Jahon | 10:47
533
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaga noqonuniy kirishlar soni 2 yil ichida ikki baravar kamaydi

2023 yilda Germaniya federal politsiyasi mamlakatga noqonuniy kirishning 127 549 ta holatini qayd etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 62 526 tani tashkil etdi. 2024 yil sentabridan - chegaralarda tekshiruvlar joriy etilganidan keyin 67 918 ta urinish aniqlangan.

Foto: Daniel Karmann/dpa/picture alliance

Germaniyaga noqonuniy kirishlar soni 2025 yilda 2023 yilga nisbatan ikki baravarga kamaygan. Bu haqda GFR federal politsiyasi statistikasida aytiladi, uni 1 yanvar, payshanba kuni dpa agentligi e’lon qildi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, ikki yil avval politsiya Germaniyaga noqonuniy kirishning 127 549 ta holatini qayd etgan. Ayrim oylarda bu ko‘rsatkich 20 000 tagacha yetib borgan. 2024 yilda GFR politsiyasi mamlakatga noqonuniy kirish bo‘yicha 83 572 ta urinishni ro‘yxatga olgan, 2025 yilda esa — atigi 62 526 tani.

2024 yil sentabridan Germaniyaning barcha tashqi chegaralarida hujjatlarni tekshirish amalga oshirilmoqda, 2025 yil mayidan esa ular ayniqsa sinchkovlik bilan o‘tkazilyapti. Shu davr ichida, ya’ni 2024 yil sentabridan buyon, politsiya 67 918 ta noqonuniy kirish urinishini aniqlagan. Bunda 46 426 nafar xorijiy fuqaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri chegarada yoki chegarani noqonuniy kesib o‘tgani sabab kirish rad etilgan.

Bundan tashqari, Germaniyaga qayta kirishga taqiq qo‘yilgan 2 513 nafar xorijiy fuqaroga ham qayta kirish rad etilgan. Shuningdek, federal politsiya ma’lum qilishicha, odam savdosi/noqonuniy olib o‘tish (kontrabanda) bilan shug‘ullangan 1 945 kishi qo‘lga olingan.

Germaniya kiruvchi Shengen hududi doirasida davlatlar orasida sayohat qilganda odatda hujjat tekshiruvi nazarda tutilmaydi. GFR chegaralarida hujjat tekshiruvlari vaqtinchalik chora sifatida joriy etilgan, ammo bugungi kunga kelib uni ikki marta uzaytirishgan.

2025 yil may oyida GFRning yangi ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt mamlakat tashqi chegaralarini nazorat qilish choralarini kuchaytirgan. Shundan buyon federal politsiya chegaraning o‘zidayoq kirishni rad etish huquqiga ega bo‘ldi, jumladan boshpana so‘rash istagini bildirganlarga ham. Faqat “zaif (himoyaga muhtoj) guruhlar” — masalan, homiladorlar yoki bemorlar uchun istisno qilingan.

Mavzuga oid