Jahon | 09:45 / 08.01.2026
2116
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Marinera tankeri Venesuela va Erondan neft tashigan

Marinera (Bella1) tankeri, ehtimol, RFning “soya flot”iga aloqador bo‘lib, AQSh bosh prokurori Pem Bondining aytishicha, ushlanganidan so‘ng ma’lum bo‘lishicha, uning bortida Venesuela va Erondan neft bo‘lgan.

Foto: Hakon Rimmereid / Reuters

7 yanvar kuni Shimoliy Atlantikada ushlangan va AQSh federal sudi tomonidan Amerika sanksiyalarini buzgani uchun berilgan order asosida qo‘lga olingan Marinera (Bella1) tankeri ehtimol, RFning “soya flot”iga mansub hamda Venesuela va Eron neftini tashigan. Bu haqda AQSh bosh prokurori Pem Bondining 7 yanvar, chorshanba kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

“Ushlanishdan qutulish uchun, jumladan AQSh sohil qo‘riqlash xizmati (Coast Guard)dan qochishga urinishlarga qaramay, BELLA 1 kemasi bugun ertalab ushlandi”, — deyiladi uning X’dagi postida. Bondi qayd etishicha, ushbu kema ekipaji a’zolariga nisbatan sohil qo‘riqlash xizmatining buyruqlarini bajarmaslik holati bo‘yicha keng qamrovli tergov olib borilmoqda, aybdor deb topilganlarga jinoiy ayblovlar qo‘yiladi.

Shuningdek, AQSh Adliya vazirligi shunday majburiy choralar qo‘llanishi mumkinligi nuqtai nazaridan yana bir necha kemani kuzatayotgani aytilgan. “Sohil qo‘riqlash xizmati yoki boshqa federal mansabdor shaxslarning ko‘rsatmalarini bajarmagan har qanday shaxsga — u qaysi kemada bo‘lishidan qat’i nazar — tergov boshlanadi va u qonunga to‘liq muvofiq tarzda javobgarlikka tortiladi”, — deya ogohlantirdi AQSh bosh prokurori.

Bella 1 tankeri avval Panama bayrog‘i ostida yurgan va AQSh blokadasiga qaramay, Venesuela sohillariga yaqinlashishga uringan. Dekabr oyida AQSh sohil qo‘riqlash xizmati uni ushlamoqchi bo‘lgan, ammo Rossiya, Ukraina va Hindiston fuqarolaridan iborat ekipaj talablarga bo‘ysunmagan va yo‘nalishni keskin o‘zgartirgan. Ekipaj kema bortiga RF bayrog‘ini chizgan va nomini Marinera deb o‘zgartirgan.

Tankerni ushlash operatsiyasi AQSh Adliya, Ichki xavfsizlik va Mudofaa vazirliklari ko‘magida o‘tkazilgan — bunga kemani AQSh sohil qo‘riqlash xizmati kemasi izlab topganidan so‘ng kirishilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiyada desant ishtirok etgan. Desant tankerga Rossiya harbiy kemalari va suvosti kemasi yetib kelishidan oldin chiqarilgan — ular biroz oldin Marinera tomon yo‘l olgan edi.

RF Transport vazirligi AQSh harakatlarini dengiz huquqi buzilishi deb atadi. “1982 yilgi BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasi normalariga muvofiq, ochiq dengizda erkin suzish rejimi amal qiladi va hech bir davlat boshqa davlatlar yurisdiksiyasida to‘g‘ri tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kemalarga nisbatan kuch ishlatish huquqiga ega emas”, — deyiladi Moskvadagi bayonotda. Shu ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh harbiy-dengiz kuchlari kemaga “desant tushirganidan” keyin kema bilan aloqa uzilgan.

Mavzuga oid