Jahon | 18:15 / 04.01.2026
34414
9 daqiqa o‘qiladi

Maduro rejimi qulashi. So‘nggi ma’lumotlar

AQSh qo‘shni mamlakatdagi hokimiyatni qanday ag‘dargani haqida asosiy gaplar.

Foto: Pedro Mattey / AFP /Scanpix / LETA

Tramp 3 yanvar kuni kechqurun Mar-o-Lagodagi qarorgohida Venesueladagi so‘nggi voqealar yuzasidan bayonot berdi. AQSh yangi hokimiyat shakllanib, xavfsiz, haqiqiy va qonuniy tranzit ta’minlanguniga qadar «Venesuelani boshqaradi». «Biz boshqa kuchlar aralashib, vaziyat yana o‘sha ko‘p yillik holatga qaytib qolishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», – dedi u.

Tramp Amerika neft kompaniyalari Venesueladagi neft infratuzilmasini ta’mirlashini va «mamlakat uchun pul ishlashni boshlashi»ni ham aytib o‘tgan. «Biz Venesuela xalqini boy, mustaqil qilamiz. Ularni baxtli qilamiz. Venesuela barcha imkoniyatlarga qaramasdan, deyarli neft qazib olmagan. AQShdagi yirik kompaniyalar u yerga boradi va neft infratuzilmasini tiklash uchun milliardlab dollar sarflaydi», – dedi AQSh yetakchisi.

Tramp AQSh Venesuela boshqaruvini aynan qanday qilib o‘z qo‘liga olmoqchi ekaniga aniqlik kiritmadi; AQSh Karakasdagi hokimiyat organlari va ma’muriy binolarni qandaydir tarzda nazorat qilayotgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Bayonot oxirida Tramp venesuelalik siyosatchilar va harbiylarni «agar ular o‘z xalqiga nisbatan adolatli munosabatda bo‘lishmasa, Maduroning taqdiriga duchor bo‘lishlari» haqida ogohlantirdi. Trampning aytishicha,

Trampning aytishicha, harbiylar zarbalarning «ikkinchi, kuchliroq to‘lqini»ni o‘tkazishga tayyor edi, biroq, uning fikricha, bunga endi zarurat yo‘q. «Biz yangi zarbalar berishga tayyor edik, ammo bunga zarurat tug‘ilmadi. Zarurat tug‘iladigan bo‘lsa, kelgusida bunga tayyor turamiz», – degan AQSh prezidenti.

Donald Trampning matbuot anjumanida mudofaa vaziri Pit Hegset (o‘ngda ikkinchi), Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari general Den Keyn (o‘ngda birinchi) va davlat kotibi Marko Rubio ham ishtirok etdi
Jim Watson / AFP / Scanpix / LETA

Jurnalistlarning AQSh Venesuelani qanday boshqarmoqchi ekani haqidagi aniqlashtiruvchi savollariga javoban Tramp davlat kotibi Marko Rubio Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges bilan gaplashganini va u go‘yoki «Venesuelani yana buyuk qilish uchun Amerika zarur deb bilgan ishni qilish»ga rozi ekanini aytdi. Rodriges AQSh rasmiylari bilan aloqa o‘rnatgani haqidagi ma’lumot hozircha o‘z tasdig‘ini topmagan.

Tramp, shuningdek, agar zarurat tug‘ilsa, mamlakatga Amerika harbiylari kiritilishi mumkinligini istisno etmagan.

Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Karakasdan vertolyot orqali harbiy kemaga olib kelingan. «Ularni vertolyotda aviatashuvchiga keltirishgan va ishonchim komil, bu parvoz ularga yoqqan. Lekin ular ko‘plab odamlarni o‘ldirgan, buni yodda tutish lozim», – degan AQSh prezidenti matbuot anjumanidan oldin Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Madurolar oilasi kema orqali avvaliga Guantanamodagi bazaga, keyin esa FQB samolyoti orqali Nyu-Yorkka yetkazilgan. Ular 5 yanvar kuniyoq qator ayblovlar, jumladan, narkoterrorizm va kokain eksporti bilan shug‘ullanish maqsadida til biriktirish bo‘yicha sud oldida javob berishi kutilmoqda.

Tramp Fox News uchun intervyuda Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyotning ayrim tafsilotlarini ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik harbiylar mashg‘ulot o‘tkazish uchun Maduro yashagan uylardan birining aynan maketini qurishgan. AQSh prezidenti tasdiqlashicha, er-xotinni ular mustahkam himoyalangan «xavfsiz xona»ga kirib yashirinmoqchi bo‘lishganida tutib olishgan. Tramp bu voqealarni jonli efirda «xuddi teleshou kabi» kuzatib turganini aytadi. AQSh prezidenti amaliyot chog‘ida Amerika vertolyotlaridan biri zarbaga uchraganini ham ma’lum qilgan. Bir necha harbiy xizmatchi yaralangan, ammo ular Venesuelani tark etishga muvaffaq bo‘lishgan.

The Washington Post manbasi ma’lumotiga ko‘ra, amaliyotga tayyorgarlik ko‘rishda Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlari ham qatnashgan, ular Venesuela prezidenti va uning rafiqasi yashaydigan joyni aniqlashgan. Armiyaning elita toifasidagi «Delta» maxsus topshiriqli bo‘linmasining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi jangchilari amaliyotga jalb etilib, ular bir necha hafta davomida Maduroning yashash joyini o‘rganishgan, deya yozadi gazeta.

Keyinroq bu ma’lumotni AQSh Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari general Den Keyn ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaliyotda 20 ta turli harbiy bazalarda turgan 150 dan ortiq samolyot va vertolyotlar qatnashgan.

Donald Tramp operatsiyani boshlash buyrug‘ini 2 yanvar kuni AQShning sharqiy vaqti bilan soat 22:46 da bergan. AQSh qo‘shinlari esa taxminan soat 02:00 atrofida Karakasga yetib borgan.

Hujumdan keyin Maduroning tarafdorlari bayonot bera boshladi. Ular qatorida Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges (endi navbatdagi saylovlargacha prezidentlik vakolatlari vaqtincha unga o‘tadi), ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo, bosh prokuror Tarek Uilyam Saab va mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes kabilar bor. Ular Amerika hujumini qoralashdi va fuqarolarni mamlakatni himoya qilishga chaqirdi.

Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado venesuelaliklar uchun erkinlik davri kelgani haqida post yozib qoldirdi. U mamlakatni 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Maduroga raqobat qilgan, 74 yoshli Edmundo Gonsales Urrutiya boshqarishini taklif etgan. «Nikolas Maduro venesuelaliklar va boshqa mamlakatlar fuqarolariga qarshi sodir etgan dahshatli jinoyatlari uchun xalqaro sud oldida javob beradi. U muzokaralar yo‘li bilan yechim topishdan bosh tortgani tufayli AQSh qonun ustuvorligini ta’minlash haqidagi va’dasini bajardi», – degan u.

3 yanvar kuni Karakas ko‘chalari bo‘shab qoldi, bir nechta ochiq supermarketlar va dorixonalar oldida oziq-ovqat va dori-darmonlarni g‘amlab olish uchun navbatlar paydo bo‘ldi, deb yozadi El Nacional gazetasi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, metro va avtobuslar ishlamagan. Jurnalistlar xabar berishicha, hokimiyatdan ag‘darilgan prezidentning tarafdorlari Karakas markazidagi ko‘chalarga chiqib, uni mamlakatga qaytarishni talab qilishgan.

Maduro tarafdorlari Karakasdagi prezident saroyi atrofida
MIGUEL GUTIERREZ / EPA / Scanpix / LETA

2020 yildayoq Maduroga qarshi ayblov e’lon qilgan AQSh Adliya vazirligi yangi ayblov xulosasini e’lon qildi. Unda Maduro 2000-yillarda Milliy Assambleya deputati bo‘lganida kokain tashishni tashkil etishda ishtirok etgani, keyinchalik tashqi ishlar vaziri bo‘lganida (2006 yildan 2013 yilgacha) narkosavdogarlarga Venesuela diplomatik pasportlarini taqdim etgani va Meksikadan Venesuelaga giyohvand moddalar savdosidan tushgan pullarni olib ketayotgan samolyotlarga diplomatik himoya yaratishda yordam bergani aytiladi. Prezidentlik lavozimida Maduro «o‘z manfaatlari yo‘lida, hukmron rejim vakillari va o‘z oila a’zolari manfaatlari yo‘lida kokain bilan oziqlangan korrupsiyaning gullab-yashnashiga imkon bergani» qayd etilgan. Hujjatdagi boshqa ayblanuvchilar orasida uning rafiqasi Siliya Flores va «Nikolasito» va «Prins» laqablari bilan tanilgan o‘g‘li Nikolas Maduro Garra, shuningdek, ichki ishlar, adliya va tinchlik vaziri Diosdado Kabelo ham bor.

AQSh Maduro va ishning boshqa ishtirokchilarini Kolumbiyaning FARC (Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari) va ELN (Milliy ozodlik armiyasi) tashkilotlari, Meksikaning «Sinaloa» va «Los-Setas» kartellari hamda Venesuelada joylashgan «Tren de Aragua»guruhining «narkoterrorchilari» bilan hamkorlik qilishda ayblamoqda.

Mavzuga oid