Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp RFning Putin qarorgohiga zarba berilgani haqidagi bayonotiga ishonmayapti
AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq Ukraina qurolli kuchlari Vladimir Putinning Valdaydagi rezidensiyasiga ehtimoliy “hujumi”ni qoralagani, chunki “o‘sha paytda hech narsa ma’lum bo‘lmagani”ni aytdi.
Foto: Jonathan Ernst/REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp dekabr oxirida Novgorod viloyatidagi RF prezidenti Vladimir Putin rezidensiyasiga Ukraina Qurolli kuchlari go‘yoki hujum qilishga uringani haqida Moskva tomonidan aytilgan bayonotlarga ishonmasligini bildirdi. Bu haqda Amerika yetakchisi yakshanba, 4 yanvar kuni prezident samolyoti bortida OAV vakillari bilan suhbatda aytib o‘tdi.
Prezident pulidagi jurnalistlardan biri Trampga savol berar ekan, u Ukrainaning Putin rezidensiyasiga zarba bergani haqidagi xabarlardan “juda g‘azablangani”ni esladi. “Men bu zarba berilganiga ishonmayman”, — deya jurnalist so‘zini bo‘ldi Tramp.
Prezident nima uchun hujumdan so‘ng darhol shunday ruhda fikr bildirgani haqidagi aniqlashtiruvchi savolga Tramp shunday javob berdi: “Chunki o‘sha paytda hech kim (hech narsani — tahr.) bilmasdi. Bu haqda men birinchi marta eshitgan narsa shu edi. U (Putin — tahr.) uyimga hujum qilindi, dedi. Biz ma’lumotni tekshirganimizda bunga ishonmadik, lekin o‘shanda bu haqda umuman birinchi bor eshitganimiz shu edi”.
Shu brifingning o‘zida AQSh prezidentidan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi to‘xtatilishi uchun hozir qandaydir muddat (dedlayn) belgilangan-belgilanmagani haqida so‘rashdi. Tramp oxirgi muhlat yo‘qligini, biroq u mojaro tezroq yakunlanishiga umid qilishini aytdi.
Shundan keyin Tramp ma’muriyatida Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyati muhokama qilinyaptimi, degan savol berilgach, prezident so‘zni samolyot bortida bo‘lgan senator Lindsi Gremga berdi. “Biz buni har kuni muhokama qilamiz… Aytib bermaysanmi?” — dedi Tramp Gremga murojaat qilib.
Respublikachi senator o‘z navbatida, uning rejasiga ko‘ra, Ukrainada tinchlik “Putinning mijozlari”ga nisbatan “bojlar tahdidi” ostida ta’minlanishini bildirdi. Grem oktyabrda Tramp RFning neft gigantlariga qarshi sanksiyalar joriy etganini, ammo Moskvada hali ham “85 ta homiy” qolganini eslatdi. AQSh siyosiy doiralarida bir necha oydan beri muhokama qilinayotgan qonun Trampga Rossiya neftini sotib oladigan mamlakatlar mahsulotlariga 500 foizgacha bojlar joriy etish imkonini berishi kerak.
Gremning fikricha, Tramp bojlar joriy etganidan keyin Hindistonning RFdan neft xaridini kamaytirgani misoli “bu ishlaydi” degan xulosani ko‘rsatadi. Tramp senator so‘zlariga qo‘shilib, Rossiya iqtisodiyoti hozir yomon ahvolda ekanini aytdi.
Ukraina go‘yoki Putin rezidensiyasiga hujum qilishga uringani haqidagi RF bayonotlari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShga tashrif bilan kelgan va u yerda Tramp bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini muhokama qilayotgan paytda yangragan. “Ular qandaydir rezidensiya hujumga uchradi deb bayonot qilib, shunchaki (Ukraina — tahr.) poytaxtiga va davlat binolariga zarba berish uchun zamin tayyorlayapti”, — dedi Zelenskiy. U Moskva tinchlik muzokaralaridagi ilgarilashga xalal bermoqchi ekanini ta’kidladi.
RF bayonotlari to‘lqinidan bir necha kun o‘tgach, Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida New York Post gazetasining “Putinning ‘hujum’ atrofidagi shov-shuvi tinchlikka aynan RF to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatadi” sarlavhali maqolasini joylashtirdi.
1 yanvar kuni RF Mudofaa vazirligi idora ixtiyorida Vladimir Putinning Valdaydagi rezidensiyasiga hujumda go‘yoki qatnashgan ukrain dronlaridan birining kontrolleri borligini bildirdi. Idora bu kontrollerni AQShga topshirgan, ammo Trampning so‘nggi bayonotlaridan kelib chiqsa, Moskva aytganlariga nisbatan uning fikriga bu ta’sir qilmagan.
Mavzuga oid
18:55
AQSh Grenlandiyani qo‘shib olishi bo‘yicha to‘rtta ehtimoliy ssenariy sanaldi
18:54
«AQSh uchun ustuvor vazifa» – Tramp nega Grenlandiya ustidan nazoratni xohlayapti?
18:26
AQSh Venesueladan Rossiya, Xitoy, Eron va Kuba bilan aloqalarni uzishni talab qildi – OAV
18:09