Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Telsartan H» dori vositasining ayrim partiyasi muomaladan qaytarib olinadi
Hindistonda ishlab chiqarilgan va yuqori qon bosimini (gipertoniya) davolash uchun ishlatiladigan preparatda gidroxlorotiazid miqdorining belgilangan me’yorlardan oshgani aniqlangan.
Hindistonning Dr. Reddy's Laboratories kompaniyasiga tegishli «Telsartan H» dori vositasining ayrim partiyasi muomaladan qaytarib olinadi. Bu haqda SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xabar berdi. Ushbu dori yuqori qon bosimini (gipertoniya) davolash uchun kombinatsiyalangan preparat hisoblanadi.
Qayd qilinishicha, Dr. Reddy's Laboratories kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan sifat nazorati va barqarorlik sinovlari natijalariga ko‘ra, «Telsartan H 80 mg/12,5 mg» dori vositasining C2501976 seriyasida faol modda — gidroxlorotiazid miqdorining belgilangan me’yorlardan oshgani aniqlangan. Mazkur holat dori vositasining sifat ko‘rsatkichlariga oid nomuvofiqlik sifatida baholangan. Kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazini bu haqda xabardor qilgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hududida muomalaga kiritilgan C2501977 seriyasi bo‘yicha faol modda miqdoriga oid bunday nomuvofiqlik qayd etilmagan.
«Biroq ushbu seriya nomuvofiqlik aniqlangan seriya bilan bir xil ishlab chiqarish lotiga mansub bo‘lgan faol moddadan ishlab chiqarilgani sababli, dori vositalari muomalasi xavfsizligini ta’minlash hamda ehtimoliy xavflarning oldini olish maqsadida, profilaktik choralar doirasida bozordan qaytarib olinmoqda», deyiladi xabarda.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi C2501977 seriyadagi «Telsartan H 80 mg/12,5 mg» dorisini sotib olgan fuqarolardan uni iste’mol qilmaslikni, zarurat tug‘ilganda shifokor bilan maslahatlashgan holda muqobil dori vositasini tanlashni so‘ragan.
Mavzuga oid
19:25 / 01.06.2026
O‘limlar vodiysi – VARANASI | SUBYEKTIV
09:16 / 29.05.2026
Hindiston O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi
19:15 / 01.05.2026
MUMBAY. Xarobadagi milliardlar | SUBYEKTIV
23:36 / 29.04.2026