo‘yilmayapti.

Umuman olganda, bugungi front chizig‘ida bunday kulrang zonalar ayrim joylarda 20–25 kilometrgacha cho‘zilishi mumkin. Hozirgi vaziyat qisqacha aynan shu manzarani namoyon qilyapti.

Abduvali Soyibnazarov: Kupyansk shahri atrofidagi vaziyat haqiqatan ham murakkab. Hatto Rossiyaga yaqin Z-blogerlar ham Rossiya qo‘shinlari bu yo‘nalishda qurshovga tushib qolayotgani haqida xabarlar bermoqda. Bu ma’lumotlar ma’lum darajada asosli. Rossiya ushbu shaharni egallash jarayonida katta qiyinchiliklarga duch kelgan: qo‘shinlar gaz quvurlari orqali harakatlangan, Oskol daryosini kechib o‘tgan va shahar katta yo‘qotishlar evaziga nazoratga olingan edi. Hozir savol shundaki, bu vaziyat Rossiyaning ongli taktik chekinishimi yoki u bu yo‘nalishga yetarli zaxira kuchlarini tashlay olmayaptimi, bu aniq emas.

Rossiya Kupyansk masalasiga befarq qaray olmaydi, chunki Kupyansk fronti Belgorod va Svatove yo‘nalishlari bilan chambarchas bog‘langan. Agar Kupyansk to‘liq Ukraina nazoratiga o‘tsa, Rossiyaning Luhansk yo‘nalishidagi kuchlari uchun logistika jiddiy xavf ostida qoladi. Shu bilan birga, hozircha Kupyansk butunlay Rossiya nazoratidan chiqdi degan aniq tasdiqlangan ma’lumot yo‘q. Shaharning o‘zida og‘ir janglar davom etmoqda. Biroq Rossiya bo‘linmalarining qurshovga olinayotgani haqidagi xabarlar nafaqat G‘arb OAVlarida, balki Rossiyaning o‘z manbalarida ham keng tarqalmoqda.

Janubiy frontga o‘tsak, Zaporojye yo‘nalishida, xususan Gulyaypole atrofida shahar ichida janglar olib borilayotgani haqida ma’lumotlar bor. Xerson viloyatida esa Rossiya kuchlari Dnipro daryosidagi ayrim orollarda joylashib, Xerson shahriga ehtimoliy hujum uchun platsdarm yaratishga urinayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu rejalar qanchalik amalga oshishi hozircha noma’lum.

Shuningdek, sharqiy yo‘nalishda ham vaziyat keskinligicha qolmoqda. Krasniy Liman va Konstantinovka atrofida hujumlar davom etmoqda. Pokrovsk yo‘nalishida ham shiddatli janglar kuzatilmoqda. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlari kutilmaganda Sumi viloyati bilan Kursk viloyati chegarasining ayrim uchastkalarida qarshi hujumga o‘tib, bir necha aholi punktlarini egallagani haqida xabarlar mavjud.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid