Jahon | 08:44 / 02.01.2026
2826
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Xorlidagi mehmonxonaga berilgan zarbaga aloqadorligini rad etdi

Ukraina armiyasi faqat harbiy va boshqa qonuniy nishonlarga hujum qiladi, dedi Ukraina Bosh shtabi vakili Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Xorli qishlog‘idagi mehmonxonaga berilgan zarba haqidagi bayonotlarga izoh berib.

Foto: AP

Ukraina Bosh shtabi Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Xerson viloyatining Qora dengiz sohilida joylashgan Xorli qishlog‘idagi mehmonxonaga Ukraina armiyasi zarba berganini inkor etdi. Ukraina “xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qiladi va zarbalarni faqat dushmanning harbiy nishonlariga, RFning yonilg‘i-energetika majmuasi obektlariga va boshqa qonuniy nishonlarga yo‘llaydi”, — dedi 1 yanvar, payshanba kuni “Interfaks-Ukraina” agentligiga Bosh shtab vakili Dmitriy Lixoviy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun hujumlardan ko‘zlangan natija — “agressor mamlakatning harbiy salohiyatini kamaytirish”. Shu bilan birga, Lixoviy Rossiya tomoni “xalqaro hamkorlariga, Ukrainaga ta’sir ko‘rsatish va tinchlik muzokaralari jarayoniga ta’sir o‘tkazish maqsadida bir necha bor dezinformatsiya va soxta bayonotlarga murojaat qilganini” ta’kidladi.

1 yanvar kuni ertalab Xerson viloyatining qisman qo‘shib olingan hududida Rossiya tomonidan tayinlangan “gubernator” Vladimir Saldo o‘zining Telegram-kanalida taxminan yarim tunda, “deyarli kurantlar sadosi ostida”, Ukraina dronlari Xorlidagi kafe va mehmonxonaga hujum qilganini ma’lum qildi. Aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 24 kishi halok bo‘lgan, yana 29 kishi yaralangan. Halok bo‘lganlardan biri — bola.

Ta’kidlanishicha, hujumda yonuvchan aralashma quyilgan dron ishlatilgan, shu bois yong‘in kelib chiqqan va uni faqat soat 6:00 ga kelib o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan. RF Tergov qo‘mitasi “terrorchilik harakati” bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atdi. Kechqurun Rossiya tomoni, shuningdek, aniqlangan yetti qurbonning ism-shariflarini e’lon qildi. Ular orasida 17 yoshli qiz ham bor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid