Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vertikal gigantlar: muhandislik haqidagi tasavvurni o‘zgartirgan yetti bino
Dunyodagi eng baland binolar insoniyatning arxitektura va muhandislikda murakkab sinovlarni yengib o‘tish qobiliyatini yorqin namoyon etadi - ular osmono‘par imoratlar qurish chegaralarini ilgari tasavvur qilib bo‘lmas darajada kengaytiradi. Osmon sari bo‘y cho‘zgan bu inshootlar nafaqat zamonaviy megapolislar siluetini shakllantiradi, balki materiallar, loyihalash va qurilish muhandisligidagi innovatsiyalarni ham namoyish qiladi.
Dubaydagi afsonaviy Burdj-Xalifadan tortib Kuala-Lumpurdagi ultrazamonaviy Merdeka 118'gacha — ushbu yetti bino XXI asrning ulkan maqsadlari va texnik mahorat timsolidir. Har biri arxitektura g‘oyasi, muhandislik kashfiyotlari va insonning hamisha osmonga yetish istagi haqida o‘z hikoyasini so‘zlaydi.
2026 yil holatiga ko‘ra dunyodagi eng baland yetti binoni ko‘rib chiqamiz.
1) Burdj-Xalifa — Dubay, BAA (828 metr)
2010 yilda qurilishi yakunlanganidan beri Burdj-Xalifa sayyoradagi eng baland bino va zamonaviy Dubayning ramzi bo‘lib qolmoqda. Osmono‘par imorat 163 qavatdan iborat bo‘lib, unda turar joylar, korporativ ofislar, Armani mehmonxonasi, restoranlar va bir nechta kuzatuv maydonchalari joylashgan.
Skidmore, Owings & Merrill byurosi ishlab chiqqan loyiha innovatsion “tayanch-yadro” (buttressed core) tizimiga asoslangan bo‘lib, Y-shaklli rejalashtirish cho‘l guli shakli hamda islomiy me’morchilik motivlaridan ilhomlangan.
Har bir “qanot” o‘z temir-beton yadrosi va tashqi kolonnalariga ega; ular birgalikda markaziy oltiburchak ustunni tayanch bilan ta’minlab, shamol yuklamalarini sezilarli kamaytiradi va konstruksiya chidamligini oshiradi.
2) Merdeka 118 — Kuala-Lumpur, Malayziya (678,9 metr)
2023 yilda qurilishi tugallangan Merdeka 118 dunyodagi ikkinchi eng baland bino bo‘lib, Malayziya uchun alohida ramziy yutuq hisoblanadi. Minora 118 qavatdan iborat — bu raqam uning nomida ham bevosita aks etgan va binoga “vertikal milliy ramz” maqomini beradi. Foydalanishga topshirilishi Kuala-Lumpurning jahon darajasidagi super-osmono‘parlar shahri sifatidagi rivojlanishida yangi bosqichni belgiladi.
Bino bir necha funksional zonalarga bo‘lingan: yuqori qismda Park Hyatt Kuala Lumpur mehmonxonasi va ikkita The View at 118 kuzatuv maydonchasi, pastki qismida esa yetti qavatli Mall 118 savdo majmuasi joylashgan.
Mehmonxona, turizm va tijorat funksiyalarining bunday uyg‘unligi binoda doimiy faollikni ta’minlaydi va uning shahar iqtisodiyotidagi “drayver” roliga xizmat qiladi.
3) Shanhay minorasi — Shanhay, Xitoy (632 metr)
2015 yilda qurilishi yakunlangan Shanhay minorasi Xitoydagi eng baland va dunyodagi uchinchi eng baland bino hisoblanadi. 128 qavatli ushbu inshoot barqaror (ekologik) rivojlanish tamoyillarini osmono‘par imoratlar qurilishiga chuqur integratsiya qilishning namunasidir. Taxminan 47 ta “yashil” texnologiya energiya iste’molini shu ko‘lamdagi an’anaviy binolarga nisbatan 54 foizgacha kamaytirishga yordam beradi.
Minoraning spiralsimon shakli ham me’moriy, ham muhandislik yechimidir: u shamol yuklamasini kamaytiradi va seysmik barqarorlikni oshiradi. Cho‘qqiga yaqin qismida tashqi yoritish uchun elektr ishlab chiqaradigan shamol turbinalari joylashgan — bu binoga qayta tiklanuvchi energiyaga yo‘nalganlik xususiyatini beradi.
Tabiiy gazda ishlaydigan kogeneratsiya tizimi pastki qavatlarni elektr va issiqlik bilan ta’minlaydi, aqlli monitoring tizimlari esa ekspluatatsiya xarajatlari va tashlamalar miqdorini kamaytiradi.
4) Makka qirollik soat minorasi — Makka, Saudiya Arabistoni (601 metr)
2012 yilda tugallangan Makka qirollik soat minorasi Makkaning manzarasida asosiy dominantaga aylangan va 120 qavatdan iborat. Inshootning asosiy vazifasi — har yili shaharga keladigan millionlab ziyoratchilarni qabul qiladigan mehmonxona-turar joy majmuasi. Miqyosi va maqsadi unga ham me’moriy ifoda, ham chuqur madaniy ahamiyat beradi.
Konstruktiv jihatdan bino soat qismi ustida birlashadigan to‘rtta V-shaklli tayanchga suyanadi; ular konussimon po‘lat balka orqali yuklamani to‘g‘ridan to‘g‘ri pastga uzatadi. Muhandislar yuqori mustahkam po‘lat va betondan iborat kompozit elementlarni qo‘llab, og‘irlikni kamaytirgan holda ko‘taruvchanlikni saqlab qolishga erishgan.
Soat siferblatlari va arabcha yozuvlar zamonaviy kompozit materiallar va shisha mozaika yordamida ishlangani tufayli soatlar juda uzoqdan ham ko‘rinadi.
5) Ping An xalqaro moliya markazi — Shenchjen, Xitoy (599,1 metr)
2017 yilda qurib bitkazilgan Ping An moliya markazi 115 qavatdan iborat bo‘lib, Shenchjen biznes tumanining muhim elementi hisoblanadi. 2019 yilda Baland binolar va shahar muhiti bo‘yicha kengash uni dunyoda to‘liq ofislar uchun ajratilgan eng baland bino deb tan olgan.
Minora Shenchjen maxsus iqtisodiy zonasining jadal iqtisodiy o‘sishini aks ettiradi.
Qurilish 2013 yilda bir muddat to‘xtatilgan — sabab beton tayyorlashda ishlov berilmagan dengiz qumi qo‘llangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlar. Keng ko‘lamli tekshiruvlar va tuzatish ishlaridan keyin loyiha davom ettirilgan, biroq aviatsiya xavfsizligi sabab keyinroq rejalashtirilgan antenna loyihadan chiqarib tashlangan.
Shunga qaramay, bino loyiha bo‘yicha belgilangan balandlikka yetgan va hozirda ofislar bilan birga yordamchi savdo va mehmonxona funksiyalarini ham o‘z ichiga oladi.
6) Lotte World Tower — Seul, Janubiy Koreya (555 metr)
Lotte World Tower 2016 yilda qurib bitkazilgan va hanuz Janubiy Koreyaning eng baland binodir. 123 qavatli ushbu osmono‘par imorat mamlakatning jahon miqyosidagi super-osmono‘par binolar safiga qo‘shilish bo‘yicha intilishini ifodalaydi. Uning qiyofasida an’anaviy koreys keramikasi, farfor va xattotlik motivlari zamonaviy me’moriy til bilan uyg‘unlashgan.
Fasad bo‘ylab o‘tadigan vertikal “chok” vizual jihatdan minorani Seulning tarixiy markazi bilan bog‘laydi. Tashqi qobiq oq laklangan metall elementlar bilan uyg‘unlashgan yorug‘ kumushrang shishadan ishlangan bo‘lib, nozik va elegant obraz yaratadi.
O‘n qavatli stilobat maydoni bo‘yicha minoraning vertikal massasini takrorlaydi — bu ham konstruktiv barqarorlikni, ham majmuaning funksional yaxlitligini ta’minlaydi.
7) One World Trade Center — AQSh (541 metr yoki 1776 fut)
One World Trade Center — AQShdagi va butun G‘arbiy yarimshardagi eng baland bino. Uning futlardagi balandligi atayin tanlangan bo‘lib, 1776 yilga ishora qiladi va binoga me’morchilikdan tashqari ramziy ma’no beradi.
Bino, asosan, yuqori xavfsizlik talablariga mos ofis inshooti: pastki qismida savdo maydonlari, yuqori qavatlarda esa kuzatuv maydonchasi joylashgan.
Konstruktiv jihatdan u temir-beton yadroni tashqi po‘lat karkas bilan uyg‘unlashtiradi, karkas shamol, seysmik va og‘irlik yuklamalariga chidamli. Podium qismi xavfsizlikni oshirish uchun qalin beton devorlar va laminatsiyalangan shisha qovurg‘alar bilan bajarilgan.
Eng baland binolar — inson ambitsiyasi ilg‘or muhandislik fikri va me’moriy qarash bilan uchrashganda nimalarga qodir ekanini ko‘rsatuvchi barqaror ramzlardir.
Bu inshootlar balandlik rekordlaridan ham uzoqroq ma’no kasb etadi: ular shaharlar manzarasiga yangi gorizontlar beradi, megapolislarni jahon oriyentiriga aylantiradi va loyihalash, materiallar hamda qurilish texnologiyalari chegaralarini kengaytiradi.
Mavzuga oid
21:11 / 11.01.2024
Malayziyada dunyodagi ikkinchi eng baland bino ochildi
19:45 / 23.10.2021
Saylov uchastkalariga biriktirilgan binolar statistikasi ochiqlandi
00:14 / 10.02.2018
Eng mashhur avtomobil brendlarining shtab-kvartiralari bilan tanishing (fotojamlanma)
16:01 / 25.11.2016