Jahon | 08:35
5855
4 daqiqa o‘qiladi

Z-blogerlar: RF armiyasi Kupyansk ustidan nazoratni yo‘qotdi

Kupyanskda RF harbiylari uchun vaziyat “juda ham yomon”, shahar ustidan nazorat yo‘qotilgan, deb qayd etdi yirik Z-bloglar. Ulardan biri frontdagi vaziyat haqida RF Mudofaa vazirligini “yuqoriga” noto‘g‘ri axborot uzatganlikda aybladi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina Qurolli kuchlari Xarkiv viloyatidagi Kupyansk shahri ustidan nazoratni qayta tikladi — bu shaharni egallagani haqida RF QK Bosh shtabi avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hisobot bergan edi. Bu haqda RF Mudofaa vazirligi bilan bog‘liq Telegram-kanal — “Rybar” 24 dekabr, chorshanba kuni xabar qildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Kupyanskda Rossiya qo‘shinlari uchun vaziyat “juda ham yomon”.

“Kupyanskning o‘zida vaziyat, yumshoq qilib aytganda, juda ham yomon, sharqiy sohilda ham xuddi shunday”, — deyiladi xabarda. Shuningdek, Oskol daryosining g‘arbiy sohilidagi “anchagina platsdarm”ning bir qismi yo‘qotilgani ta’kidlanadi. Xususan, Kondrashovka, Radkovka va Moskovka qishloqlari. Bundan tashqari, “Rybar” yozishicha, UQK sut-konserva kombinati atrofi ustidan nazoratni ham qo‘lga olgan.

Telegram-kanal ma’lum qilishicha, Kupyanskda faoliyat yuritayotgan RF armiyasining bo‘linmalaridan biri dekabr oyida “yolg‘on hisobotlarni berishga urinish” chog‘ida, noyabrda “ozod qilingan” aholi punktlaridan birining yaqinida, deyarli 150 harbiyini yo‘qotgan.

Kanal muallifiga ko‘ra, noyabr oyida Kupyansk to‘liq nazoratga olingani haqidagi ilk bayonotlar shaharda “faqat o‘ta kichik guruhlar” harakat qilayotgan paytda aytilgan. “Biroq shaharda me’yoriy mustahkamlanish — bayonotdan oldin ham, keyin ham — bo‘lmagan”, — deb xulosa qiladi “Rybar”.

Telegram-kanal, shuningdek, harbiy qo‘mondonlik “yuqoriga” uzatayotgan yolg‘on axborot frontdagi vaziyatga zarar yetkazayotganini urg‘ulaydi: “Yuqoriga vaziyat haqida noto‘g‘ri dokladlar berilishi oqibatida, Kupyanskni olish va tozalash uchun ‘kerak bo‘lmagan’ zaxiralar boshqa uchastkalarga ko‘chirib yuborildi”.

“Rybar” bayonotlarini boshqa yirik Z-bloglar ham qo‘llab-quvvatladi. “Dva mayora” kanali Kupyansk olingani haqidagi xabarlarni “axborot-psixologik operatsiya” deb atadi, unda “biz o‘zimiz o‘zimizni mag‘lub qildik” deyiladi. “Voyennyy obozrevatel” esa Rossiya harbiylari Kupyansk hududining deyarli barchasi ustidan nazoratni yo‘qotganini bildirdi.

Dekabr boshida, Amerika delegatsiyasining Moskvadagi tinchlik muzokaralari arafasida, RF QK bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Vladimir Putinga go‘yoki Volchansk egallangani va Kupyansk “olingani” haqida hisobot bergan.

O‘sha kuni UQK Kupyanskning katta qismi Ukraina nazoratida ekanini ma’lum qildi. Bu, shuningdek, DeepState ukrain tahliliy loyihasining 3 dekabr holatiga ko‘ra xaritasiga ham mos keladi.

DeepState hammuassisi Ruslan Mikula DW’ga bergan izohida, mudofaa kuchlari “jiddiy ilgarilashga ega bo‘lmagan” rossiyaliklarni siqib chiqarishga urinayotganini aytdi, shaharni qurshab olish haqida esa umuman gap ketmayotganini ta’kidladi.

Mavzuga oid