Jahon | 13:24 / 08.01.2026
9415
6 daqiqa o‘qiladi

AQShda Immigratsiya xizmati ofitseri 37 yoshli ayolni otib o‘ldirdi

Minneapolisda kuchaytirilgan reydlar vaqtida AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati agenti o‘z mashinasida ketib qolayotgan fuqaroga qarata 3 marta o‘q uzdi. Minneapolis meri va Kengash ICE agentlari shahardan chiqib ketishini talab qilmoqda. Donald Tramp va Kristi Noem esa ofitser o‘zini himoya qilganini aytdi.

Foto: ABC News

7 yanvar, chorshanba kuni AQShning Minneapolis shahrida o‘z mashinasida bo‘lgan ayolni immigratsiya agenti otib o‘ldirdi. So‘nggi kunlarda shaharda AQShning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) nazoratni kuchaytirgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va Reuters tomonidan tasdiqlangan videoda krossover yo‘lni qisman to‘sib turgani ko‘rinadi. Dastlab ushbu mashina haydovchisi oldinga siljigan va boshqa mashinani o‘tkazib yuborish uchun to‘xtaydi.

Shundan keyin haydovchi oynani tushirib, yaqinlashayotgan boshqa pikapga ham o‘tib ketishni ishora qiladi. Ammo pikap to‘xtaydi va undan ICE ofitserlari tushib, avtomobilga piyoda yaqinlashadi.

Ofitserlardan biri haydovchiga tushishni buyurgan va eshik tutqichiga yopishgan paytda mashina ortga tisarilgan. Uchinchi agent esa uning yo‘lini to‘sish uchun mashinaning oldiga o‘tadi.

Shundan so‘ng haydovchi o‘ngga burilib, agentlardan qochib ketishga urinayotgandek oldinga yuradi. Mashina oldida turgan agent esa qurolini chiqarib, orqaga chekinadi va haydovchiga qarata 3 marta o‘q uzgan.

Foto: Reuters

Videoda avtomobilning old bamperi uning oyog‘iga yaqinlashgani ko‘rinadi. Mashina ICE ofitseriga tegdimi-yo‘qmi, aniq emas, biroq ofitser butun voqea davomida yiqilmadi va mashina o‘tib ketganidan keyin ham o‘q uzdi.

O‘qlardan keyin mashina tezlashib, to‘xtab turgan boshqa mashinalar va ustunga urilib to‘xtadi. Rulda bo‘lgan 37 yoshli ayol Nikol Gud halok bo‘ldi. Ofitser esa shifoxonada ko‘rikdan o‘tkazilib, chiqarib yuborilgan.

Shaharda noroziliklar boshlandi

Minnesota shahar kengashi halok bo‘lgan ayolning Rene Nikol Gud ekanini aytdi. «U ertalab qo‘shnilariga yordam berib yurgan edi va bugun uning hayoti federal hukumat qo‘lida yakunlandi», deb bayonot berdi. Kengash ICE shahardan darhol chiqib ketishini ham talab qildi.

Foto: ABC News

Dron tasvirlariga ko‘ra, shaharning markaziy mavzesidagi otishma bo‘lgan joyga minglab odamlar to‘plangan. Ayrim joylarda namoyishchilar og‘ir qurollangan federal agentlar bilan to‘qnashgan.

Foto: ABC News

Reutersʼning yozishicha, Trampga muxoliflar bir nechta shaharlarda norozilik namoyishlariga chaqirdi. Bu o‘lim – federal kuchlarning demokratlar boshqarayotgan shaharlarga yuborilishi fonida milliy keskinlik nuqtasiga aylanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

«O‘zini himoya qilishmi yoki provokatsiya?»

Minneapolis meri Jyeykob Frey Tramp ma’muriyatining agent o‘zini himoya qilish uchun o‘q uzgan degan bayonotini qat’iyan rad etdi.

«Ular buni allaqachon o‘zini himoya qilish harakati sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Men videoni o‘zim ko‘rdim va hammaga bevosita aytmoqchiman — bu bema’ni gap», dedi ochiqchasiga g‘azablangan Frey matbuot anjumanida.

Frey federal immigratsiya agentlarini shaharda tartibsizlik chiqarishda ayblab, ICE’ga qarata: «Minneapolisdan yo‘qolinglar», dedi. Shu bilan birga, u aholini xotirjamlikka chaqirdi. Minnesota, Vashington va boshqa joylardagi demokrat rahbarlar ICE operatsiyasini keraksiz provokatsiya va fojia bilan yakunlangan harakat deb atamoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp ayol «ICE ofitserini zo‘ravonlik bilan bosib o‘tdi va bu «o‘zini himoya qilish uchun» o‘q uzganini ko‘rsatadi», deb yozdi.

Foto: Reuters

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemga ko‘ra, Gud agentlarni kun bo‘yi kuzatgan, ularning mashinasini to‘sib qo‘ygan va yo‘ldan chekinish haqidagi buyruqlarga bo‘ysunmagan.

«Keyin u mashinasini qurolga aylantirdi va huquq-tartibot xodimini bosib ketishga urindi», dedi Noem va mashina ofitserga urilganini aytdi. Noem ofitser tajribali ekanini va «o‘rgatilganiga amal qilganini» aytdi.

Shuningdek, u buni ichki terrorizm sifatida baholadi va hodisa FQB tomonidan tergov qilinayotganini bildirdi. Shtat rasmiylari ham alohida tekshiruv boshlagan.

Foto: Bloomberg

Politsiya boshlig‘iga ko‘ra, halok bo‘lgan ayol immigratsiya operatsiyalarining nishoni bo‘lmagan: Gud shu hududda istiqomat qilgan.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining ma’lum qilishicha, Minnesotada 2 000 ofitser jalb qilingan «tarixdagi eng yirik operatsiya» o‘tkazilmoqda. Unda «firibgarlar, qotillar, zo‘ravonlar va jinoiy to‘dalarni» qo‘lga olish maqsad qilinganini bildirdi. 

Mavzuga oid