Jahon | 14:53
11959
6 daqiqa o‘qiladi

Aktrisa Brijit Bardo vafot etdi

U o‘tgan asr o‘rtalarida kino olamining asosiy yulduzlaridan biriga aylangandi.

Hulton Archive / Getty Images

Fransuz aktrisasi Brijit Bardo vafot etdi. U 91 yoshda edi.

«Brijit Bardo fondi o‘z asoschisi va prezidenti, dunyoga mashhur aktrisa va qo‘shiqchi, o‘z hayoti va kuchini jonzotlarni himoya qilish va o‘z fondiga bag‘ishlash uchun o‘zining nufuzli karerasidan voz kechishga qaror qilgan Brijit Bardo xonimning vafot etganini chuqur qayg‘u bilan ma’lum qiladi» deyiladi fond tomonidan AFP agentligiga yuborilgan bayonotda.

Aktrisa vafot etgan vaqt va joy ko‘rsatilmagan.

Brijit Bardo 1934 yil 28 sentabrda Parijda tug‘ilgan va o‘ziga to‘q oilada o‘sgan. O‘smirlik chog‘larida balet bilan shug‘ullangan, keyin esa fotomodel va aktrisaga aylangan. 14 yoshida uning birinchi fotosessiyasi bo‘lib o‘tgan va 1949 yilda ilk bor Elle jurnali muqovasida chiqqan. Shu bilan birga, u Oliy milliy musiqa va raqs konservatoriyasida tahsil olgan.

Aktrisa 1952 yilda «Normand tuynugi» komediyasi orqali kinoda debyut qiladi va bir yil o‘tib, «Manina, bikinidagi qiz» melodramasida bosh rolni oladi.

19521956 yillar oralig‘ida Bardo 17 ta filmda suratga tushadi, ammo haqiqiy yulduzlik onlari o‘z turmush o‘rtog‘i Rojye Vadim rejissyorligida ishlangan «Va xudo ayolni yaratdi» (Et Dieu… créa la femme, 1956) filmidagi bosh rol orqali keladi. U bu filmda sen-tropelik erkin ayol obrazini gavdalantirgandi.

Brijit Bardo sobiq turmush o‘rtog‘i Rojye Vadim bilan, 1961 yil
Foto: Cinema Publishers Collection / The Hollywood Archive / imago stock&people / Global Look Press

1960-yillar boshlarida Bardo bir qator mashhur fransuz filmlarida, jumladan, Anri-Jorj Klusoning «Oskar»ga nomzod bo‘lgan «Haqiqat» dramasida (1960), Lui Mallening «O‘ta shaxsiy ish» filmida (Marchello Mastroyanni bilan) va Jan-Lyuk Godarning «Nafrat» filmida (1963) rol o‘ynagan. O‘n yillikning ikkinchi yarmida Bardo Hollivud filmlarida, jumladan, «Viva Mariya!» va «Shalako» filmlarida suratga tushadi. Shu bilan birga, Bardo musiqa bilan ham shug‘ullangan.

Bardo to‘rt marta turmushga chiqqan: 1952 yildan 1957 yilgacha Vadim, 1959 yildan 1962 yilgacha Jak Shariye (undan 1960 yilda o‘g‘li Nikolas tug‘ilgan) bilan nikohda bo‘lgan.

Brijit Bardo va Jak Sharre asal oyi chog‘ida, 1959 yil (Foto: Bridgeman Images / Reuters)

1966 yildan 1969 yilgacha Gunter Saks bilan yashagan, 1992 yilda Marin Le Penning sobiq maslahatchisi Bernard d’Ormalga turmushga chiqqan. Shuningdek, filmlardagi hamkorlari Jan-Lui Trentinyan va Serj Geynsburg bilan ham ishqiy munosabatlarda bo‘lgan.

Brijit Bardo yagona farzandi Jak-Nikolas bilan (Foto: Bonnotte Jean-Pierre / IMAGO / TASS)

Bardo ko‘p o‘tmay shon-shuhrat bosimidan bezadi, u 1996 yilda Guardian nashriga bergan intervyusida shunday degandi: «Meni o‘rab turgan aqlsizlik har doim menga haqiqiy emasdek tuyulgan. Men hech qachon yulduz hayotiga tayyor bo‘lmaganman».

U 1973 yilda, 39 yoshida «Kolinoning ibratli va quvnoq hikoyasi» nomli tarixiy melodramada rol o‘ynaganidan keyin kinodagi faoliyatini yakunlaydi. U shundan keyin hayotini jonivorlarni himoya qilish harakatiga bag‘ishlaydi: 1977 yilda u tyulenlarni ovlashga qarshi norozilik namoyishlariga qo‘shiladi, 1986 yilda esa o‘z nomidagi fondga asos soladi. Bu fon hayvonlar boshpanalarini qo‘llab-quvvatlash va sterilizatsiyani moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi.

Brijit Bardo va uning assistenti Ruminiya poytaxti Buxarest shahri ko‘chalaridan birida daydi itlarga non bermoqda, 2001 yil mart (Foto: Kael Alford / Newsmakers / Global Look Press)

O‘sha yili u fond uchun kim oshdi savdosida uch million frank to‘playdi – u o‘zining qimmatbaho taqinchoqlari hamda mulklarini sotgandi. Bundan tashqari, u o‘z nomidagi ko‘chmas mulklarni ham fond ixtiyoriga beradi – Bazoshdagi uy va Sen-Tropedagi dala hovlini, shuningdek, o‘z kitobi uchun huquqni ham.

Keyinchalik Bardo Ruminiyadagi itlarning qirg‘in qilinishi, Farer orollaridagi delfinlarning o‘ldirilishi va Avstraliyadagi mushuklarning so‘yilishi kabi masalalar bo‘yicha jahon yetakchilariga norozilik maktublarini yuboradi. Aktrisaning o‘zi fond «uning hayotining ma’nosi va maqsadi» ekani va «jonivorlar unga odamlardan yaqinroqligi»ni takidlaydi.

Mavzuga oid