Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: Mixail Fedorov Ukraina Mudofaa vazirligini boshqaradi
Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fedorov mudofaa vaziri lavozimida Denis Shmixalni almashtiradi, deb ma’lum qildi Volodimir Zelenskiy.
Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fedorov mamlakat Mudofaa vazirligiga rahbarlik qilishi mumkin. U bu lavozimda hozirgi mudofaa vaziri Denis Shmixalni almashtiradi, deb ma’lum qildi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni, 2 yanvarda kechqurun o‘zining videomurojaatida.
“Yangi mudofaa vaziri bo‘lishni Mixail Fedorovga taklif qildim. Mixail ‘dronlar chizig‘i’ masalalari bilan chuqur shug‘ullanadi, davlat xizmatlari va jarayonlarini raqamlashtirish sohasida juda samarali ishlayapti”, — deya Zelenskiy o‘z qarorini izohladi. Murojaatining oxirida u Fedorov, uning fikricha, armiyada zarur o‘zgarishlarni amalga oshirishi va unga yanada ko‘proq texnologiyalar olib kirishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Mixail Fedorov 1991 yilda Zaporijjya viloyatida tug‘ilgan. 34 yoshli Fedorov Ukraina tarixidagi eng yosh mudofaa vaziri bo‘ladi. 2019 yilda Volodimir Zelenskiyning saylov kampaniyasi davrida u raqamli yo‘nalish bo‘yicha rahbar bo‘lgan, inauguratsiyadan so‘ng esa prezidentning norasmiy maslahatchisiga aylangan. O‘sha yilda Oliy Radaga bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi saylovlarda u “Xalq xizmatkori” partiyasi ro‘yxatida 6-raqam ostida nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
2019 yil avgustda Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari va raqamli transformatsiya vaziri lavozimini egallagan. 2023 yil mart oyidan 2025 yil iyul oyigacha — bosh vazir o‘rinbosari va innovatsiyalar, ta’lim rivoji, fan va texnologiyalar vaziri bo‘lib ishlagan. 2025 yil 16 iyulda esa Yuliya Sviridenko hukumati tarkibida Ukraina bosh vaziri birinchi o‘rinbosari va raqamli transformatsiya vaziri etib tayinlangan.
Jumladan, Fedorov Ukrainada davlat xizmatlarini onlayn olish imkonini beruvchi "Diya" davlat xizmatlari servisini ishga tushirgan.
“Denis Shmixal jamoada qoladi — Ukraina jamoasida. O‘tgan yil mamlakat uchun qilgan ishi uchun unga juda minnatdorman. Ukraina Mudofaa vazirligi yaxshi natijalar ko‘rsatdi. Denis Shmixalga davlat ishlarida boshqa yo‘nalishni boshqarishni taklif qildim — bu yo‘nalish ham biz uchun barqarorlik nuqtai nazaridan ahamiyatli”, — deya xulosa qildi Volodimir Zelenskiy.
U o‘z murojaatida, shuningdek, bu kadrlar bo‘yicha o‘zgarishlar oxirgisi emasligini ham ma’lum qildi.
Mavzuga oid
16:47 / 10.06.2026
Ukraina «Flamingo» raketalari bilan Cheboksarga zarba berdi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:25 / 09.06.2026
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45 / 09.06.2026